www.ziyouz.com
kutubxonasi
14
soqov va yashashga noqobil ravishda olam yuzini ko‘rgan bo‘lsalar, ulardan biri hech kutilmaganda
mukammal bo‘lib hayotga kelgan edi.
Na otasini, na onasini biladigan bu jonzotning hujayralaridagi qartayishga sabab gen olib
tashlangan – uning vujudi o‘z-o‘zini to‘ldirish orqali muttasil yangilanmoqda va taxminlarga ko‘ra,
g‘oyat uzoq umr ko‘rishi kutilmoqda edi.
Boshqa barcha chaqaloqlar kabi yig‘lagan, injiqlik qilgan, go‘dakligida tegrasiga qiziqsinib
boqqanu murg‘ak zehnida «u kim – bu nima» degan savollar bemisl ko‘p va tez sodir bo‘lgan, o‘zining
qaydan bino bo‘lganiyu kim ekanini yuzlarcha marta so‘ragan, xullas, barcha chaqaloqlar kabi unib-
o‘sgan bo‘lsa-da, bu hodisadan azbaroyi ilmiy tajriba yuzidan hamma narsani sir tutgan olimlarning
o‘zlari ham hangu mang edilar.
Go‘yo insoniyatning tadrijiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tayotgan bu sun’iy urchitilgan odam
balog‘at yoshiga yeta boshlaganida, o‘zining favqulodda mantiq va fikr quvvatiga ega ekanligini
namoyon qilgan edi. Hali fanga ma’lum bo‘lmagan qandaydir bir xususiyat ila u tegrasidagi
narsalarning molekulyar butunligini buza olish qobiliyatiga ega bo‘lib, qarshisida na po‘lat, na temir,
na shisha to‘siq bo‘la olardi. Shuningdek, o‘zak hujayralarni o‘stirish borasida olingan barcha yutuqlar
unda jamuljam bo‘lgan edi. Aslida oddiy inson bolasiga o‘z-o‘zini tiklash salohiyati azaldan ato
etilgan, masalan, biror joyini kesib olsa, bu jarohat ma’lum vaqtdan so‘ng bitib ketadi. Sun’iy odamda
mazkur xususiyat takomillashtirilgan, hatto ichki a’zolarini ham tiklay olishiga umid bog‘lanmoqda
edi.
Avvalboshda na otasi, na onasi, na vataniyu millati, na qarindosh urug‘iyu aka-ukasi bo‘lgan
bunday mukammal jonzotlarni ommaviy ravishda ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilaroq, xatarli hududlarda,
konlarda, hayot uchun xavfli makonlarda, vulqon tublaridayu suv ostida – xullas, haqiqiy insonlarni
qo‘llash ham estetik, ham insoniy qadriyatlar tufayli mumkin bo‘lmagan ishlarda ishlatish ko‘zda
tutilgan edi. Gen sohasidagi yutuqlar ularni hali homila ekanliklaridayoq nurlanishlarga, kasalliklarga
yoxud boshqa ta’sirlarga chidamli qilib o‘stirish imkonini bermoqda edi. Ijtimoiy qadriyat
qozonishlariga haq-huquqlari yo‘qligini ta’kidlash maqsadida hatto ism berish ham ko‘zda tutilmagan,
raqamlar bilan ifodalanishlari yetarli edi.
Odam bolasini ism bilan emas, raqam bilan ifodalash o‘tgan asrdan: Polshaning Daxau
qamoqxonasidan hamda Yaponiyaning Xitoy chegarasidagi Xarbin yaqinida joylashgan ismsiz
zindondan odamzotga ma’lum. Ularning ijtimoiy ahamiyat kasb etmasliklarini o‘zlaridan ham ko‘ra
atrofdagilarga ta’kidlash muhimroq edi. Biroq, qamoqxonalardagi tajriba odamlari – azaldan davom
etib kelgani kabi, ota va onadan tug‘ilgan, haqiqiy insonlar edilar, tajribaxonalarda sun’iy ravishda
dunyoga keltirilgan va genlari o‘zgartirilgan jonzotlar esa, garchand ko‘rinishiyu tutumi insondan farq
qilmasa-da, baribiram g‘ayriinsoniy mavjudot deb hisoblanmoqdaydi.
Bunday tajribalar muvaffaqiyatli tugagach, dunyoda insonning oliy irq bo‘lib qolishi va yana bir
irq – na ismi, na tili, na qadriyatlari va na millati noma’lum, ammo ham jismoniy, ham aqliy jihatdan
insondan bir necha baravar ustun
qullar
irqining paydo bo‘lishi kutilmoqda edi!
Biroq, anjumandagi olimlarni, shuningdek, Professor Ziyoni sarosimaga solgan narsa boshqa!
Shov-shuvlar, gen va o‘zak hujayra muhandisligi erishgan yutuqlar ortidan cho‘mgan jimlik... mangu
barhayot inson yaratish yo‘lidagi urinishlarning hisobotlari ortidan, mukammal irq yaratish yo‘lidagi
sa’y-harakatlarning ilk yutug‘i hisoblangan bu mukammal jonzot aqlni shoshiruvchi va hech
kutilmagan bir xulosaga kelgan edi!
Isajon Sulton. Boqiy darbadar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |