www.ziyouz.com
кутубхонаси
20
tomonga intilardi. Odamlar dengiz bo‘yiga yugurib kelishganida tyulen suv yuzida qonli dog‘ qoldirib,
kurakoyoq panjalarini lapanglatib ko‘kish tortib turgan dengizning tubiga botib ketdi. Tiniq suvda
tyulenning qo‘rquvdan olaygan ko‘zlari va bo‘ynidan quyrug‘iga qadar och gunafsha rangdagi umurtqa
yo‘li aniq ko‘rinib turardi. Milxun o‘qlangan miltig‘ini pastga tushirdi, endi uni otish foydasiz edi.
— Qo‘yaver, bari bir cho‘kib ketadi — dedi unga Emrayin.
Kirisk esa hansiraganicha, o‘zidan norozi bo‘lib, xafa bo‘lib turardi. U bugungi ovdan ko‘p
narsalarni kutgan edi, lekin bo‘lmadi. Yana katta ovchi bo‘larmish!
Bola jim bo‘lib, shumshayib qoldi, unga shunchalik alam qilardiki, yig‘lab yuborishdan o‘zini
arang tiyib turardi.
— Hechqisi yo‘q, yanagi safar ishing o‘ngidan keladi, — deb yupatdi uni Milxun keyinroq, otib
o‘ldirilgan tyulenning ichak-chavoqlarini olib, nimtalashayotganida. — Mana eidi O‘rta siynaga
boramiz, u yerda ham tyulen deganing tiqilib yotibdi.
— Juda shoshib qoldim-da, — deb so‘z ochgan edi, otasi uning gapini bo‘lib qo‘ydi:
— O‘zingni oqlayverma. Hech kim onasining qornidan ovchi bo‘lib tushmagan. Omon bo‘l,
otishni bilsang, o‘lja sendan qochib qutulolmaydi.
Kirisk jimib qoldi, lekin hech kim unga ta’na qilmayotganidan ko‘ngli taskin topdi. Endi u: «Hech
qachon otish vaqtida shoshib qolmayman, mo‘ljalga olayotganimda endi hech narsani o‘ylamayman,
otam aytganiday, nafasimni chiqarmayman, ko‘zim nishonda bo‘ladi, ana shundan keyingina o‘q
uzaman!» — deb o‘z-o‘ziga so‘z berdi.
Tyulenning tanasi kattagina, ancha og‘ir va xuddi tirikday badani hali iliqqina edi. Hayvonning
to‘shini nimtalayotgan Milxun mamnunlik bilan qo‘llarini ishqalab: «Ko‘rdilaringmi, to‘rt enli yog‘i
bor, zo‘r!» — deb qo‘ydi. Kirisk endi ko‘ngli g‘ashligini unutib, qiziqib amakisiga yordam bera
boshladi. Emrayin esa bu orada qayiqni yaqinroq olib kelish uchun O‘rxon bobo turgan tomonga ketdi.
Biroq u ko‘p o‘tmay, tashvishlangancha tezda qaytib keldi:
— Vaqtimiz ziq, tezroq bo‘linglar! — u hamrohlarini shunday shoshirdi-da, osmonga qarab yana
o‘zicha g‘udranib qo‘shib qo‘ydi: — Negadir havoning avzoyi menga yoqmayapti...
Ovchilar shosha-pisha o‘ljani nimtalab, jigari bilan yuragidan boshqa ichak-chavoqlarini
tashlashdi-da, qolganini qayish bilan bog‘lab, qayiq tomon sudrab ketishdi. Kirisk ularning ortidan
ikkala miltiqni olib yugurdi.
Qirg‘oqda, qayiq oldida ularni O‘rxon bobo kutib turardi. Chol o‘ljani ko‘rib sevinib ketdi.
— O, Kurng
5
egam, yetkizganingga shukur! Ovimizning boshlanishi chakki emas! — deya u
o‘zining ov pichog‘ini artib, tayyor qildi. Ovdan keyin eng muhim udum — tyulenning xom jigarini
shu yerning o‘zidayoq yeyish edi. O‘rxon bobo nimtalangan nerpa to‘shi oldida cho‘nqayib o‘tirib olib,
jigarni bo‘la boshladi. Ovchilar oz-moz tuz sepilgan mayin jigar burdalarini huzur qilib chapillatib
yamlab yutar edilar. Jigar juda mazali — muloyim, iliq, to‘yimli edi. U odamning tilini yog‘li
sharbatga botirib, og‘izda erib ketardi. Kiriskning orzusi ushaldi — haqiqiy katta kishiday ovda xom
jigar yedi!
— Yutaver, ko‘proq yut, — maslahat berardi bolaga O‘rxon bobo. — Tunda sovuq kuchayadi,
junjikib qolasan. Shunday vaqtda odamni isitadigan eng yaxshi narsa jigar. Tag‘in u ming bir kasalga
shifo bo‘ladi.
Rosa maza qilishdi. Taom juda soz bo‘ldi-yu, darrov chanqab qolishdi-da. Qayiqdagi kichik
bochkada suv bor edi.
— Hozir go‘shtni nimtalashning hojati yo‘q, — dedi Emrayin hamma to‘yib bo‘lganida va yana
tashvishlanib osmonga qarab qo‘ydi.
— Keyin nimtalasayam bo‘laveradi, — ma’qulladi O‘rxon bobo. — Choyni kechasi O‘rta siynaga
borganimizda ilitib ichamiz. Hozircha sabr qilib yuklarni orta qolaylik.
5
Kurng — nivxlarning oliy tangrisi.
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |