www.ziyouz.com kutubxonasi
75
Palmer qahvasini ichib, lablarini qog‘oz sochiq bilan artib qo‘ydi.
— Tezlikni oshirganimiz uchun bizga jarima solishsa-chi? — dedi u, —Mak Berns men uchun
hammasini bosdi-bosdi qiladi.
Edis qoshini chimirdi.
— Bor-yo‘g‘i besh yoki o‘n daqiqa, — takrorladi Edis.
— Mayli.
Edis o‘rnidan turib, erini kutubxonasigami yoki ish xonasigami-ey yetaklab kirdi. Mehmonxona
ma’muriyati bu xonani ular uchun maxsus ajratib bergandi. Hozir mazkur xonaga o‘ralgan rasmlar,
yog‘och qutilar taxlab tashlangandi. Ularda otasi to‘plagan nodir kitoblar bor edi. Hamishagidek
Palmer ular vaqtinchalik turgan boshpanani eslatuvchi tartibsizlikdan chimirildi.
— Xo‘sh, nima deysan?
— Mana, ko‘rib qo‘y. — Edis yozuv stolining yoniga bordi. Stol deraza oldida turardi. Edis chizmalar
o‘ramini yecha boshladi. — Sen bilan uchinchi qavatning loyihasini muhokama qilishim lozim.
— Nimasini muhokama qilasan? Men uni ma’qullayman.
Edis bir zumga ko‘zlarini yumdi.
— Vuds, iltimos, ertalabdan hazilga balo bormi?!
Uning uzun ko‘rsatkich barmog‘ining silliqlangan pushti tirnog‘i chizmaning «xona» deb yozilgan
joyiga qadaldi. Edis eriga qaradi.
— Bu xona sen uchun, — dedi Edis. — Men yozuv stolini qaerga qo‘yishingni bilishim lozim.
— Men bu yerda nima qilaman?
Edis yelkasini qisdi.
— Bu borada hech qanaqa tasavvurga ega emasman, azizim. Faqat shuni yaxshi bilamanki,
Chikagoda uyda o‘tirib ishlaydigan xonang bor edi, demak Nyu-Yorkda ham bo‘ladi.
— Bu yerda men qanday rolni bajarishim kerak, Edis? Oilasi davrasidagi ko‘ngilchan keksa
bankirnimi? Yoki serg‘ayrat yosh moliya korchaloninimi?
— Hamma balo shunda-da, — so‘zini bo‘ldi Edis. — Bunaqasi qo‘ysak, quyosh to‘g‘ri ko‘zingga
tushadi.
— Edis, — keskin e’tiroz bildirdi Palmer. — Buning nima ahamiyati bor? Bu yerda o‘tirib ishlaydigan
xonaning nima keragi bor o‘zi? Agar bordi-yu, o‘tirsam ham faqat kechqurunlari o‘tiraman-ku.
— Ha, to‘g‘ri, — dedi Edis va unga o‘girildi, — Ha, bo‘lmasam-chi?
— Sen yana mendan so‘rayapsanmi? Axir, savolni men berdim-ku!
U bir necha soniya erini indamay kuzatib turdi. Edis o‘ziga xos qarash bilan boqarkan, go‘yo shu
damda Palmer nima haqida o‘ylayotganini, umuman, olamda nimalar bo‘layotganidan xabardor
ekanday tutardi o‘zini.
— Albatta, — deya so‘zini davom ettirdi Edis nihoyat, — bolalar ham vaqt-vaqti bilan bu xonadan
foydalanib turardilar. Chunki barcha ma’lumotnomalar shu yerda bo‘ladi.
— Mana, endi biz bir qadam olg‘a bosdik. Bu mening xonam, lekin bolalar ham vaqti-vaqti bilan
undan foydalanib turadilar.
— Balki har kuni foydalanib turishar. Shuni unutmaki, bu yerda qomuslar, lug‘atlar, iqtisod va bank
ishiga doir barcha kitoblar bo‘ladi. — Edis jim qolib eriga qaradi. — Sen bu yerga yana nimani
qo‘ygan bo‘larding? Poulk ma’lumotnomasinimi? Har xil mavzudagi ma’ruzalardan ko‘chirmalar?
Yoxud Bartlettnimi?
Palmer chizmadan changni qoqib tashlab, stolning bir chekkasiga o‘tirdi.
— Voy xudoyim-ey, Bartlett menga birdan nima uchun kerak bo‘lib qoldi? — so‘radi u.
— Sening ma’ruzalaring uchun. Axir ma’ruzalar uchun tayyorlanasan-ku.
— Ularni men o‘zim tayyorlamayman.
Edis ko‘zlarini parket to‘shamasiga qadagancha jimib qoldi. Keyin boshini asta ko‘tarib, Palmerga
qaradi. Bu safar uning nigohi har narsani biladigan emas, hayratlangan edi.
— Nima, ularni o‘zing yozmaysanmi?
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |