www.ziyouz.com kutubxonasi
31
Endi asosiy maqsadga qaytib aytamizki, qalbda olam haqiqati va surati goho sezgilardan
va goho Lavhul mahfuzdan paydo bo‘lmog‘i tasavvur qilinadi. Bu ko‘zda hosil bo‘ladigan
holatlarga o‘xshaydi. Ko‘zda quyosh surati gohida unga qaragandan, gohida esa quyosh
ro‘parasida turib, uning suratini aks ettirayotgan suvga qaragandan hosil bo‘lish
tasavvur qilinadi. Qachonki, qalb bilan Lavhul mahfuz o‘rtasidagi hijob ko‘tarilsa, undagi
narsalarni ko‘radi. Ilm Lavhul mahfuzdan qalbga buloqdek qaynab chiqadi. Natijada
sezgilar his etgan narsadan iqtibos qilishdan behojat bo‘ladi. Bu esa suvning yer tubidan
buloq bo‘lib qaynab chiqishiga o‘xshaydi.
Qachonki, qalb sezgi yordamida bilinadigan narsalardan paydo bo‘luvchi xayolotiga
yuzlanadigan bo‘lsa, ana shu yuzlanishi Lavhul mahfuzni o‘qiy olishidan parda bo‘lib
qoladi. Bu anhorda suv ko‘p to‘planib qolsa, u yerdan buloq otilib chiqishini to‘xtatib
qo‘yganidek, yana go‘yo quyoshning suratini aks ettirib beradigan suvga qaragan kishi
quyoshning o‘ziga qaragan bo‘lmaganidek holatdir. Bunday hollarda qalbning ikki eshigi
bo‘ladi. Birinchisi - malakut olamiga, ya’ni u Lavhul mahfuz va farishtalar olamiga
ochilgan eshik. Ikkinchisi - mulk va shahodat olamiga bog‘liq beshta sezgi olamiga
ochilgan eshik. Shahodat va mulk olami ham malakut olamiga bir qadar o‘xshab ketadi,
ammo qalb eshigining sezgilardan iqtibos qilishga ochilishi sizga maxfiy emas.
Qalbning ichkari eshigini malakut olamiga va Lavhul mahfuzni o‘qishga ochilishini
sezgilardan iqtibos qilmasdan ajoyib tushlar to‘g‘risida va qalb uyquda kelajak
narsalardan yoki oldin bo‘lib o‘tgan narsalardan xabardor bo‘lishi to‘g‘risida fikr qilish
bilan ishonchli holda bilib olasiz. Albatta ana shu eshik Alloh taoloning zikri bilan
mashg‘ul kishilarga ochiladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
«Mufarridlar ilgarilab ketdilar» (Imom Muslim rivoyati). Shunda Rasululloh sollallohu
alayhi vasallamga «Mufarridlar kimlar?» deyildi. «Allohning zikri bilan ajrab chiquvchilar.
Zikr ulardan gunohlarini to‘kib yubordi. Endi qiyomatda yengil holda keladilar», dedilar
(Tabaroniy rivoyati, zaif).
So‘ngra Rasululloh yana ularning sifatlari to‘g‘risida Alloh taolodan xabar berib aytadilar:
«So‘ngra ularga yuzim bilan yuzlanaman, yuzim bilan yuzlangan kimsaga qaysi narsani
bermoqni xohlayotganimni biror kishi biladimi?» So‘ngra Alloh taolo aytadi: «Ularga
beradigan narsamning birinchisi - ularning qalblariga nur tashlayman. So‘ngra Men
ulardan xabardor bo‘lganimdek, ular Men haqimda xabardor bo‘ladilar». Bu xabarlar
(ya’ni, Alloh taolodan xabardor bo‘lish)ning kirish joyi botiniy eshikdir. Payg‘ambarlar va
avliyolarning ilmlari bilan ulamo va hukamolarning ilmlari o‘rtasidagi farq shundaki,
ularning (ya’ni, payg‘ambar va avliyolarning) ilmlari qalbning ichidan, ya’ni malakut
olamiga ochilgan eshikdan keladi. Hikmat ilmi esa mulk olamiga ochilgan sezgilar
eshiklaridan keladi. Qalb olamining ajoyibotlari hamda uning shahodat va g‘ayb olami
orasida takrorlanishining oxiriga yetish muomala ilmida mumkin bo‘lmaydi. Bular esa
sizga ikki olam eshigi orasidagi farqni o‘rgatadigan misoldir.
Ikkinchi misol: ikki amal, ya’ni avliyolar va ulamolar o‘rtasidagi farqni sizga o‘rgatadi.
Albatta ulamolar ilmlarning o‘zini qo‘lga kiritishda va uni qalbga jalb qilishga harakat
qiladilar. Tasavvuf ahli bo‘lgan avliyolar esa faqat qalblarni jilolash, poklash, soflash va
unga sayqal berishga harakat qiladilar. Hikoya qilinadiki, xitoylik va rumlik kishilar
podshohlar oldida bir-birlaridan maqtanishib, naqqoshlik va bezakchilik san’ati borasida
o‘zlariga o‘zlari katta baho berishgan ekan.
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
Do'stlaringiz bilan baham: |