www.ziyouz.com
kutubxonasi
51
ko‘r-ko‘rona taqlid bo‘lmaydi. Zero, ijodiy sintez degani bir jihatdan alximiyaga monand: kimyogar
turli moddalarni qorishtirib sar oltin olishga intilarkan, singishmagan moddalar cho‘kindi bo‘lib
shishada qolaveradi.
Yozuvchi hayotning ma’nisiyu bashariyat taqdiri haqida o‘yga tolgan, dedik. Axir, inson hayotidan
ma’ni izlash so‘nggi ikki asr mobaynida adabiyotning markaziy muammosiga aylanmadimi? Ha, hatto
modernizmning ayrim oqimlari inson hayotini har qanday ma’nidan ayro tushadi deb da’vo qildi ham,
ozmi-ko‘pmi shu kayfiyatga tushdik ham. Xayriyatki, islom nuri bilan yorishgan dillar bu kayfiyatni
o‘ziga sig‘dirolmadi, sig‘dirmadi. Jumladan, Isajon ham. Yozuvchi muammoning ildiziga nazar soladi
va ko‘radiki, Yaratganidan uzoqlashishi barobari inson hayotining mazmuni yo‘qolib borayotganini
teranroq his qilgan, bu his muttasil kuchayib borgan. Va bu nihoyasiz jarayon. Shuning uchun ham
romanda yaralmish – inson «tangrining irodasiga isyon o‘laroq» yaratgan eng oliy mavjudot – klon
ham olamning nechog‘li mukammal yaratilganini idrok etgach, «mazkur silsila aro o‘z o‘rnini
topishga harakat qiladi». Ammo hayhot... topmaydi, topolmaydi.
Shu bois ham dunyolarga sig‘maydi, olamni bunchalar mukammal yaratgan Zotni «izlab topish va
butun olam yaratilishining sabablarini O‘zidan so‘rash uchun» bosh olib chiqib ketadi. U ko‘zlagan
manzil belgili: izlagani – «Uning irodasiga va mening yaratilishimdan maqsadiga mos... keladigan
makon va zamon». Biroq, hayhot... u tushgan yo‘l qayon eltadi, ko‘zlagan manziliga yetadimi va yo
o‘sha mangu darbadarga qismatdosh bo‘lib qoladimi?.. Kim biladi, «butun olam ilgarilab borayotgan
turli-tuman yo‘llar»ning qay biri haq yo‘l? Sobit ishonch bilan «qismatimiz shu sahroda yashab
Parvardigorga ibodat qilish va ajalimiz yetganida jonimizni O‘ziga topshirishdir» deya kundalik
yumushlariga mashg‘ul badaviylarmi? Va yo yorug‘ olamga etak silkib, butun borlig‘i – qalbiyu aqli
bilan Yaratganga yuzlangan avliyoning yo‘limi?..
Asarda savollar qo‘yilgan, javob esa imkondan tashqarida, zero, uchinchi parvona misoli «alanga
ichiga kirib otash ichra g‘oyib bo‘lgan»gina – BILADI va... o‘zi «erishgan bilim haqida gapira olish
imkoniyatidan mahrum bo‘ladi...»
Aslida, professor Ziyoning o‘g‘li aytmoqchi, «tevaragimiz ramzlarga va timsollarga to‘ladir». Va
shu rumuzu timsollar «aql qulog‘iga baland ovoz bilan xitob qilib turibdi». Biroq biz, biz
eshityapmizmi shu xitoblarni?! Mabodo, dovonga ko‘tarilgan sari quloqlar bitgani kabi, bashariyat
safida yuksalishimiz barobari «aql qulog‘i»miz ham bitib bormayaptimi?!.
Qadimgilar adabiyotni tabiatga taqlid deganlar. Chamasi, Isajonga ham shu yo‘ldan borish
ma’qul ko‘rinibdi – romanni ramzu timsollarga to‘ldiribdi. Bu ramzu timsollar tafakkurimizga
qaratilgan – fikr bilan ularni chaqishimiz tafakkurimizni charxlashiga imonim komil. Asarni o‘qiganda
bir-biridan murakkab savollar ketma-ket qalqib chiqaversa ham, ehtimol. Lekin ular ichida eng
muhimi, bugungi taraqqiy darajasiyu ertangi imkonlari ufqining chamasidan masruru mag‘rur turgan
XXI asr kishisi uchun eng jo‘n va eng murakkabi mana bulardir, balki:
«Men kimman?»
«Otim nima?»
Dilmurod Quronov,
filologiya fanlari doktori
Do'stlaringiz bilan baham: |