Soching buloq suvidek barmog‘im aro toshdi,
Vujuding shamol kabi quchog‘im aro toshdi.
Hilolni chiltor etib, kipriging chaldi cholg‘u,
Yuragim selob bo‘lib, qarog‘im aro toshdi:
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»
Birinchi bor kuzatdim nur sirg‘alib oqishin,
Birinchi bor chaqmoqqa to‘ldirdim qiz og‘ushin.
Birinchi bor alamsiz ruhga qorishdi yog‘du.
Birinchi bor o‘zimga yoqib qoldi tovushim:
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»
Gohi shundayki, o‘sha chog‘ni topmoq mumkinday,
O‘shanday quchmoq yana, shunday o‘pmoq mumkinday,
Yana ko‘rmoq mumkinday labingda toza kulgu,
Javobi shart bo‘lmagan go‘zal so‘roq mumkinday:
«Ko‘zimga ishonmayman, nahotki o‘zingsan shu?!»