www.ziyouz.com kutubxonasi
6
Jamila botib borayotgan quyoshdan ko’zini uzmay, indamay qoldi, keyin go’yo menga emas, o’zi-
ga gapirayotgandek, yana shunday dedi:
— Bunday kishilar ko’nglingdagini bilarmidi... Buni hech kim bilmaydi. Xudo bilsin, bunday
erkaklar dunyoda yo’qdir ham!
Men aravani qaytarishga ham ulgurmasdan qarasam, Jamila allaqachon narigi tomonda ishlayotgan
kelinlar oldiga yugurib borib, ular bilan chaqchaqlashib, quvalashib yuribdi. Olovdek tovlanib turgan
kechki shafaqqa qarab ko’ngli ochildimi yoki bugun yaxshi ishlaganidan xursand bo’ldimi, bilmadim,
har qalay, kayfi chog’ edi. Xashak ortilgan arava usti-da o’tirar ekanman, Jamilaning qo’llarini keng
yoz-gancha oppoq durrasini hilpiratib chopib borayotganini ko’rib, ko’nglim ancha taskin topdi: «Ha,
Usmon o’zi kimu uning so’zi nima boiardi?»
— Chuh, jonivor, chuh! — deb otga qamchi urdim.
Brigadir O’rozmat og’a aytgandek, sochimni oldirib ketayin, deb otamning ustaxonadan qaytishini
kutdim. Lekin u kelguncha bekor olirmay, deb Sodiq akamning xatiga javob yozdim.
Darvoqe, xat yozishda bizlarning o’zimizga xos bir taomilimiz bor. Harbiydagi akalarim xatni
otamning nomiga yozishardi, pochtalon bo’lsa ularni onamgaberardi, xatlarni o’qib berish, ularga
javob yozish mening vazifam edi. Xatni o’qiy boshlashim bilanoq unda nimalar yozil-ganini darrov
bilib olardim. Chunki hamma xatlar egiz qo’zilardek bir-biriga o’xshardi. Sodiq akam har doim xatni
«Sog’inchli salom xat» degan so’zdan boshlardi. Keyin: «Yetib malum bo’lsinki, u tomonda, ya'ni
gullab-yashnayotgan Tolosning salqin havosida sog’-salomat, o’ynab-kulib yurgan jondan aziz,
mehribon otajonim Yo’lchiboyga», — deb salomni otamdan boshlardi, keyin katta oyimni, so’ngra
ishchan oyimni, ana undan keyin qavm-qarindoslilarimizning sog’lig’ini so’rab, eng oxi-rida:
«shuningdek xotinim Jamila ham eson-omon yuribdimi?» — deb bir og’iz qistirib o’tardi.
Ota-onasi, qavm-qarindoshlari turganda dastlab xotinini esga olish, xatni uning nomiga yozish
odobdan emas, albatta, bu narsa faqat Sodiqqa emas, balki, umuman erkak zotiga to’g’ri kelmaydi.
Biroq biz shu ikki enlik xat olib turganimizga ham ming qatla shukr qilamiz, ovuldagilar uchun bu bir
katta baxt edi. Oyim xatni menga ikki-uch marta o’qitib olgandan keyin, qozon-tovoq, issiq-sovuqqa
uraverib yorilib ketgan qollariga olib, go’yo uchirib yuborishdan qo’rqqandek uni avaylab uchburchak
qilib buklab qo’yardi.
— E-e, tumordek xatlaringdan onang aylansin, — derdi u ko’ziga yosh olib, og’ir xo’rsinib. —
Ota-ona, qarindoshlarning ahvolini so’raydi-ya! Axir, biz uydamiz-ku, bizni jin urarmidi! Baxtimizga,
ishqilib, sizlar omon bo’linglar, xudo o’z panohida saqlasin. Ikki enlik xat yozib: sog’-salomat
yuribman, deb qo’ysalaring, shuning o’zi ham katta g’animat.
Oyim xatga yana biroz termilib qarab turardi-da, so’ngra uni sandiqdagi xatlar saqlanadigan
xaltachaga yashirib qo’yardi.
Agar shu payt Jamila uyda bo’lib qolsa, u ham xatni bir karra ichida o’qib chiqardi. Jamila har
safar xatni qo’liga olishi bilan o’z-o’zidan qizishib ketar, uni harislik bilan tez-tez o’qiy boshlardi.
Lekin xatning oxiriga yaqinlashgan sayin yuzidagi quvonch alangalari so’nib, rangi o’chib, qoshlari
yana chimirilib qolardi.
Ba'zida xatni oxirigacha o’qib chiqishga ham sabri chidamay, hafsalasi pir bo’lardi-yu, g’ing
demasdan, go’yo qarz olgan narsasini qaytarib berayotgandek bo’shashib, xatni oyimning qo’liga
tutqazardi.
Xat saqlanadigan xaltachani sandiqqa bekitarkan, kelinining tumshayib qolganini payqagan oyim
unga tasalli bergan bo’lardi:
— Xabar kelganiga quvonish o’rniga xafa bo’lganing nimasi, bolam. Yoki faqat sening kuyoving
askarlikka ketganmi? Barchaga barobar musibat, sabr qil... Ko’z ochib ko’rgan yorini kim sog’inmaydi
deysan, Sog’insang ham sir boy berma, ichingda saqla.
Jamila bo’lsa miq etmasdi. Lom-mim demasa ham, parishon chehrasi go’yo: «Eh, koshki edi
tushunsangiz!» deyayotgandek bo’lardi.
Jamila (qissa). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |