www.ziyouz.com
кутубхонаси
18
boshlashdi. Kirisk diqqat bilan tikilar, tyulenlar to‘dasini birinchi bo‘lib ko‘rishni xohlardi. Biroq
jonivorlarni ko‘rganda tag‘in baqirib yubormagin, deb uni ogohlantirib qo‘yishdi. O‘rxon oqsoqolning
aytishicha, nerpalar — tyulenlar sohilga yaqin joydagi toshlar orasida yotisharkan — ular quyoshda
toblanib, isinib olish uchun qurg‘oqlikka emaklab chiqisharkan. Nerpalarning qaerda joylashganini
ko‘rib olib, so‘ng ularni cho‘chitib yubormaslik uchun qirg‘oq sari ohista, sharpasiz yaqinlashish kerak
ekan. Ammo shuncha tikilsayam, Kirisk hech bir jonzotni ko‘rolmadi. Orol qirg‘oqlari kimsasiz,
huvillab yotardi. Hammayoqda davr o‘tishi bilan yemirilib ketgan, shakl-shamoyilsiz yovvoyi
xarsanglar sochilib yotardi. Orol atrofini biqirlab qaynab-toshayotgan oppoq ko‘pikli po‘rtanalar
halqaday o‘rab olgandi. Bu oppoq halqa jimirlab, ustini muz qoplagan ayqash-uyqash toshlardan oshib
o‘tishga intilardi. Yo‘q, Kirisk orolchada biron nimani ko‘ra olmadi. Butun atrof faqat qoyatoshlardan
iborat, biror jon zotidan asar yo‘q edi.
Milxun jonivorlarni birinchi bo‘lib payqab qoldi. Kirisk nerpalarning qaerga yashiringanligini bilib
olish uchun uyoq-buyoqqa qaragunicha, qayiq uzoqlashib ketdi. Chunki qirg‘oqdagi jonivorlar qayiqni
ko‘rib qolmasligi kerak edi.
Keksa O‘rxon bolaning hech narsa ko‘rmaganligini sezib:
— Biror narsani ko‘roldingmi? — deb so‘radi. Bola yolg‘on aytishga ko‘ngli bormadi.
— Yo‘q, ko‘rmadim, — tan oldi Kirisk.
— Yana yaqinroq haydanglar, — buyurdi O‘rxon. — Har xil toshlar orasidagi nerpalarni ko‘zing
ilg‘ab olsin. Aks holda sen ovchi bo‘lolmaysan.
Qayiqchilar qaltis bo‘lsayam yana boyagi joyga yaqinlashishdi. Nerpalardan bittasi ovchilarni
payqab qolsa bo‘lgani, hammasi o‘zini dengizga otishi turgan gap edi. Xayriyatki, hayvonlar ovchilarni
payqashmadi. Nerpalar tartibsiz, egri-bugri xarsangtoshlardan hosil bo‘lgan tabiiy to‘siq orqasida
shundoqqina suvga yaqin joyda yotishardi.
— Huv, anavi singan tishga o‘xshagan katta toshni ko‘ryapsanmi? — so‘radi Milxun boladan, —
o‘shandan sal narida qizg‘ish, muzlagan do‘nglik bor — shularning orasiga qaragin.
Kirisk diqqat bilan o‘sha tomonga tikildi. Bu orada Milxun bilan Emrayin jadal eshkak eshib,
qayiqni o‘nglash bilan ovora edilar. Shu orada Kirisk dengiz hayvonlarining quyruqli katta gavdalarini
ko‘rdi. Hayvonlarning kulrang, olachipor, sip-silliq va yaltiroq bo‘yinlari qimir etmasdi. Tajribasiz
g‘o‘r odam olisdan ularni toshlar orasidan ajratib olishi mushkul edi.
Shu zahoti Kiriskni hayajon chulg‘ab oldi. Ana endi, chinakam dengiz hayvonlariga duch kelishdi!
Ana endi chinakam ov boshlanadi!
Shundan so‘ng ovchilar qirg‘oqka tusha boshlashdi, bolaning vujudi jur’at va zavq-shavqqa to‘lib-
toshdi. Ha, u shu tobda jasur edi, chunki u hozir o‘zini kuchli va qudratli odamday his etardi. Zavq-
shavqqa to‘lganining sababi — ovchilar mardona va abjirlik bilan harakat qilishardi: ular chaqqonlik
bilan qayiqni qirg‘oqqa taqab kelishdi. Emrayin bilan O‘rxon bobo qirg‘oqqa to‘lqin urilayotgan
notinch joyda eshkaklarni pastga tirab, qayiqni to‘g‘rilab turishdi, Milxun qirg‘oqqa, shag‘al ustiga
sakrab tushdi-da, o‘ziga tashlangan arqonning uchini darhol yelkasiga ilib olib, qirg‘oqqa
yaqinlashtirdi. Otasi ham shu zahoti miltiqlarni olib, qirg‘oqqa sakrab tushdi. Keyin bolaning o‘zi ham
to‘g‘ri O‘rxon cholning yordamida qirg‘oqqa sakrab tushdi va to‘lqin urilganda oyog‘ini shalabbo
qilgani uchun otasidan sal-pal koyish eshitdi.
O‘rxon bobo qayiqni to‘lqinlar xurujidan saqlash uchun suv bo‘yida qoldi. Emrayin, Milxun va
Kirisk uchalovi esa tyulenlar yotgan joyga shoshilishdi. Ular qirg‘oq yoqalab, beixtiyor egilib, o‘zlarini
panalab, to‘siqdan-to‘siqqa yugurib o‘tishar edi. Kirisk kattalardan orqada qolmay yugurar, yuragi
qinidan chiqquday potirlar, shodlik va hayajondan joni ichiga sig‘may, boshi aylanib ketar edi.
Qani endi shu payt Kiriskni Suv parisi avlodidan bo‘lgan odamlar ko‘rishsa, uning hayvon oviga
katta ovchilar bilan birga yugurib ketayotganiga shohid bo‘lishsa! Qani endi uni shu payt onasi ko‘rsa,
bo‘lg‘usi ulug‘ ovchi bilan, urug‘larining rizq-ro‘z keltiruvchisi bilan faxrlansa! Qani endi shu payt
qadrdon Olapar sohilidan uzoqda, po‘rtana quturayotgan noma’lum sohil bo‘ylab haybatli qoyalar va
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |