www.ziyouz.com
kutubxonasi
22
Shunday dedimu yana jurnalni o‘qishga tushdim.
Ko‘p o‘tmay Guli ishini bitirdi shekilli, eshik oldiga bordi. Ammo chiqib ketmadi.
— Menga qarang, — dedi eshik tutqichini ushlab. — Siz hayotiy problemalargayam
aralashasizmi yo nuqul kitob yozaverasizmi?
Rostini aytsam, esankirab qoldim.
Bu qizning falsafa fakultetida o‘qiyotganini eshitgandim, mahalladagi eng «modniy»
qizlardan ekanini, jinsi shim kiyib yurishini bilardimu kechagina ko‘chada cherta o‘ynab
yurgan qizaloqdan bunchalik ilmoqli savol kutmagan edim. Beixtiyor jurnalni bir
chekkaga surib qo‘yib unga tikilib qoldim. Avvalgidek sansirashni ham, sizlashni ham
bilmasdim.
— Nima bo‘ldi? — dedim dovdirabroq.
Guli kresloga o‘tirarkan, qoshini chimirdi.
— Mana, sizlar eskilik sarqitini yo‘qotish kerak, u-bu deb yozasiz, to‘g‘rimi?
Indamay bosh silkidim.
— Unaqa bo‘lsa nimaga ko‘zingizning oldida bo‘p turgan sarqitga qarshi kurashmaysiz?
Ko‘rdimki, ro‘paramda cherta o‘ynab yurgan qizaloq emas, jiddiy odam o‘tiribdi.
— Kechirasiz, — dedim sizsirab. — Nima bo‘ldi o‘zi?
— Sovchi degan gap qayoqdan chiqqan? — Guli jahl bilan qo‘l siltadi. — Hali unisi keladi
qiyshayib, hali bunisi keladi, tugunini osiltirib!
«E, bo‘ldi, gap buyoqda ekan-da!»
Kulib yubormaslik uchun labimni tishlab, uni yupatgan bo‘ldim.
— Qizlik uy bozor! Keladi-da, xaridorlar! Yaxshi qiz ekansizki, sovchilar keladi.
— Nima, bozor bo‘lib men echkimanmi! — Jahli chiqqanidan Gulining yuzi qizarib,
chiroyli kipriklari pirpirab ketdi.
— Hech kim sizni sotib yuborayotgani yo‘q-ku, — dedim kulib. — Shunaqa bo‘ladi-da
taomili!
— Kitobda boshqa gaplarni yozasiz-ku! — Guli jahl bilan qo‘l siltadi. — Umrimda
ko‘rmagan o‘g‘lini maqtaydi. O‘qituvchi deydi. Boshimga uramanmi!
— Balki, o‘g‘li rostdan ham yaxshi boladir...
— Mard bo‘lsa o‘zi gaplashsin! Onasini elchi qilishga balo bormi? Jinimdan yomon
ko‘raman, shunaqa lattachaynar yigitlarni!
Bildimki, Gulining o‘z «yigiti» bor. Yana yupatdim.
— Sovchi degani keladi. So‘raydi, surishtiradi...
— So‘ramasayam hammasini biladi.
— O‘zingiz xohlagan yigitning onasiyam keladi-da, bir kun.
U «kelib-kelib senga maslahat solamanmi», degandek hafsalasi pir bo‘lib chiqib ketdi.
Xona jimjit bo‘lib qoldi. Shunda g‘alati xayollarga bordim. Sovchi desa muncha
hurkmasa bu qiz! Axir ota-onasi oyoq-qo‘lini bog‘lab birovga berib yuboradigan zamon
emas-ku, hozir! Shuni o‘yladimu bir vaqtlar sovchilar bizning ham eshigimizning
«turmugini buzgani» yodimga tushdi.
* * *
Erta bahor edi. Kunlar ilib qolgan, ammo yerdan hali qishning zahri ketmagan, unda-
munda yovvoyi sarimsoqlar nish urgan, tol novdalari sarg‘ish rang olib, hushtak
yasashga yaroqli bo‘lib qolgan... Opam ishda, akalarim maktabda. Bir o‘zim
zerikkanimdan darvoza oldida cho‘zilib yotgan xariga minib olgancha, burnimni tortib-
tortib akamning qalamtaroshida hushtak yasab o‘tirardim. Kuchugim oyog‘im ostida
o‘zini oftobga toblab yotar, ora-chora itpashshalarni quvib, dumini tishlar, ammo
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |