www.ziyouz.com kutubxonasi
13
la'natlandilar".
Muzakkir (eslatuvchi, da'vatchi) muloyim, tavoze'li bo'lishi, mutakabbir, dag'al, qo'pol
bo'lmasligi lozim. Chunki tavoze' va muloyimlik Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi
vasallam) axloqlaridir. Alloh taolo:
"(Ey Muhammad), Alloh tomonidan bo'lgan bir marhamat sababli ularga yumshoq so'zli
bo'ldingiz. Agar qo'pol, qattiq dil bo'lganingizda edi, albatta, ular atrofingizdan tarqalib
ketgan bo'lar edilar" (Oli Imron, 159), deb aytgan.
Agar u insonlarga namoz, ro'za, sadaqaning fazilatlaridan biror narsani xabar bermoqchi
bo'lsa, avval o'zi aytayotganiga amal qilishi lozim. Toki quyidagi oyat ahlidan bo'lib
qolmasin:
"Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz kitob
tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?" (Baqara, 44).
Ibrohim Naxa'iy aytadilar: "Men uchta oyat sababli qissa aytishni yomon ko'rdim".
Darhaqiqat, u oyatlarni yuqorida zikr qilib o'tdik.
Muzakkir Qur'on tafsirlarini, xabar-hadislarni, fuqaholarning so'zlarini o'rgangan bo'lishi
kerak. Ali ibn Abu Tolib insonlarga hikoya aytayotgan kishini ko'rib: "Nosix va mansuxni
bilasanmi?" deb so'radilar. U: "Yo'q", dedi. Shunda Ali unga: "Halok bo'libsan va halok
qilibsan", dedilar.
Muzakkir gapirayotganida bir kishiga emas, ommaga yuzlanishi lozim. Habib ibn Abu
Sobit aytadilarki: "Gapirayotganda faqat bir kishiga yuzlanmasdan, butun jamoaga
qarab gapirish sunnatdir".
Muzakkirning tama'gir bo'lishi aslo mumkin emas. Chunki tama' insonning obro'sini
tushiradi, yuzining va ilmining qadrini ketkazadi. Ammo bir inson masala so'ramasdan
oldin unga hadya bersa, uning hadyasini qabul qilishining ziyoni yo'q.
Muzakkirning majlisida xavf va rajo bo'lishi lozim. Majlisning hammasini butunlay xavf
yoki faqat rajo qilmaydi. Chunki bundan qaytarilgandir. Agar muzakkir majlisni uzun
qilishni xohlasa, unga majlisning orasida insonlarga yoqadigan va tabassum qilinadigan
so'zlarni qo'shishi mustahab. Chunki bu ish eshitishga qiziqish va iqbolni ziyoda qiladi.
Umar (roziyallohu anhu) haqlarida rivoyat qilinishicha, agar u kishi majlisga o'tirsalar,
insonlarni oxiratga rag'batlantirar va dunyoga berilib ketishdan qaytarar edilar. Agar
insonlarning dangasalik qilayotganini ko'rsalar, daraxt ekish, bino tiklash, devorlar
qurish haqida gapirar edilar. Agar insonlarni g'ayratli, shijoatli holatda ko'rsalar, oxirat
zikriga qaytarardilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |