7-bob
Hadisni rivoyat qilish va bu ishga ijozat berish haqida
Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Odamlar hadisni rivoyat qilish haqida ixtilof
qilishdi, agar "bizga hadis aytdi" deganning o'rniga "bizga xabar berdi" yoki aksincha
"xabar berdi"ning o'rniga "bizga hadis aytdi", desa, joizmi, joiz emasmi, deb ixtilof
qilishdi. Ba'zi hadis ahllari: "Agar sen hadisni muhaddisga aytmoqchi va uni undan
rivoyat qilmoqchi bo'lsang, "falonchi bizga xabar berdi", deb aytishing lozim bo'ladi.
Agar senga muhaddis o'qib bersa, falonchi bizga gapirib bergan (hadis aytgan), deb
aytasan", deyishadi. Ilm ahlining ko'pchiligi ikkalasini ham baravar bilishgan. Biz
shunisini olamiz. Yusuf Qoziydan (rahmatullohi alayh) rivoyat qilinishicha, u kishi
aytganlar: "Sen hadisni faqihga o'qib berasanmi yoki u senga o'qib beradimi, xohlasang,
hadis aytdi, deysan, xohlasang xabar berdi yoki falonchidan eshitdim, deb aytasan".
Abu Muti' aytadilar: "Men Abu Hanifadan: "Bizga xabar berdi, deymi yoki bizga hadis
aytdi deymi?" deb so'radim. U zot xohlasang, xabar berdi, de, xohlasang, hadis aytdi,
de", dedilar.
Sha'ba ibn Hajjoj aytadilar: "Xohlasang, xabar berdi, de, xohlasang, hadis aytdi, de,
xohlasang, bizga bildirdi, deb ayt. Agar muhaddis, mendan rivoyat qilishingga ijozat
beraman, desa, xabar berdi yoki hadis aytdi, deyishing joiz emas, balki falonchi menga
ijozat berdi, deb aytasan".
Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Xalil ibn Ahmad qozi: "Abu Tohir Ahmad ibn Safin
Dayomiy shunday deganlarini eshitdim: "Agar muhaddis, men senga ijozat berdim, deb
aytsa, u, men senga mening zararimga yolg'on gapirmasliging bilan ijozat berdim,
degan bo'ladi", deganlar.
Faqih (rahimahulloh) yana aytadilar: Agar muhaddis senga bir hadisni yozsa yoki
kitobini berib, menga falonchi bu kitobdagi hamma hadislarni gapirib berdi, deb aytsa,
sen, falonchi menga xabar berdi, deb aytishing mumkin, lekin menga hadis qilib gapirib
berdi, deyishing joiz emas. Chunki kitobat xabardir va hadis gapirish faqatgina o'zaro
so'zlashuv bilan bo'ladi. O'ylab ko'r, agar bir kishi, falonchiga mana shuni xabar
qilmayman, deb qasam ichsa va unga shu narsa haqida yozsa, qasamini buzgan bo'ladi.
Agar, aytmayman, deb qasam ichsa va uni yozib bersa, qasami buzilmaydi, modomiki u
bilan so'zlashmasa.
Abu Zumra Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilib aytadi: "Men Abdulloh ibn Shihobning bir
kitobni olib kelganini ko'rdim. Unga, bu kitobingni bilasanmi, deb aytilganda, u ha, dedi.
Ular o'zlariga o'qib beriladigan va unga o'qib berilgan narsaga rozi bo'lishdi. Natijada,
ular uni ko'chirishdi va undan xabar olishdi".
Bo’stonul orifiyn. Abu Lays Samarqandiy
www.ziyouz.com kutubxonasi
10
Abdulaziz ibn Ubbon Shu'badan rivoyat qilib aytadi: "Menga Mansur ibn Mun'im bir
hadisni yozib yubordi. Men unga uchrab shu hadis haqda so'radim. U: "Men senga xat
yozib yubormaganmidim?" deb aytdi. Men: "Agar xat yozgan bo'lsang, menga uni
aytgan bo'lasanmi?" dedim. U: "Ha", dedi. Mana shuni Ayyub So'xtiyoniyga zikr qildim.
U: "Agar senga xat yozgan bo'lsa, rost gapiribdi. Darhaqiqat, u senga gapirgan bo'ladi",
dedi. Muhammad ibn Hasanning (rahimahulloh) ham bunday deganlari rivoyat qilingan:
"Ilmni senga yozilishi bilan sen uni eshitishing bir xildir, agar senga yozilgan bo'lsa, u
haqida rivoyat qilishing xuddi eshitganingda joiz bo'lganidek joizdir, lekin ikkala
rivoyatning lafzida farq bo'ladi".
Do'stlaringiz bilan baham: |