www.ziyouz.com kutubxonasi
17
Tirnoqdakkina qush shimol tomondan qayiqqa yaqinlashdi. U suv betida pasayib uchardi. Chol
uning nihoyatda holdan toyganini ko‘rdi.
Qush nafas rostlash uchun qayiqning quyrug‘iga qo‘ndi. Keyin u cholning boshi ustida aylanib
uchdi-da, o‘zi uchun qulayroq bo‘lgan chilvir ustiga qo‘nib oldi.
— Yoshing nechada?—deb undan so‘radi chol.—Hoyna-hoy, bu sening birinchi sayohatingdir?
Qush javob o‘rniga cholga qaradi. U juda ham charchagan edi, hatto chilvir o‘zini ko‘taradimi,
yo‘qmi, shunga ham qarab o‘tirmadi, murg‘ak panjalari bilan uni changallab olgancha, chayqalibgina
turardi, xolos.
— Qo‘rqma, kalava mahkam tortilgan,—deb uni yupatdi chol.—Hatto haddan ziyod mahkam.
Sokin tunda sen bu qadar holdan toymasliging kerak edi. Eh, endigi qushlar, endigi qushlar!
«Lochinlar bo‘lsa-chi,— deb o‘yladi u,— dengizning har qarichida sizlarning tumshug‘ingiz
tagidan chiqib qolishi mumkin». Ammo buni qushga aytib o‘tirmadi, aytganda ham, u baribir tushunib
yetarmidi. Hechqisi yo‘q, o‘zi tezda lochinning nimaligini bilib oladi.
— Yaxshilab dam olgin, mitti qush,— dedi u.— Keyin sohilga qarab uchgin, har bir odam, qush va
baliq singari sen ham chinakamiga hayot uchun qattiq turib kurashgin.
Qush bilan bo‘lgan bu suhbat o‘ziga andak madad berganday bo‘ldi. Chunki tuni bilan yelkasining
akashagi chiqqan va u endi rosmana zirqirab og‘rib turardi.
— Agar xohishing bo‘lsa, qush, men bilan yana picha birga bo‘l,— dedi u.— Nima qilayki,
shabada g‘imirlab qolgan bo‘lsa ham, yelkan o‘rnatib, seni qirg‘oqqa olib borib qo‘yolmayman. Bu
yerda esa do‘stim ham bor. Uni tashlab ketolmayman.
Xuddi shu onda baliq to‘satdan qattiq yulqindi va cholni qayiq quyrug‘iga yumalatdi; agar u qo‘li
bilan bortga tayanab qolmaganda, chilvirni bo‘shatmaganda, baliq uni ilashtirib ketishi ham hech gap
emas edi.
Chilvir yulqingan paytda qush uchib ketgan edi. Uning qanday g‘oyib bo‘lganini chol hatto
payqamay qoldi. U kalavani o‘ng qo‘li bilan paypaslab ko‘rganida, qo‘lidan qon oqayotganini ko‘rdi.
— Baliqning ham joni rosa qiynalgandir,— dedi u o‘ziga-o‘zi va baliqni boshqa tomonga burib
bo‘lmasmikin degan niyatda, chilvirni aldab tortdi. Oxiriga-cha tortib bo‘lgach, avvalgi holatida tek
qotdi.
— Mazang qochyaptimi, baliq?— deb so‘radi u.— Xudoyim ko‘rib turibdi, menga ham oson emas.
Kim bilan bo‘lmasin juda ham gaplashgisi keldi. Atrofga alanglab qushni izladi. Ammo undan
nom-nishon ham qolmagan edi.
«Darrov ketib ham qolibsan,— deb o‘yladi chol. Ammo sen ketgan yoqda shamol xiylagina
kuchliroq va u to sohilga dovur esib boradi. Bir siltashda baliqqa o‘zimni yarador qilishga yo‘l qo‘yib
berganimni qara-ya? Rostdan ham, juda merov bo‘lib qopman. Yoki bo‘lmasa, shunday o‘zim, qushga
mahliyo bo‘lib, faqat u to‘g‘rida o‘ylab qolgandirman? Endi men mana bu haqda o‘ylayman va mador
bo‘lsin deb, tunetsni tamaddi qilib olaman».
— Afsus, yonimda bola ham yo‘q, tuz ham yo‘q,—dedi o‘ o‘ziga-o‘zi.
U baliqning og‘irligini chap yelkasiga olib, ohista cho‘kkaladi-da, qo‘lini yuvdi, uni bir muddat suv
ichida tutib turarkan, yoyilib borayotgan qon izi hamda o‘tkin-chi oqimning qo‘lni yalab, aylanib
o‘tishini kuzatdi.
— Baliq boyagidan xiyla sekin suzyapti,— dedi u. Chol sho‘r suvda qo‘lini uzoqroq tutib turishni
istardi-yu, ammo baliq yana tortqilab qoladimi, deb qo‘rqdi: shuning uchun ham u o‘rnidan turib,
chilvirni yelkasi bilan tortibroq qo‘ydi va qo‘lini oftobga tutdi. Chilvir qo‘lning bor-yo‘g‘i birgina,
ammo xuddi ishga eng asqatadigan yumshoq joyini tilib ketgan edi. Ish dolzarbga kelishda qo‘li hali
toza ham kerak bo‘lishini chol tushunar, kelib-kelib, boshdanoq uning dardisar bo‘lib qolganligidan
g‘ijinardi.
— Endi,— dedi u qo‘li qurigach,— tunetsni yeb olishim kerak.— Uni bu yoqqa changak bilan
tortib ololaman, kiftini keltirib qorin to‘ydirish ham qo‘limdai keladi.
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |