www.ziyouz.com
kutubxonasi
8
– Fikrlayapsanmi, demak, bajaryapsan, – dedi karvonboshi. – Pilladan kapalak chiqqanini
ko‘rmaganmisan?
– Juda ko‘p ko‘rganman.
– Fikr ana shunaqa narsa, – dedi Chol. – Oldin nimanidir ko‘rasan, undan o‘sha narsa haqidagi
fikring paydo bo‘ladi.
– Xuddi kapalakka o‘xshab, a?
– Parvardigorning dargohi keng, u ko‘p narsalarni sirlar pardasiga yashirgan. Odamlar ularning
ba’zilarini biladilar, ba’zilarini bilmaydilar. Dunyoda ko‘zga ko‘rinmas jonzotlaru hodisotlar mo‘l.
Ularni odam ko‘rmaydi xolos, lekin ba’zi jonzotlar ko‘radi.
– Siz bularning tilini qanday anglay olasiz? – deb so‘radi bolakay.
– Odam bolasidan boshqa hamma bir tilda gaplashadi, o‘g‘lim, – dedi oqsoqol. – Aslida, bunday
sirlarni qancha ko‘p anglaganing sayin shuncha chuqur sukutga tolasan. Chunki ba’zi bilimlar hatto
halokatli bo‘ladi, bolam.
– Shamol hozir nima deyapti? – deb so‘radi o‘g‘lon.
Chol miyig‘ida jilmayib, dedi:
– Shamolmi? U gapirmaydi, balki qanotida bilimlarni tashib yuradi. Kerak joyiga qarab kerak
narsangni olaverasan...
* * *
...Otaxon shamolning tog‘larda avliyo bilan suhbat qurganini,
shahri Haybar
xarobalarining
qumlarini to‘zg‘itib-sochib o‘tganini nevarasiga aytmadi. Zero, cholning hadigi bor edi. Shamollarning
turlariniyu vazifalarini u yaxshi bilardi. Lekin, bunisi bag‘rida yomg‘irlarni olib keluvchi rahmat
epkini emasdi. Gullarni to‘kuvchi va mevalarni changlantiruvchi rizq shamoli ham, marhamat shamoli
ham, fasllarni o‘zgartiruvchi mavsum shamoli ham emasdi. Aksincha, boshqa epkin edi, uning esishida
jazo shiddati borga o‘xshardi. Shu bois ham bu haqda indamadi, aksincha, agar shunday bo‘lib chiqsa,
o‘ziga ham, qavmiga ham, shu bolakayga ham marhamat yetajagidan umidlandi.
Shuningdek, bu kecha, hamma uxlagan mahali
sahro ichidan chiqib kelgan bir odam
bilan qurgan
suhbati haqida ham lom-mim demadi. Holbuki, tungi suhbat juda ko‘p narsalarni oydinlatuvchi suhbat
bo‘lgan edi.
– Bizlar ko‘p yillar avval yo‘lga chiqqanimizni bilasan, – dedi Chol, tungi yo‘lovchiga. – Sen
tug‘ilmasingdan ikki ming yil avval boshlangan bu
darbadarlik.
Safar manzilini biladiganlar o‘sha
mahallarda dunyodan o‘tib ketdilar. Taxmin qila oladiganlar ham allaqachon tuproqqa aylanganlar,
balki ularning zarralari hozir shamolga qo‘shilib uchib yurgan bo‘lsa ne ajab... Biz uchun hech yerda
qo‘nim yo‘q, dunyoning qaeriga borsak chodir tikib, Alloh xohlagancha vaqt turamiz, keyin yana
dunyo kezishga ravona bo‘lamiz. Bola-chaqalarimiz ham
darbadarlikda
tug‘iladilar va shu qismat
bilan o‘ladilar.
Isajon Sulton. Boqiy darbadar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |