www.ziyouz.com kutubxonasi
123
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan birortangiz musulmon kishi
mazlum holda o‘ldirilayotgan joyda turmangiz. Zero, uni himoya qilishmagan vaqtda u
yerda hozir bo‘lganlarga la’nat yog‘iladi» (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, bir bandani qabrida yuz darra urishga buyurildi. U duo qilib
so‘rayverganidan bir darraga tushirildi. So‘ng qabri olovga to‘ldi. Undan chetlashgach,
o‘ziga keldi va: «Meni nima uchun urdinglar?» deb so‘radi. «Sen tahoratsiz namoz
o‘qiding va mazlumning yonidan o‘tding-u, unga yordam bermading», deyildi.
Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birodaringga
zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam ber», dedilar. Shunda bir kishi: «Yo
Rasululloh, agar mazlum bo‘lsa-ku, yordam beraman. Bordi-yu, zolim bo‘lsa-chi, u holda
qanday yordam beraman?» deb so‘ragan edi, u zot: «Uni zulmdan qaytarasan yoki
to‘xtatasan. Mana shu unga yordam berishingdir», dedilar» (Buxoriy rivoyati).
Hikoyat
Bir kishi hikoya qiladi: «Qo‘li yelkasidan kesilgan bir kishini ko‘rdim. U: «Meni ko‘rgan
har bir inson biron kishiga zulm qilmasin», deb nido qilardi. Unga yaqinlashib: «Ey
birodar, nima bo‘ldi?» deb so‘radim. U: «Faroyib hodisa, – deb boshidan o‘tganini so‘zlab
berdi. – Men zolimlarning yordamchilaridan edim. Bir kuni kattakon baliq tutgan
baliqchini ko‘rib qoldim va uning oldiga kelib balig‘ini berishini so‘radim. U esa bu baliq
puliga oilasiga u-bu narsa olib borishini aytib, bepulga bermasligini tushuntirdi. Men esa
unga nisbatan kuch ishlatib, baliqni tortib oldim. Baliqni ko‘tarib uyga kelayotganimda,
hali joni uzilmagan jonivor qo‘limni tishlab oldi. Uyimga kelib, baliqni tashlaganimdan
so‘ng barmog‘im zirqirab og‘riy boshladi. Og‘riqning qattiqligidan uxlay olmadim. Qo‘lim
shishib ketdi. Tong otgach, tabibga borib, og‘riqdan shikoyat qildim. U barmog‘imni
ko‘rib: «Bu qorason (suyak chirishi) kasalining boshlanishi. Barmog‘ingni kesib tashlash
kerak. Aks holda qo‘lingdan ayrilasan», dedi. Barmog‘imni kesib tashladim. So‘ngra
qo‘lim og‘riy boshladi. Og‘riqning zo‘rligidan ko‘zimga uyqu kelmadi. «Kaftingni kesib
tashla», deyishdi. Kaftimni ham kesib tashlashga majbur bo‘ldim. Keyin bu dard tirsakka
o‘tdi, ko‘rib turibsizki, tirsakdan ham mahrum bo‘ldim. Butunlay qo‘limni kesib
tashlaganlaridan so‘ng ba’zilar buning sababini so‘ray boshlashdi. Men baliq voqeasini
hikoya qilib berganimdan so‘ng, ular: «Oldinroq borib, baliqchiga uzringni aytganingda,
ehtimol biron-bir a’zoing kesilmasdi, haliyam kech emas, borib kechirim so‘ra, aks holda
badaningga o‘tib ketmasin!» deb maslahat solishdi. Men baliqchini izlab topdim.
Oyoqlariga yiqilib, yig‘lab o‘pa ketdim. «Sayyidim, Alloh haqqi, meni kechiring», deb
yolvora boshladim. U: «Siz kimsiz?» deb so‘radi. «Men balig‘ingizni tortib olgan
kishiman», deb bo‘lgan voqeani aytib berdim. Qo‘limni ko‘rib yig‘lab yubordi. «Ey
birodar, boshingizga shunday balolar tushibdi. Mingdan ming roziman», dedi.
«Sayyidim, Alloh haqqi ayting-chi, balig‘ingizni olib qo‘yganimda meni duoibad
qilganmidingiz?» deb so‘ragan edim: «Ha, «Ey Allohim, bu bandang kuchliligi sababli
menga rizq qilib bergan narsangni zo‘ravonlik qilib tortib oldi. Bas, menga shu bandang
ustida O‘z qudratingni ko‘rsat», deb duoibad qilgan edim», dedi. «Sayyidim, mana Alloh
mening ustimda O‘z qudratini ko‘rsatdi. Men endi zolimlarga xizmatchi bo‘lganimdan
Alloh azza va jallaga tavba qildim. Inshaalloh, tirik ekanman, zolimlarning eshigiga
qadam bosmayman va ularning yordamchilaridan bo‘lmayman. Tafviq Allohdandir»,
dedim».
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
Do'stlaringiz bilan baham: |