www.ziyouz.com
kutubxonasi
143
qovurilayotganidan bexabar edilar...
Bozorboy esa ayshini surar, og‘zini ko‘pirtirib maqtanar — qo‘liga pul tushib, ichkilikka
mukkasidan ketgan, o‘sha kunlari mavsum tugab bo‘m-bo‘sh huvillab yotgan sohil bo‘yidagi
restoranlarda sang‘ib yurardi. Aroq har qadamda qalashib yotardi. Bozorboy tepakaligacha qizarib
ketguncha ichib, so‘ng og‘ziga kuchi yetgancha Bo‘stonning g‘iybatini qilardi. Juda dimog‘idan qurt
yog‘adigan bo‘lib ketgan ekan, bosar-tusarini bilmay qolibdi bu ilonning yog‘ini yalagan qurumsoq,
toza adabini berdim. Ilgari zamonlar bo‘lganda-ku, sirtiga suv yuqtirmas quloqvachcha sovet
hukumatining sinfiy dushmani sifatida shartta otib tashlanardi-ya, oh-vohiga qaramay. Attangga, u
paytlar o‘tib ketdi-da. Bunaqa turqi sovuqlarni gumdon qilsang, faqat savobiga qolasan! Rost-da!
Yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarda xohlagan milisa quloqmi, boymi, vassalom, hovlisining o‘zida shartta
otib tashlayverardi. Kitoblarda yozilgan bu gaplar, ha. Tunov kuni radiodan eshitdim. Bir quloq batrak
sho‘rlikni ezib, haqini urib qolgan ekan, kuppa-kunduz kuni hammaning ko‘z oldida surobini to‘g‘rilab
qo‘yishibdi ikkinchi marotaba kambag‘al bechoraning yurak-bag‘rini ezmasin deb. Lekin Bozorboy
hammasidan ham, Tamanga kelib qolgan Bo‘stonni eshikdan quvib solgani, otasi qolmay, onasi
qolmay so‘kkani, Bo‘ston esa miq etib og‘iz ocholmagani haqida bichib-to‘qib so‘ylashni yaxshi
ko‘rar, o‘z so‘zlaridan o‘zi huzur qilardi. Bozorboyning qish mavsumi bekorchilikdan bulak ishi yo‘q
domotdixchi ulfatlari sovuq, tamaki va ichkilikning sassiq hidiga to‘lgan oshxonalarning derazalarini
zirillatib qah-qah urishar, Bozorboyning qitiq patiga tegib, uning qo‘ltig‘iga suv purkashar, bunga sari
mast Bozorboyning xuruji avjga minardi. Bu maynavozchiliklar Bo‘stonning ham qulog‘iga yetgan
edi. Mana shu bois bo‘lib, sovxoz direktori chaqirgan majlisda qattiq janjal ko‘tarildi.
Shundan sal burunroq Bo‘ston yopirilib kelgan noxush o‘ylardan uyqusi qochib kechasi bilan
to‘lg‘anib chiqdi. Hammasiga sabab shu ediki, qishloq atrofida yana bo‘rilar izg‘ib qolishdi, yana
yurakni o‘rtab yuboradigan, odamning asablari dosh bermaydigan nolishlarini boshlab yuborishdi,
yana Gulimxon qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ qaltirab erining pinjiga tiqildi, yana toqati yetmay uxlab
yotgan Kenjashni o‘z to‘shagiga olib keldi, xuddi uning joniga bir narsa xavf solayotganday uni
gavdasi bilan to‘sib, tinmay silab-siypalab yotdi. Bularni ko‘rib Bo‘stonning yuragi siqilar, ayol kishi-
da, qorong‘udan, turli vahimali tovushlardan qo‘rqadi, deb o‘ziga-o‘zi dalda berib qo‘yardi.
Bo‘ston bir necha bor o‘rnidan turib miltiq otmoqchi bo‘ldi, lekin xotini yonidan qo‘ymadi, u hozir
bir zum ham yolg‘iz qolishni istamasdi, keyin u baribir, xavotirli qush uyqusiga cho‘mdi. Lekin,
Bo‘ston mijja qoqmadi. Miyasida turli-tuman hayollar g‘ujg‘on o‘ynardi. Dunyo ekan, u olamda
qancha uzoq umr kechirgani sayin, yashash ham shuncha qiyin va mushkul bo‘lib borardi.
Yashashning o‘zigina emas, hayotning asl ma’nosini tushunish og‘irlashib borardi. Ilgari hayolga
kelmagan yoki kelgan bo‘lsa ham, ko‘ngilning qorong‘u tubidagina xira tortib ko‘ringan narsalar endi
jiddiy bezovta qilar, javob so‘rardi.
Bolaligidan suyagi mehnatda qotdi. Ko‘p mashaqqatlar tortdi: u ikkinchi sinfda o‘qib yurgan
paytda otasi frontda halok bo‘ldi, keyin ona o‘ldi, katta akalari va opalari o‘z kunlarini o‘zlari
ko‘rishar, ba’zilari esa olamdan erta o‘tgan, Bo‘stonning o‘zidan o‘zga tayanchi, ishongan tog‘i
qolmagan edi. U bir narsaga qattiq ahd qildi, so‘ng bu ahdidan hech qachon, hatto bir zumga bo‘lsin
chetga toymadi, qo‘li ishdan bo‘shamadi, mehnatdan sira qochmadi, hayotning ma’nosi, qizig‘ini faqat
mana shunda deb bildi. U qo‘l ostida ishlaydiganlarni ham qaro terga tushib mehnat qilishga o‘rgatdi.
U ko‘plarni odam qildi, yo‘l ko‘rsatdi, ularga hayot mehnat bilan qadrli ekanligini uqtirdi. O’z oldiga
mana shunday maqsad qo‘ymaganlarni Bo‘ston ochikdan-ochiq yoqtirmas, ularni tushunmasdi.
Bunday odamlarni nobakor deb hisoblardi. Ularga quruqqina, xushlamay muomala qilardi. Ko‘plar
xuddi mana shuning uchun ham orqasidan yomonlab, qurumsoq, quloq deb laqab qo‘yib yurishlarini
bilardi. Afsus, sal kechikibroq dunyoga kelgan-da, bo‘lmasa suyaklari allaqachon Sibir tomonlarda
chirib yotardi, deyishardi nadomat chekib. Bo‘ston odatan, bunday g‘iybatlarga javob berib o‘tirmas,
zotan, haq o‘zi tomonda ekanligiga zarracha shubha qilmas, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas,
boshqachasi dunyoning ostin-ustun bo‘lishi bilan barobar edi. Kun chiqishi
ga
qanday ishonsa, u bunga
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |