Shaxsni ijtimoiy-psixologik o`rganish
Ikkinchidan, shaxsning ijtimoiy psixologik qiyofasi masalasi ham bugungi kundagi o`zgarishlar va manaviy jihatdan poklanish davrida o`ta muhim sohadir. Shaxsni ijtimoiy psixologik o`rganish tadqiqotlarining ob’ekti sifatida qaralganda, avvalo uning xulq-atvori, ijtimoiy motivlari, uning yo`nalishlari, xulq-atvor normalari, shaxsning jamiyatda turli ijtimoiy rollari, mavqei, ijtimoiy qo`shilish omillari-ijtimoiylashuvi; shaxsning o`z-o`ziga bahosi, munosabati, hurmati hamda ijtimoiy, tarixiy va madaniy shart-sharoitlarning shaxs ongiga ta’siri, shaxs tiplari o`rganiladi.
Ommaviy ijtimoiy-psixologik hodisalar
Uchinchidan, jamiyat miqyosida ro`y beradigan ommaviy hodisalar ijtimoiy psixologiya uchun tadbiqiy ahamiyatga ega. Ijtimoiy psixologiyada ommaviy hodisalar deganda turli kishilar guruhida shaxslararo munosabatlar va o`zaro ta’sir jarayonlari; milliy etnopsixologiya hamda sinflar psixologiyasi muammolari; milliy madaniyat, urf-odatlar, an’analar, udumlar, aqidalarning shaxs shakllanishidagi roli; olomon psixologiyasiga oid psixologik qonuniyatlar; turli guruhlarda odamlarning bir-birini idrok qilishlari va tushunishlari, o`zaro ta’sir masalalari tushuniladi.
Chunki alohida shaxs tarbiyasida ommaviy hodisalarning, katta guruhlarning tasirini inkor etish - masalaga bir yoqlama yondashish bilan barobardir. Masalan, shaxs uchun u mansub bo`lgan millat, elat yoki xalqning ruhiyati, uning ongidagi asrlar davomida saqlanib kelayotgan ananalar, rasm-rusumlar, aqidalar, udumlar, faoliyat stereotiplari kabilar o`z muayyan tasir kuchiga ega.
Oila—ijtimoiy psixologiyaning o`rganish ob’ekti sifatida
To`rtinchidan, oila—ijtimoiy psixologiyaning o`rganish ob’ekti sifatida. Bu yerda oilaga xos psixologik jarayonlar, oila a’zolarining bir-birlariga munosabatlari, nikohdagi o`zaro moslik masalalari, oilaviy mojarolarning psixologik omillari, oilada bola tarbiyasining ijtimoiy psixologik metodlari o`rganiladi.
Ajratilgan vazifalardan yana biri shuki, hozirgi davrda ijtimoiy psixologiya o`zi bilan bevosita aloqador bo`lgan boshqa psixologiya tarmoqlari bilan hamkorlikda keskin o`zgarishlar davrida har bir inson ongida nima sodir bo`ladi, u bu o`zgarishlarni qanday idrok qilmoqda, uning hayotiy mavqeini qanday qilib maqsadga muvofiq tarzda faollashtirish mumkin, degan savollarga ilmiy asoslangan javob topib berishdir.
Boshqaruv psixologiyasi, sanoat va ishlab chiqarish psixologiyasi ham shunday guruhiy jarayonlarning qonun va qoidalarini tadqiq etish tufayli ajralib chiqqan tadbiqiy sohalardir.
Ijtimoiy psixologiya o`rganadigan eng asosiy va yuqorida ta’kidlab o`tilgan muammolarni o`z ichiga olgan masalalardan biri - 6u muomaladir. Psixolog olimlarnnng fikricha, bugungi kunda ijtimoiy psixologiyaning predmeti ham va uning doirasida o`tkaziladigan barcha tadqiqotlarning umumiy ob’ekti ham muomaladir. Uning inson hayotida tutgan o`rnini aniqlash turli ijtimoiy faoliyatlar
sharoitida samara beradigan muomala turlari va uslublarini yoritish, uning sof psixologik mexanizmlarini tadqiq etish, fanning eng muhim tadbiqiy yo`nalishlaridandir. Shuning uchun ham har bir konkret sharoitda shaxslararo muloqot samaradorligini oshirish omillarini o`rganish hozirgi ijtimoiy psixologiyadagi muhim muammolardandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |