www.ziyouz.com
kutubxonasi
1
ISLOM KARIMOV
DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI
YANADA CHUQURLASHTIRISH VA
FUQAROLIK JAMIYATINI
SHAKLLANTIRISH —
MAMLAKATIMIZ TARAQQIYOTINING
ASOSIY MEZONIDIR
19
ISBN 978-9943-01-746-7
Toshkent
«O‘zbekiston»
2011
www.ziyouz.com
kutubxonasi
2
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 19
YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI
TABRIK SO‘ZI
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun go‘zal va betakror yurtimizda buyuk ayyom, katta tantana.
Xalqimiz asrlar davomida orziqib kutgan o‘z milliy mustaqilligining o‘n
to‘qqiz yillik bayramini baland ruh va xursandchilik bilan kutib olmoqda.
Haqiqatan ham barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz bo‘lgan ana shu
bayram bilan siz azizlarni, sizning timsolingizda butun xalqimizni chin
qalbimdan tabriklash men uchun katta baxtdir.
Aziz do‘stlar!
Bugun, shu qutlug‘ ayyom arafasida Vatanimiz ozodligiga erishish,
hech kimga tobe va qaram bo‘lmasdan, o‘z taqdirimizni o‘z qo‘limizga
olib, yurtimiz boyliklariga, uning tabiiy, iqtisodiy va intellektual
salohiyatiga ega bo‘lish, bir so‘z bilan aytganda, ham siyosiy, ham
iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida xalqimiz qanday og‘ir va
mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgani beixtiyor ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.
Biz bu yo‘lda har qanday murakkab va tahlikali sinovlar, to‘siq va
g‘ovlardan o‘tib, yovuz va zo‘ravon harakatlar oldida bosh egmasdan,
qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytmadik, ezgu
maqsadlarimizga yetish uchun qat’iyat va matonat bilan qadam qo‘ydik.
Bugun mustaqil taraqqiyot yillarida bosib o‘tgan, oson kechmagan
yo‘limizni, amalga oshirgan ishlarimizni, erishgan yutuq va marralarimizni
sarhisob qilar ekanmiz, hech shubhasiz, xolisona bir xulosaga kelishimiz
tabiiydir.
Ya’ni, bundan o‘n to‘qqiz yil oldin yurtimizda erkin va mustaqil
demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurish, iqtisodiyotimizni
keskin va chuqur isloh etish, aholimiz manfaatlarini himoya qilishga
qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilgan
azmu qarorimiz yakkayu yagona to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi
tasdiqlab bermoqda.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
3
Buning isbotini avvalo shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zi va
oilasi, yaqinlari misolida, shahar va qishloqlarimiz, butun
mamlakatimizning har tomonlama rivojlanib, obod bo‘lib borayotgani
misolida yaqqol ko‘rishi mumkin.
Buning tasdig‘i sifatida hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy–
iqtisodiy inqirozining salbiy ta’siriga qaramasdan, O‘zbekiston dunyodagi
sanoqli davlatlar qatorida iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishning yuqori va
barqaror sur’atlarini namoyon etmoqda.
Oxirgi ikki yil davomida mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sish darajasi
mos ravishda 9 va 8,1 foizni tashkil etgani, bu yil esa 8,5 foizni tashkil
etishi kutilayotganining o‘zi ko‘pchilikning hayrat va havasini
uyg‘otmoqda.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan marralarni o‘zimizga
tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarni keltirish o‘rinli deb bilaman.
1990 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotimizning o‘sishi taxminan 3,5
karra, aholi jon boshiga hisoblaganda, 2,5 barobar oshgan, o‘rtacha oylik
ish haqi esa shu yilning oxirigacha qariyb 500 AQSH dollarini tashkil
qilib, taxminan 14 karraga ko‘payadi.
Yana bir raqam – Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va
yurtimizda inson salomatligini asrash, unga munosib sharoit yaratish va
g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uzluksiz o‘sib borayotganining tasdig‘i sifatida
aholimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi so‘nggi yigirma yil davomida
67 yoshdan 73 yoshga yetganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi.
Hammamiz yaxshi tushunamiz: bunday natijalarga albatta bir-ikki yil
mobaynida erishib bo‘lmaydi.
Bu marralarni biz mustaqillik yillari davomida xalqimizning kundalik
mashaqqatli va o‘ta og‘ir mehnati evaziga qo‘lga kiritganmiz.
Shuning uchun bu mo‘tabar zaminda istiqomat qilayotgan har bir
yurtdoshimiz bu yutuqlardan g‘ururlanib-faxrlanib yashashga to‘la
haqlidir.
Qadrli yurtdoshlarim!
Bizning eng ezgu maqsad-muddaomiz – dunyodagi taraqqiy topgan
demokratik davlatlar qatoriga kirishdan iboratdir. Buning uchun o‘z
mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra bir-biriga teng, bir-birini to‘ldiradigan ikki
hal qiluvchi vazifani amalga oshirish bizning doimiy e’tibor markazimizda
turishi zarur.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
4
Birinchidan, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni va olib
borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy-ijtimoiy
o‘sishimiz va texnologik rivojlanishimiz sur’atlarini yuksaltirish hisobidan
Vatanimiz taraqqiyoti va aholimiz farovonligini munosib darajaga
ko‘tarishdir.
Ikkinchidan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va
erkinlashtirishni, siyosiy-huquqiy va iqtisodiy tizimni demokratik
yangilashni, yurtimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishni davom
ettirishdir.
Biz bugun mana shunday buyuk maqsadlarni oldimizga qo‘yar
ekanmiz, chuqur anglab olishimiz zarurki, bunday orzu-intilish
mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab olib borayotgan
siyosatimizning mantiqiy va qonuniy davomi bo‘lib, butun xalqimizdan
tinimsiz mehnat va kuch-g‘ayratni safarbar etishni talab qiladi.
Shu bilan birga, bu vazifa zamon o‘zgarishi bilan har birimizdan
dunyoqarashimiz, ongu tafakkurimizni, siyosiy va huquqiy saviyamizni
yuksaltirish, yon-atrofimizda bo‘layotgan voqealarga daxldorlik tuyg‘usini
yanada kuchaytirishni, sodda qilib aytganda, bu go‘zal va betakror yurt –
men uchun yagona Vatan, uning boshidan kechirayotgan quvonch va
tashvishlari – mening quvonch va tashvishlarim, deb, shunday hissiyot
bilan yashashni talab qiladi.
Shu borada mening eng katta umidim va ishonchim – mana shu
muhtasham maydonga chiroy berib o‘tirgan siz aziz farzandlarimda,
sizning timsolingizda bugun quvvatga to‘lib, hech kimdan kam
bo‘lmayman, deb, zamonaviy bilim va tajribalarni egallashga bel
bog‘lagan, tobora hal qiluvchi kuch bo‘lib hayotga kirib kelayotgan yosh
avlodda, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi. Bunday avlodni hech qachon
yengib bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda 2010 yilga “Barkamol avlod yili” deb nom
berganimizning o‘zi aynan shunday ezgu orzu-niyatlarimizni amalga
oshirish yo‘lida, hech shubhasiz, yana bir qat’iy qadam bo‘lib qolajak.
Ishonchim komil, ko‘pni ko‘rgan, boshidan ko‘p sinovlarni o‘tkazgan
xalqimiz chuqur anglaydiki, bunday yuksak vazifalar va olijanob orzu-
niyatlarimizni amalga oshirish uchun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik
va osoyishtalikni, osuda hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrash,
jamiyatimizdagi millatlar va dinlararo totuvlik va bag‘rikenglikni yanada
mustahkamlashimiz darkor.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
5
Eng muhimi, mintaqamizda, yaqin yon-atrofimizda yangi qarama-
qarshilik va tajovuz o‘choqlarini alanga oldirishga harakat qiladigan har
qanday kuchlardan doimo sezgir, ogoh va hushyor bo‘lib, bunday
urinishlarning oldini olish va bartaraf etishga tayyor turishni bugungi
notinch va tahlikali zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, jahon hamjamiyati bilan hamkor
bo‘lib yashashni, barcha uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va
o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashni biz hamisha eng
dolzarb vazifa deb bilganmiz va bunday siyosatni albatta izchil davom
ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda bayram quvonchini biz
bilan baham ko‘rayotgan xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro
tashkilotlarning vakillariga, muhtaram mehmonlarimizga xalqimiz
nomidan hurmat-ehtirom bildirib, dunyodagi barcha do‘stu
hamkorlarimizga samimiy salom va tilaklarimizni yo‘llashga ruxsat
bergaysiz.
Aziz va qadrli vatandoshlarim!
Shu munavvar oqshomda hammangizni Mustaqillik bayrami bilan
yana bir bor qutlar ekanman, avvalambor, yurtimizni tinch-omon saqlab,
asrab kelayotgan, ezgu ishlarimizga o‘zi madadkor bo‘lgan
Yaratganimizga shukronalar aytib, erishgan barcha yutuq va
marralarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lmish xalqimizga bosh egib
ta’zim qilaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu
baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
www.ziyouz.com
kutubxonasi
6
Do'stlaringiz bilan baham: |