www.ziyouz.com
кутубхонаси
74
ishqimga asir bo'lgan kishilarning hammasi biron kasb egasidirlar. Har kim o'z sohasida
mahorat ko'rsatib, o'z hunaridan bir ishni bunyod etsin. Hamma shu ish bilan
shug'ullansin. Agar kimning ishi mening ko'nglimga xush kelsa, u kishini o'z mulozimim
qilay. Uni bazmlarimda ulfatim etib, suhbatlarimda hamdardim va hamrohim qilay. Agar
qilgan ishi ko'nglimga yoqmasa bo'ynini uzib, ko'p azob-uqubatlar bilan o'ldiray!" Kasbi
kori zulm bo’lgan shoh shunday hukm etdi.
Oshiqlar oldida katta imtihon ko'ndalang bo'ldi. El uning va'dasidan umidvor bo'lib,
o'z ishlarini bajarishga kirishdilar. Hamma fozillar, ilmu hunar ahllari barcha ishdan voz
kechgan holda kecha-kunduz tinmay harakat qilib, shoh buyurgan ishga mashg'ul
bo'ldilar. Olim kitob yozmoq niyatida, bastakor yangi kuy yaratish istagida bo'ldi. Shoir
zamona shohi nazar qihshga arzirli madhiya yozishga urindi. Munshiy men yozgan
nomani shoh pisand etarmikan, degan o'y bilan xat yozishga qalam olib, shohni vasf
etishga kirishdi. Zargar o'z hunarini ishga solib, shohga loyiq oltin kamar yasamoqchi
bo'ldi. Kiyim tikuvchi o'z ustaxonasiga borib, shoh kiyishi uchun zarbof to'n tikmoqqa ish
boshladi. Duradgor, shunday bir taxt yasayki, bu taxtga saodatli shoh chiqib o'tirsin,
degan o'y bilan taxt hozirladi. Kamon yasovchi yoyim zora shohga yoqib tushsa, deb o'z
san'atiga band bo'ldi. O'qchi ham ko'p mashaqqatlar ila ehtimol bu shoh ko'ngliga xush
yoqarmikan, deb o'q yasashga kirishdi.
Xullas, shahardagi kattayu kichik - barcha kishilarning har biri o'z ishiga berilib,
qilgan ishim zora shohga ma'qul tushib, u meni o'z mulozimligiga chorlasa, degan
niyatda o'z ishiga zo'r berdi. Ular o'zlari chekkan shuncha mashaqqat-lari natijasida
qilgan ishlarining shohga yoqib, bundan murod-maqsadlariga erishmoqchi bo'ldilar.
Bir kecha shoh xalq qilgan ishlarni ko'zdan kechirish uchun o'z dargohidan chiqdi. Bir-
ikki xizmatkor mahrami bilan xuddi o'g'rilar kabi yashirincha shahar tomon yo'l oldi. Shu
tarzda u el qilgan ishlarni birma-bir ko'zdan o'tkazib, hamma ishni ko'rib chiqdi. U
oliysifatli shoh qaysi bir ishga nazar tashlamasin, o'ziga-o'zi: "Bundan bizning
xazinamizda ham bor, balki u yerda bundan yaxshirog'i ham bisyor!" deb aytar edi.
Yura-yura oxiri u bir g'arib — bechora turgan joyga yetishdi. Bu kishi oshiq bo'lib,
nihoyatda ozor chekkan, aftoda bir holatda edi. Ishq uni jonidan noumid qilgan, hajr
bedodi sevgan kishisidan umidsiz bir ko'yga tushirgan edi. Bu notavon har zamon
bag'ridan tomayotgan qonlarni ko'z yo'llari orqali har tomonga oqizardi. Ko'zdan oqqan
qon yoshlari bilan tufroqqa belangancha yotar, bu mushkul holatda qiynalgan ko'ngli
go'yo yarim so'yilgan qushdek iztirob chekardi. Har dam o'zgacha bir nolayu afg'on qilar,
u chekkan ohu nola va faryoddan el ko'ngli buzilardi. Ishq tig'i uning xasta ko'nglini chok
etgan, ko'nglidan o'zligini siqib chiqargan edi. Ishq javridan u shunchalik uqubat
chekkan ediki, bundan uning vujudi yo'q bo'layozgan edi. Bu fano uni tuproqqa og'ushta
qilib, hatto badanidagi har bitta tukka yuz shikast yetkazgan edi.
U shu holatda o'ziga-o'zi shunday derdi:
— Har kimsa o'z sohasida oshuftahollik bilan mahorati kamolotini ko'rsatadi. Ertaga
ular shoh bazmida qatnashib; shoh ularning har biriga lutfu marhamatlar izhor etadi.
Menda esa ohu dard chekishdan bo’lak o'zga tuhfa yo'q. Men ularga qanday qilib sherik
bo'la olaman?!
Shohda yo lutf bo'ladi, yo siyosat. Men bechoraga ham u o'z dargohiga borish uchun
ruxsat bersa. Ammo men uning lutfu ehsoniga loyiq emasman, hattoki siyosat qilishga
ham arzimayman. Koshki edi u siyosat tig'ini surib, o'z qilichini bo'ynimga yetkarsa,
menga shu sharafning o'zi kifoya! Bundan o'zga maqsadim ham yo'q...
Lekin men shunchalik e'tiborsizmanki, hatto uning meni qatl qilishiga ham ishonchim
komil emas. E voh, mendagi dardu alam kuchayib, halokatli tus olmoqda, bundan o'z
holimga motam tutmoqdaman!
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |