www.ziyouz.com kutubxonasi
6
Qariya tag‘in kuldi va stakanidagi viskini ichib tugatdi.
— Shu desang, hozirgi paytda odamlar nimalar bilan shug‘ullanmaydi, — dedi u nihoyat. — G’arb
tamadduni haqida, erkin dunyo to‘g‘risidagi ulug‘vor g‘oyalarni aytmaysanmi. Hozir faqat shular
haqida eshitasan, xolos.
— Bu tabiiy, chunki odamlar tashvishda... — Palmer jimib qoldi, u keksa bankir fikri rishtasini
yo‘qotib qo‘ydi, deb o‘yladi.
— Ularning tashvish tortishiga hojat yo‘q. Hamma narsani chalkashtirib yuborishmasa bo‘lgani.
Berkxardt biroz oldinga engashdi, shundan gavdasi birdaniga katta ko‘rinib ketdi.
— Aytaylik, o‘sha «erkin dunyo»ni olaylik, — u stakaniga tikilganicha so‘zida davom etdi. —
Boshqacha aytganda, bizning yarim sharimiz va butun Yevropani, «temir parda» ortidagi mamlakatlar
bundan mustasno, albatta. Axir, biz buni shunday tushunamiz.
— Shunday.
— Shunday ekan, — Berkxardt qaddini rostladi va uning ovozida birdaniga tantanavor ohanglar
eshitildi. — «Erkin dunyo» haqida gapirganingda, sen kapitalizmni nazarda tutasan, kapitalizm
to‘g‘risida gapirganingda esa Amerika Qo‘shma Shtatlarini o‘ylaysan, chunki uni biz boshqaramiz.
Qo‘shma Shtatlar haqida gapirarkansan, sen banklarni nazarda tutasan, chunki pulni aynan banklar
beradi. Shu tariqa: sen banklar deganingda, ular orasidagi eng nufuzlilari, ya’ni «Yunayted benk»ni
ko‘zda tutasan. Chunki eng yirik bank shu. — Qariyaning kichik-kichik moviy ko‘zlari Palmerga juda
jiddiy tikildi. — Sen «Yunayted benk» deganingda esa, — uning ovozi kutilmaganda juda past
eshitildi, — demak sen men haqimda gapirasan.
Oraga bir necha soniyalik jimlik cho‘kdi. Palmer qariya o‘tirgan oromkursi g‘ijirlaganini eshitdi.
— Men xuddi mana shu haqda gapirayapman, — xulosa qildi qariya. — Hamma narsaga oddiyroq
qarash lozim. Menga bankning birinchi vitse-prezidenti kerak. O’z vazifangni bajarishga qachon
kirishasan?
Ikkinchi bob
Dushanba kuni Palmer Grand Sentral stantsiyasida yerosti yo‘lidan chiqdi-da, ertalabki quyoshning
yorqin nuridan ko‘zi qamashib, bir zum to‘xtab qoldi. U ishga shoshayotgan kishilarga nigoh tashladi,
Park-avenyu bo‘ylab «Merrey Xill» mahallasi yo‘nalishida ketayotgan ayollar poshnalarining
taqillashiga quloq soldi.
Pastlab yoyilgan ertalabki tuman o‘tkinchilarning tund yuzlaridagi tashvish soyasini ancha
yumshatdi. Ular ko‘zlarini dadil tikkanlaricha olg‘a intilardilar. Ayollarning lablari qon tomayotgan
yaradek qizil, peshanalariga ajin to‘r tashlagandi. Shahar aholisining yuzi dushanbada quyosh nurida
rang-barang ko‘rinadi.
Palmer bir qo‘lidagi sakvoyajini go‘yo uning og‘irligini chamalayotgandek, ikkinchi qo‘liga oldi-da,
taksi topish ilinjida Park-avenyuning chap tomoniga o‘tdi. Bundan yigirma daqiqa oldin Berkxardtning
haydovchisi ikkalasini «flitvud»da Van-Kortlend parkidagi metro bekatiga eltib qo‘ygandi. Park
ertalabki shudringdan nam edi. Ular yerosti ekspressi vagoniga o‘tirib, gazeta o‘qishga tutindilar va
yo‘l bo‘yi lom-mim demay o‘qishda davom etdilar. Grand Sentral bekatida Palmer metrodan chiqdi.
Puritanlik bema’nilikdan boshqa narsa emas, o‘ylardi Palmer. Qolaversa, bu xislat sharqiy sohildagi
boshqa bankirlarga ham xosdir. Berkxardt shahar chekkasida o‘zining uyi joylashgan Konnektikutdan
Nyu-Yorkkacha shaxsiy «flitvud»ida borishi mumkin edi. Biroq, Bronksdagi metro stantsiyasidan nari
o‘tmasdi. U yerdan esa o‘n besh tsentga yerosti yo‘li bilan Broud-stritga yetib olardi. Ehtimol, uning
puritanlik vijdoni bunga yo‘l qo‘ymagandir.
Yo‘q, degan qarorga keldi Palmer, bu ishga vijdonning umuman aloqasi yo‘q: Berkxardt metro uni
Nyu-York markazigacha avtomobilga nisbatan ancha tez eltib qo‘yishini allaqachon hisoblab chiqqan.
Bronksdagi so‘nggi stantsiya esa butun yo‘l bo‘yi vagonda o‘tirib borish uchun ancha qulay.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |