Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay
Murod
www.ziyouz.com
kutubxonasi
30
Botir firqa bosh vrach bilan uzun dahliz bo‘ylab yurdi. Tevarakka qarab-qarab yurdi.
Dahlizni ikki tarafida qator palatalar bo‘ldi. Palatalar panjara-devorlik bo‘ldi. Panjara-
devorlar yo‘g‘on barmoqday temirdan bo‘ldi. Panjara-devorlar orasi barmoq sig‘ar
darajada zich-zich bo‘ldi.
Ichkarida... bemorlar sulayib-sulayib o‘tdi. Davra bo‘lib o‘ynadi. O’zlaricha raqsga tushdi.
Bir-birini quchoqlab tantsaga tushdi. Bir-biriga navbat bermay ashula aytdi.
Bemorlar panjara-devordan... tilini chiqardi, tilini osiltirdi, tilini o‘ynatdi. Beo‘xshov-
beo‘xshov tirjaydi...
— Men
bu dargohga birinchi kelishim, o‘rtoq bosh vrach. Bunday, uyoq-buyoqni
tanishtiring-da?
— Tanishtirmayman, Botir Esonovich, tanishti-rolmayman.
— Men
raykomni birinchi sekretariman, partiya posboniman. Mendan nimani bekitasiz?
Kisqacha spravka bering, bilib qo‘yay. Partiyaviy-tashkiliy ishlarda kerak bo‘lib qoladi.
— Faqat, gap shu yerda qoladi.
— Partbiletim bilan javob beraman!
— U holda, umumiy spravka beraman. Mana bu korpusimiz besh qavatdan iborat. Har
qavatida o‘n ikkitadan palatamiz bor. Bemorlarimiz yigirma xilga bo‘linadi. Ya’ni yigirma
xil ruhiy kasalni davolaymiz. Yigirma xil ruhiy notavonga shifo beramiz. Masalan, mana
bu palatalarda diniy-ruhiy bemorlar davolanadi. Diniy-ruhiy kasal deganimiz shuki,
jamiyatimiz kommunizm qurayotgan bir davrda...
bular shariat ishlari bilan
shug‘ullanganlar. Namoz o‘qiganlar. Toat-ibodat qilganlar. O’zlari kamday, sof vijdonli
sovet kishilari orasida diniy targ‘ibot ishlari olib borganlar. Shu sabab, bular — diniy-
ruhiy bemorlardir. Mana bular esa — huquqni himoya qiluvchi bemorlar hisoblanadi.
Aniqrog‘i, tarixchi-ruhiy kasallardir. Bu tarixchi-ruhiy kasallar
tarix darsliklariga qarshi
chiqqanlar. Xalqqa tarixni qing‘ir-qiyshiq qilib targ‘ib qilganlar. Bu qing‘irliklari bilan
«ozod va hur» sovet xalqi ongini zaharlaganlar. Masalan, anavi tirjayib turgan bemor...
akam o‘zlaricha Rossiya O’zbekistonni qo‘shib olmagan aksincha, bosib olgan, deb
targ‘ibot qiladilar. Biz bu dononi davolayapmiz. Manavilar — boyvachcha bemorlar.
Bularda uy-joy, mashina, mol-dunyo mo‘l. Bular ana shu mol-dunyosini birovga meros
qoldirishni istamaydi. Merosxo‘rlari esa ko‘p. Oqibat, merosxo‘rlar o‘zaro janjal qiladi.
Boyvachcha esa, xasta bo‘lib qoladi. Keyin, bir merosxo‘ri, mana bo‘lmasa deb,
boyvachcha bemorni... bizga olib kelib topshiradi. Mana bu bemorlar esa —
harbiy
qonun-qoida qurbonlari. Bular o‘z vaqtida harbiy xizmat qilishdan bosh tortgan.
Armiyada xizmat qilishni istamagan. Harbiy xizmat vaqtida armiyadan qochib ketgan.
Sovet armiyasi sha’niga haqoratomuz so‘zlar aytgan. Sovet armiyasi qamoqxona,
degan. Xullas, sovet armiyasining dushmanlari. Manavilar — ixtirochi-kashfiyotchilar. Bu
bemorlar o‘z kasblari bo‘yicha ulkan kashfiyotlar qilgan, ixtirolar yaratgan.
Kashfiyotlarini o‘z aqllari bilan yaratgan. Ixtirolarini o‘z qo‘llari bilan yaratgan. Manavi
bemor o‘zining kashfiyot — ixtirosi sovet faniga qabul qilinayotgan vaqtda... tentakligini
namoyish qilib qo‘ygan. Bilasiz, sovet jamiyati kollektivizm asosiga qurilgan.
Kollektiv
bo‘lib mehnat qilish, kollektiv bo‘lib yaratish, kollektiv bo‘lib yashash... Shu jumladan,
sovet fani ham kollektiv mehnat samarasidir. Shu sabab,
ilmiy tekshirish instituti
direktori, direktor o‘rinbosari, laboratoriya mudiri... jami besh kishi mana shu bemor...
bilan soavtorlik qilmoqchi bo‘ladi. Bu tentak esa... soavtorlikni rad etadi! Yelg‘iz o‘zi
kashfiyot qilib, fan yaratmoqchi bo‘ladi. Bundan keyin, buni kim deb atash kerak? Jinni-
da, jinni. Ana, o‘tiribdi.
Botir firqa eshitib bordi. Tevarakka qarab bordi. Bosh irg‘ab-irg‘ab bordi.
«Bu kasalxona emas, qamoqxona. Shunday, qamoqxona», deya bosh irg‘adi.