www.ziyouz.com
kutubxonasi
113
Men Yoqutaga o‘xshab ketadigan bir qizni uchratdim. Uni ko‘rib, dardim ancha
yengillashdi, Yoqutadan ajralganlik alamini bir oz bosgan bo‘ldi.
Shu payt Zirg‘om Yoqutaning Jahonga o‘xshashligini esladi-da:
— Menga ham Jahonga o‘xshaydigan qiz duch keldi-yu, lekin dardini yengillatishini
sezmadim, balki uni duch keltirganim g‘amimga g‘am qo‘shdi, — dedi. Hammod
taajjublandi.
— Men esa o‘sha qizni Yoqutaga o‘xshatib, bir oz tasalli topaman. Unga erishish yo‘li
men uchun butunlay berk bo‘lsa ham, ko‘rishimning o‘ziyoq Yoqutadan
umidsizlanishimni tarqatadi. U qiz shu shaharda turadi. Shahardagi ayollarning eng
hurmatlisi, eng ko‘hligi va eng martabasi balandi. U kishidan qochmaydi. Uni qachon
ko‘rsam, o‘zimda bir shodlik his qilaman, to‘yib-to‘yib qarab olaman.
Vardon gapga aralashmay quloq solib o‘tirardi. U Hammodning Yoqutaga o‘xshagan qiz
haqida gapirayotganini eshitib, Yoqutaning Jahonga o‘xshashligini esladi. Uning
alomatlarini aniqroq bilib olmoqchi bo‘lib turgan edi, birdan Zirg‘om, hovliqib; «U qizni
qaerda ko‘rasan?» — deb so‘rab qoldi.
— Shu shaharda xuddi Bobakning qasrida uchrataman.Bobakka ko‘mak berayotgan,
axloqini tuzatib, yomonlikdan yaxshilikka qaratayotgan qizni eshitgansizlar, albatta, —
dedi Hammod.
— O‘ylashimcha, Gulnorni aytayotgan bo‘lsang kerak? — so‘radi Vardon.
— Ha o‘shani aytyapman. U Yoqutaga juda ham o‘xshab ketadi. Uni ko‘rsam, ko‘z
o‘ngimda Yoquta gavdalanadi qoladi. U Bobakning qasriga qatnab turganini, u bilan
birga o‘z otiga minib chiqayotganini ko‘raman. Men hayotimda undan go‘zalroq, sehrliroq
va salobatliroq ayolni ko‘rgan emasman.
Zirg‘omning yuragi duk-duk urib ketdi, qorong‘ilik bo‘lmaganda, uning chehrasida
namoyon bo‘lgan o‘zgarishni Hammod albatta ko‘rgan bo‘lardi. Zirg‘om bir lahza boshini
yerga egib, Hammodning Yoquta to‘g‘risidagi gaplarini va: «U Jahonga juda o‘xshab
ketadi», deb qilayotgan ta’rifini ko‘nglidan o‘tkazdi-da ichida: «Bu Jahonning o‘zi
bo‘lmasin tag‘in», dedi va Hammodga qarab: «Shu Gulnor deyayotganing o‘zi qaerdan?»
— deb so‘radi.
— U Bobakning xotinlaridan bittasi, boshqalari singari u ham, uzoq shahardan olib
kelingan. Lekin u hammasiga qaraganda, Bobakning jilovini qo‘lida tutib turgan ayol.
Boshqa kundoshlari ayollar qasrida yashirinib, Bobakni ko‘rganda unga sajda qilsa,
Gulnor o‘zining qashqa otini minib lashkargohda aylanib yuradi. Kimlarga buyruq
qilayotganini, kimlarga jerkib tashlayotganini ko‘rasiz. Xullas, uning gapi hammaga —
kattaga ham, kichikka ham o‘taveradi.
Zirg‘om Hammodning «qashqa otini», degan gapini eshitib, yomg‘irda qolgan
chumchuqdek silkindi, silkindi emas, qaltirab ketdi. U irg‘ib o‘rnidan turdi-da: «Rostdan
oti qashqami? O‘zi qaerda? Xudo haqqi, uni menga bir ko‘rsatchi, Hammod! U Jahonning
xuddi o‘zi», — dedi.
Hammod unga achinib;
— Koshkiydi, u Jahon bo‘lsa, do‘stim. Lekin Jahon emas, Gulnor degan boshqa bir ayol,
— dedi.
— Mening ko‘nglim «u xotin Yoqutaga o‘xshaydigan bo‘lsa, Jahonning xuddi o‘zi»
deyapti, chunki Jahonga juda ham o‘xshaydi. Yana o‘zing uning oti qashqa, uzoq
shahardan olib kelingan deyapsan. Bu ta’riflaring hammasi Jahonga to‘g‘ri keladi. Nomi
boshqaligining unchalik ahamiyati yo‘q. Masalan, sen meni Zirg‘om deb taniysan, ammo
Somurroda hech kim meni Zirg‘om deb atamaydi. U yerda mening nomim Sohib. Sen
aytayotgan ayol Jahonning xuddi o‘zi. Ko‘nglimdagi umidsizlik buluti tarqadi, ayt-chi, u
qaerda hozir?
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |