Islom Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
14
yerlarini vaqfga ajratib, masjid va madrasalar qurdirgan. Sunniylar va shialar o‘rtasidagi
nizolarni bartaraf qilgan.
ABU YUSUF, to‘liq ismi Yoqub ibn Ibrohim al-Kufiy al-Ansoriy (731-798 yoki 804) -
faqih, islomdagi dastlabki qozi ul-quzzot. Kufada, kambag‘al oilada tavallud topgan. 13
yoshida Kufa qozisi mashhur faqih Ibn Abi Laylodan fiqhdan saboq olgan, oradan 9 y.
o‘tgach, Abu Hanifaga. shogirdlikka o‘tib, 15 y.ga yaqin uning shogirdi va eng yaqin
yordamchisi bo‘lgan. Boshqa shogirdlar, ayniqsa Zufar al-Huzayl bilan birgalikda A.Yu.
fiqh nazariyasini ishlab chiqishda qatnashgan. Abu Hanifa vafotidan so‘ng
Iroqdagi
ulamolar davrasida ustozi o‘rnini egallab, uning ishini davom ettirgan. Xalifa al-Mahdiy
(775-785) A.Yu.ni Bag‘dod qozisi etib tayinlagan, xalifa Horun ar-Rashid (786-809) esa,
unga qozi ul-quzzot mansabini berib, butun xalifalikdagi barcha qozilarni tayinlash va
qozilar qarori yuzasidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish huquqini bergan. Bunday
yuksak martaba A.Yu.ga Abu Hanifaning nazariy qarashlarini amaliyotda keng qo‘llash
imkonini bergan, bu esa, hanafiylik mazhabining tarqalishi va mustahkamlanishiga
xizmat qilgan. A.Yu. "Kitob al-xiroj" ("Soliq haqida kitob") asarining muallifi bo‘lib, u
Horun ar-Rashidning soliq,
yer va suvdan foydalanish, davlat boshqaruviga oid
savollariga berilgan batafsil javoblaridan iborat. A.Yu.ning shogirdlaridan Muhammad
ash-Shayboniy uning maslahat va ma’lumotlaridan keng foydalanib, Abu Hanifa
ma’naviy merosini to‘plagan va bir tizimga solgan. Boshqa bir shogirdi esa Ahmad ibn
Hanbal bo‘lgan. A.Yu.ning qarashlari Muhammad ash-Shofi’iyga katta ta’sir ko‘rsatgan.
ABU QATODA, to‘liq ismi Abu Qatoda al-Haris ibn Rab’iy al-Ansoriy as-Sulamiy (taxm.
604-674) - ansori kiromdan va Paygambar (sav)ning suvoriylaridan biri. Rasuli
Akramdan 170 hadis rivoyat etgan. Bulardan 21 tasida Buxoriy va Muslim hamfikrdirlar.
Faqat Buxoriyda 2, Muslimda 8 hadisi bor. Qolgani boshqa kitoblardadir. Madinai
munavvara yoki Kufada vafot etgan.
ABU HANIFA, Nu’mon
ibn Sobit al-Kufiy; Imomi A’zam (699 - 767) - ilohiyotchi,
fiqhshunos, muhaddis, ulug‘ imom, hanafiylik mazhabi asoschisi. Kufada tug‘ilgan.
"Imomi A’zam" (buyuk imom) - ulug‘ligi e’tirof etilib berilgan unvon. O’ziga to‘q,
zodagon oiladan bo‘lib, olim va fozil insonlar orasida voyaga yetgan. Otasidan qolgan
katta boylikni ilm yo‘lida sarf etgan. Yoshligidayoq Qur’onni yod olgan. Kalom ilmi va
mantiqni o‘rgangan. 22 yoshida iroqlik ulug‘ alloma, ilohiyotchi Hammod ibn Abu
Sulaymonga shogird tushib, uning ta’limini olgan. Keyin Kufa va Basraning eng obro‘li
faqihi bo‘lib yetishgan va o‘zi shogirdlar tarbiyalagan. Kamtar, mehribon va o‘ta
saxovatli, nihoyatda taqvodor inson sifatida hurmat qozongan. Uning qirq yil mobaynida
xufton tahorati bilan bomdod namozini o‘qigani, 55 marta haj qilgani haqida rivoyat bor.
747-48 y.larda A.H. Iroq hokimi ibn Hubayra ta’qibidan qochib Makkaga ketgan.
Abbosiylar
hokimiyat tepasiga kelgach, Iroqqa qaytib ulamolik faoliyatini davom
ettirgan. Xalifa al-Mansur (754-775) unga yanga poytaxt Bag‘dodda qozilik yoki boshqa
istagan yuksak lavozimni taklif qilgan. Biroq A.H. bu taklifni qat’iyan rad etgan. Shunda
Mansur uni qamab, turli qiynoklarga solgan. A.H. ko‘p o‘tmay Bag‘dodda vafot etdi.
Mansur A.H.ga zahar ichirgan va u shu sababdan shahid bo‘lgan, degan rivoyat ham
bor.
A.H. fiqhiy ilmni birinchi bo‘lib tasnif qilib, uni boblarga ajratib,
tartibga solgan va kitob
Islom Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
15
shakliga keltirgan. A.H.ning ilmi kalom, fiqh, hadis, sarfga oid bir necha kitoblari bo‘lib,
ular jumlasiga "Kitob as-salot" ("Namoz ahkomlari kitobi"), "Kitob al-Manosik" ("Haj
kitobi"), "Kitob ash-shurut" ("Shartnomalar haqida kitob"), "Kitob al-faroiz" ("Meros ilmi
haqida kitob"), "Kitob al-olim val-mutaallim" ("Ustoz va shogird haqida kitob"), "Kitob
al-fiqh al-akbar" ("Katta fiqh kitobi"), "Kitobi al-vasiya" ("Vasiyatnoma kitobi") va b.
kiradi.
A.H. faqihlarning ustozi, imom Shofi’iy ta’biri bilan aytganda, "barcha odamlar fiqhda
uning boqimandalari" edi. Hech qanday shubhaga o‘rin qolmaydigan darajadagi aniq
hujjat va dalillar asosida hukm chiqaradigan olim bo‘lgan. A.H.ning bulardan tashqari
hadis sohasida ham asarlari mavjuddir. O’rta asr faqihi
Abul Muayyad Muhammad ibn
Mahmud Xorazmiy A.H. musnadlarini jam qilib, kitob shakliga keltirgan, 1907 y.da
Misrda chop etilgan bu kitoblar zamonlar osha musulmonlar tayanadigan ilmiy manba va
asos bo‘lib kelmoqda.
A.H.dan ta’lim olgan shogirdlar zamonasining yetuk peshvolari bo‘lib yetishgan. Ulardan
biri Abu Yusuf bo‘lib, Horun ar-Rashid davrida qozilik vazifasida ishlagan. Ikkinchi
shogirdi imom Muhammad ibn Hasan o‘z navbatida imom Shofi’iyga ta’lim bergan.
Hadislarni saralashda nihoyatda mohir bo‘lgan, har bir masalani dalil bilan isbotlay
oladigan Zufar ibn Huzayl ham A.H.ning ko‘zga ko‘ringan izdoshlaridandir. Yana bir
shogirdi Hasan ibn Ziyod A.H.ning "Al-Mujarrad", "Qozining odobi", "Nafaqalar", "Faroiz"
(Meros ilmi), "Xislatlar" kabi kitoblarini yozib tugatgan. A.H.ning o‘g‘li Hammod va
nabirasi Ismoil ham shar’iy ilmlar borasida yetuk alloma bo‘lganlar,
turli shaharlarda
qozilik mansabida ishlagan. Xurosonda birinchi bo‘lib hadisni yozib olgan Abdulloh ibn
Muborak ham A.H.dan ta’lim olgan. Movarounnahrdagi mamlakatlarda va dunyoning
boshqa ko‘pgina joylarida musulmonlar A.H. mazhabi qoidalari asosida ibodat qiladi.
ABU XAFS KABIR Buxoriy (767 - Buxoro - 832) - islom olamining buyuk fiqhshunos
olimi. Imom Buxoriyning zamondoshi. Buxorodan Bag’dodga borib, imom Muhammad
ibn Hasan Shayboniy (804 y. v.e.)ga shogird tushgan. A.H.K. islom qonunshunosligi
asoslarini yaratgan yirik olim bo‘lgan. Narshaxiyning yozishicha,
uning sharofati bilan
Buxoro "Qubbat ul-islom" - "Islom dinining gumbazi" unvonini olgan. Abu Hafsning
o‘ziga "Kabir Buxoriy" - "Buxoriylarning kattasi" va "Hojatbaror imom" degan unvonlar
berilgan, o‘g‘li Abu Abdulloh (Abu Hafs Sagir Buxoriy; 877 y. v.e.) ham otasi singari fiqh
ilmida peshqadam bo‘lgan. A.H.K. fiqhning turli masalalari yoritilgan "Al-Ahvo’ val-ixtilof"
("Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar"), "Ar-raddu alal-Lafziyya" ("Yuzaki qarovchilarga
raddiya") va b. asarlar yozgan. A.H.K. Buxorodagi Darvozai nav qarshisidagi tepalikda
dafn etilgan. Buxoroliklar u joyni muqaddas sanab, "Haqrah" ("Haq yo‘l")
va Xoja Imom
Abu Hafs deb ataganlar. Mustabid sovet tuzumi davrida uning qabri va atrofidagi
me’moriy yodgorliklar buzib tashlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: