Prudoning (1809-1865) kapitalizmni isloh qilish konsepsiyasi, qiymatning abadiy g'oyasi, belgilangan qiymat
12.1. XIX asrning birinchi yarimida islohotchilik ilmiy konsepsiyalarining shakillanishi
12.2. S.Sismondining iqtisodiy qarashlari, uning mayda ishlab chiqarish nazariyasi
12.3. P.J.Prudonning iqtisodiy konsepsiyasi. Prudonizm
12.4. K.Rodbertusning iqtisodiy g`oyalari
1. XIX asrning birinchi yarimida islohotchilik ilmiy konsepsiyalarining shakillanishi XVIII-XIX asr boshlaridagi sanoat to`ntarishi katta ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlarga olib kelish bilan birga, A. Smit ta'limotini turlicha tanqid qiluvchi nazariy maktablarni shakillanishiga yetarli zamin tayyorladi. Bu nazariy maktablar umuman klassik iqtisodiy maktabga muxolif bo`lib uch asosiy yo`nalishda: iqtisodiy romantizm, xayoliy sotsiolizm, nemis tarixiy maktabi (ijtimoiy-tarixiy) yo`nalishida rivojlandi. Bularning asosiy vakillari klassik iqtisodiy maktabga qarshi chiqish bilan birga ulardan o`zgacha jamiyatning nisbatan ideal ijtimoiy-iqtisodiy tuzilish modelini taklif qildilar.
Darslikning shu va keyingi boblarida klassik iqtisodiy maktabga qarama-qarshi g`oyalarning ba'zilari bilan yaqindan tanishamiz.
Kapitalistik rivojlanishdan orqada qolgan va mayda tovar ishlab chiqarish ustun bo`lgan sharoitda sanoat to`ntarishi davriga kirayotgan mamlakatlarda bu tuzumni tanqid qilib, unga mayda ishlab chiqaruvchilar manfaatini nisbatan bergan iqtisodchilarni paydo bo`lishi tabiiy bir hol edi. Mayda ishlab chiqaruvchilar nazaryotchilar klassik iqtisodiy maktabga ham, xayoliy-sotsialistlarga ham bab-barovar teng qarshi turuvchi iqtisodiy ta'limotni ilgari surishga intildilar. Ular kapitalistik jamiyatning mayda tovar ishlab chiqarishni saqib chiqarish yollanma mehnatni kengaytirish bilan bog`liq bo`lgan ko`pgina belgilarini tanqid qilib, xususiy mulkchilikni sohibkorlik erkinligini yoqlab chiqadilar.
XIX asrning birinchi choragida iqtisodiy ta'limotlarda shuningdek, ilk bor ishchilar sinfining ahvoli asosiy muammo qilib ajratib ko`rsatila boshlandi. Chunki, aynan mana shu davrdan boshlab sanoat ishchilarga rasman shakllandi va ularga xos muammolar ko`zga tashlana boshlagan edi.
Mayda ishlab chiqarish nazariyotchilari "iqtisodiy romantizm" ga xos islohotchilik harakatlarini targ`ib qilib, o`z rivojida bir necha bosqichni bosib o`tdi. Agar birinchi bosqichni vakili hali kapitalizmdan voz kechishni orzu qilgan, uni cheklab qo`yishga intilgan ishchilarning kullafatlari xususida astoydil ko`z yoshi qilgan bo`lsa, ikkinchi bosqich maktabi vakili esa kapitalizmni isloh qilish loyihasini ilgari surib "kichik kapitalizm" ni saqlab qolish tarafdori edi. Lekin shuni alohida ta'kidlash zarurki, markscha-lenincha ta'limotdan farq qilib, ya'ni "inqilobga qarshi" deb atalgan yo`nalishdan yuz o`girib, "Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" alohida yo`nalish hisoblangan islohotchilikka xos bu maktab vakillari ijodini, ta'limotlari o`rganish nithoyatda zarurdir. Chunki, ilmiy maktab vakillari o`z davrlarida klassik iqtisodiy maktab vakillarini tanqid qilib, xayoliy soialistlar g`oyalariga qarshi kurashdilar, marksizm ta'limoti ommalashuviga qarshilik qilishga urindilar.
Biz ushbu bobda mana shu maktabning asosiy vakillari S.Sismondi, P.Prudon, K.Rodbertusning iqtisodiy ta'limotlariga xos xususiyatlar ularning uslubiyati bilan yaqindan tanishamiz. Bu olimlar qoldirgan ilmiy meros ma'lum darajada uzoq davr davomida turli mamlakatlardagi iqtisodiy qarashlarning shakllanishiga katta ta'sir o`tkazib keldi.
2. S.Sismondining iqtisodiy qarashlari, uning mayda ishlab chiqarish nazariyasi Jan Sharl Leonardi Simond Leonard de Sismondi (1773-1842) Shveytsariyada tug`ilgan, fransuz klassik siyosiy iqtisodini nihoyasiga yetkazuvchi va ayni vaqtda mayda siyosiy iqtisodning asoschilaridan biridir. U mu'tabar protestant pastor oilasida tug`ilib voyaga yetdi. protestantlar kollegiyasini bitirib chiqdi, Jeneva universitetida o`qidi. siyosat bilan unchalik ko`p vaqt shug`ullangani yo`q, Fransiya ma'naviy va siyosiy fanlar akademiyasining a'zosi etib saylandi. S.Sismondi iqtisod va tarix fanlari sohasida katta ishlarni amalga oshirib, boy ilmiy-adabiy meros qoldirdi. "Toskani qishloq xo`jaligining ko`rinishi" (1801 y.), "Savdo boyligi yoki siyosiy iqtisod prinsiplari va ularning savdo qonunchiligida qo`llanilishi to`g`risida" (1803 y.), "Italiya respublikalarining tarixi" (1807 y.), 1818 yilda esa "Edinburg ensiklopediyasi" uchun "Siyosiy iqtisod" maqolasini tayyorladi, lekin "Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari yoki boylikning aholi nufuziga munosabatlari to`g`risida" (1819 y.) kitobining nashr qilinishi uning shuhratini yanada oshirdi. Keyingi yillarda "Siyosiy iqtisoddan etyudlar" (1837 y.) va fundamental tarixiy asarlar hisoblangan "Fransuzlar tarixi" (31 tom), "Rim imperiyasi qulashining tarixi", "Italiya ozodligi tiklanishining tarixi" va boshqa asarlari nashr qilindi.
S.Sismondi g`oyalarining shakllanishi, sanoat to`ntarishi davri bilan, shuningdek mayda ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy kuchsizlanishi bilan bog`liq bo`lib, bu esa o`z navbatida kapitalizmning feodalizm ustidan, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishning mayda ishlab chiqarish ustidan g`alabasini anglatar edi.
S.Sismondi ijodini o`rganish metodini ayrim xususiyatlarini klassik iqtisodiy maktab vakillari bilan tenglishtirishimiz mumkin. Aynan o`ziga xos uslubiyot iqtisodiyot faniga quyidagi yangiliklarni olib kirdi.
Birinchidan, Klassiklardan farq qilib, hukumatlar boylikni taqsimlash va tartibga solishni boshqarishni o`z qo`llariga olishlariga xayrihohlik bildiradi. Unda aynan hukumat ishlab chiqarishni kengaytirmasdan "uchinchi shaxslar" manfaatlariga mos yo`l ochib beradi.
Ikkinchidan, siyosiy iqtisodda ilmiy abstraksiya usulini qabul qilmaslik. S.Sismondi, A.Smit izdoshlarini abstraksiyaga berilib insonlarni umuman unutganliklarini, natijada fan ularni izlanishlarida turli amaliyotlardan ajralib qoldi deb xulosa qiladi.
Uchinchidan, A.Smitning "iqtisodiy inson" doktrinasini inkor etish. S.Sismondi klassiklarning har bir alohida olingan inson manfaatlari umumiy manfaatlarini shakllanishiga sababchi degan fikrga umuman qo`shilmaydi. Uning fikricha, har qaysi inson o`zining shaxsiy manfaatlarini o`zgalar hisobiga amalga oshirish bilan mavjud turli imkoniyatlarni ishga solar ekan, bu yerda har sanoatchining erishgan yutug`i o`z navbatida o`zga sanoatchini xonavayron bo`lishiga olib keladi.
To`rtinchidan, ilmiy texnika progresini jadallashuvi jamiyat ravnaqidagi obyektiv zaruriyatligini tan olmaslik. quyidagi uslubiy holatni izohlab S.Sismondi shunday deydi: "Garchan mashinalar ixtirosi insonlar uchun katta qulaylik bo`lsada, ammo ular (mashinalar) yaratgan foydani adolatsiz taqsimlanishi, kambag`allar uchun ofat keltiradi".
Beshinchidan, iqtisodiy tahlilda funksional usulni qo`llash maqsadga muvofiqligini e'tirof etish. Bu holat siyosiy iqtisodda tobora yangi tus olayotgan sabab va oqibatni tan olish demakdir.
Oltinchidan, iqtisodiy tahlilda iqtisodiy faktorlar bilan birga noiqtisodiy faktorlarning ham o`rin olishi. Din, tarbiya, vijdoniylik va boshqalar insonlarning bir maqsadga yaqinlashtiriuvchi faktorlar deb belgilanadi.
S.Sismondi mayda ishlab chiqarish pozitsiyalarida turib, kapitalizmni tanqid qilib, mayda tovar ishlab chiqarishga qaytishni orzu qildi.
Uning qarashlari rivojida ikki bosqich ko`zga tashlanadi. Avval boshda S.Sismondi A.Smit ta'limotining, klassik siyosiy iqtisodning tarafdori bo`lib chiqdi. U o`zining dastlabki asarlaridan biri - "Savdo boyligi to`g`risida..." kitobida (1803 y.) sanoat to`ntarilishining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va imkoniyatlarini yuksak baholadi. S.Sismondi Angliyaga ikkinchi marta borib kelganidan keyin kapitalizmni, shuningdek klassik maktabni qattiq tanqid qila boshladi.
"Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari yoki boylikning aholi nufuziga munosabatlari" (1819 y.) kitobi uning shuhratini yanada oshirdi. S.Sismondi odamlar baxt va tenglikni ta'minlash uchun birlashdilar, degan fikrga asoslanadi. U mayda ishlab chiqarishni ko`klarga ko`tarib maqtaydi, mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilishga intiladi, hammaga hamdardlik bildiradi, fabrikaga oid qonunlarni tabriklaydi, bolalar mehnatining ekspluatatsiya qilinishini qoralaydi. Kapitalizmni ijtimoiy adolatdan mahrum bo`lgan jamiyat deb ma'lum qiladi. S.Sismondi iqtisodiy qarashlarining sistemasida daromad to`g`risidagi ta'limot alohida o`rin olishini kitob nomining o`ziyoq ko`rsatib turibdi. U taqsimotning ko`pdan-ko`p muammolari to`g`risida fikr bildiradi. Kapitalni, krizislarni, mahsulotni realizatsiya qilish masalalarini tadqiq etadi, jamiyatni o`zgartirishning mayda burjuacha dasturi (programmasi) ni ilgari suradi.
A.Smitning ta'limotida mehnat qiymat va boylikning birdan-bir manbayi deb tahlil qilingan edi. Zarur ish vaqti tushunchasi birinchi bor joriy etildi. S.Sismondi pul ichki qiymatga ega bo`lgan mehnat mahsulotidir va shu sababli qiymatning umumiy mezoni tarzida namoyon bo`ladi, degan to`g`ri xulosaga keldi. Pulning qadrsizlanishi ortiqcha qog`oz pullar muomalaga chiqarilishi haddan oshib ketishining natijasi, deb talqin etiladi. Ammo u pulning vujudga kelishi jarayonini, uning vazifasini tadqiq etmaydi. S.Sismondi iste'mol qiymat o`rtasidagi ziddiyatni ko`ra bilgan bo`lsa ham, ammo uning mohiyatini tushunmaydi. U qiymatdan chetga chiqishni qiymat qonunining buzilishi deb hisoblaydi.
S.Sismondining ta'biricha, ijtimoiy fan ikki qismdan: oliy siyosat va siyosiy iqtisoddan iborat, agar siyosat davlat tartibining qanday vujudga kelishini o`rgatsa, fuqarolarni diyonat va din ruhida tarbiyalasa, siyosiy iqtisod xo`jalikni qanday boshqarishni, ijtimoiy tartibni saqlashni hukumatga tavsiya qilishi kerak. Umuman siyosiy iqtisod ma'naviy fan bo`lib, u odamlarning his-tuyg`ulari, ehtiyojlari va ehtiroslarini o`rganishi kerak. S.Sismondining fikricha, "odamlarning moddiy farovonligi, inson tabiati" siyosiy iqtisod predmeti bo`lishi kerak, "odamlarning moddiy farovonligi" esa davlatga bog`liq. S.Sismondi siyosiy iqtisod predmetini davlatning iqtisodiy siyosati bilan ayni bir narsa deb bildi, uni sinflardan ustun turadigan fan, deb talqin etdi. Ishlab chiqarish munosabatlarini, iqtisodiy qonunlarni bilish zarurligini inkor qildi. U insonning fe'l-atvorini birinchi o`ringa qo`ydi.
S.Sismondi uslubiyoti (metodologiyasi)ga 1. Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni subyektiv-idealistik talqin etish; 2. Ilmiy abstraksiya usulining yo`qligi; 3.Tarixdan tashqari yondashuv; 4. Ayirboshlash konsepsiyasi xosdir. Mayda burjua nazariyotchisi bo`lgan S.Sismondi iqtisodiy qonunlarning obyektiv xarakterini tan olmadi. U kapitalistik iqtisodiyot notekis rivojlanishini haqli ravishda ko`rsatgan bo`lsa ham, bu narsa iqtisodiy qonunlar amal qilishining o`ziga xos tarzda namoyon bo`lishi ekanligini ko`ra bilmadi. U o`zining rahmdillik bilan (sentimental) qilgan tanqidini ijtimoiy fanning alohida usuli darajasiga ko`tarishga intildi. S.Sismondi insonni unutib, abstraksiyaga berilgan A.Smit va uning tarafdorlarini qattiq tanqid qildi. U kapitalizm ko`p mamlakatlarda amal qila boshlagan bo`lishiga qaramay, kapitalistik rivojlanishdan voz kechish mumkinligini asoslamoqchi bo`ldi. U iste'mol ishlab chiqarishdan ustun degan fikrga asoslandi. Butun iste'molni shaxsiy iste'moldan iborat deb bildi.
S.Sismondi kapitalizmni antagonistik jamiyat deb bildi va shu bilan klassik iqtisodiy maktabning namoyandalaridan ilgarilab ketdi. U kapitalizmning o`ziga xos xususiyatini - boylikning oz sonli kishilar qo`lida to`planishi va ko`pchilik mehnatkash aholining chor-nochor kun kechirishini, jamiyat bilan xususiy sohibkorning manfaatlari bir-biriga mos emasligini, qishloq xo`jaligining savdodan va sanoatdan orqada qolayotganini ko`rsatdi. S.Sismondi burjua boyligining ko`payishini bosh vazifa deb va iqtisodiy taraqqiyot mezoni deb hisoblashdan voz kechdi, "kapitalizmning ziddiyatlari" masalasini birinchi bo`lib maydonga tashladi va shunday qilib tahlilni yanada davom ettirish vazifasini qo`ydi.
Klassik maktabga qarama-qarshi o`laroq mayda tovar ishlab chiqaruvchilarning xonavayron bo`layotganini, "ortiqcha" aholi paydo bo`layotganini, mashinalar ishchilarni siqib chiqarayotganini ko`rsatdi, biroq, kapitalizm ziddiyatlarining asl sababini payqay olmadi. S.Sismondi klassik maktabning krizislar bo`lishi mumkin emas va kapitalizm ziddiyatlar nimaligini bilmaydi degan mulohazalarini tanqid qildi. Uning tarixiy xizmati mana shundan iborat.
Shu bilan birga S.Sismondi kapitalizmning ilg`or mazmunini, uning feodalizmdan ustunligini tushunmadi. U kapitalizmni ro-mantiq tarzda g`ayri ilmiy asosda tanqid qildi, kapitalistik tuzumning imkoniyatlariga mayda burjuaziya nuqtayi nazaridan baho berdi. U kapitalizmni tartibga solish, mayda hunarmandlarning sex tuzumi tarzida orqaga qaytish ehtimoli bor, deganlarida ham mayda burjuacha romantizm namoyon bo`ldi. S.Sismondi revolutsiyaga qarshi, u kapitalizmni isloh qilish, uni tiyib turish tarafdori.
Milliy daromad va kapital S.Sismondining iqtisodiy qarashlari sistemasida yetakchi muammodir. U o`zining "Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari" asarining dastlabki uch bobini ayni shu muammoga bag`ishlaydi. A.Smitdan keyin S.Sismondi ham daromadlarning uch turini: foyda, renta va ish haqini alohida ajratib ko`rsatadi, dastlabki ikki turni umumlashtirib, ustama qiymat tushunchasidan foydalanadi, ularni ichki mahsulotdan chegirma deb hisoblaydi. Biroq S.Sismondi shu tariqa qo`shimcha qiymat nazariyasini maydonga tashladi deb aytish uchun asos yo`q. U ish haqi ishchi mahsulotining jami qiymatiga teng bo`lishi kerak deb aytish bilan birga shu zahotiyoq kapitalistning kapital yaratish sohasidagi "dastlabki mehnati" uchun unga odilona mukofot deb, rentani esa yerning ehsoni deb e'lon qiladi. A.Smitning iqtisodiy taraqqiyot davomida ish haqi oshishi xususidagi umidiga S.Sismondining qo`shilmaganligi uning ijobiy jihatidir.
Yakka tartibdagi daromadlardan S.Sismondi "boyliklardan olingan foyda" va ishchi ish haqining yig`indisi bo`lmish milliy daromad muammosiga o`tadi. Bu milliy daromad bilan yalpi mahsulotni aynan bir narsa deb bilganligi, uning asosiy nazariy xatosidir. Agar u birlamchi mahsulotda A.Smitning izidan borib uch qismdan: xom materialning va mehnat qurollarining o`rni qoplanishini, ish haqi va foydani ajratgan bo`lsa, yig`indi mahsulotdan faqat so`nggi ikki qismni ajratadi. Doimiy qism yo`q bo`lib ketadi.
Kapital deganda S.Sismondi ishlab chiqarish zapaslarini (ishlab chiqarish vositalarini) tushunadi. U kapital jamg`arilishini tejamkorlik bilan bog`laydi. S.Sismondi asosiy mashinalar, ish qurollari va aylanmalar, urug`lik, xom ashyo, ish haqi kapitalini bir-biridan ajratib, A.Smitning hamma xato va yutuqlarini takrorlaydi. U kapitalni doimiy va o`zgaruvchi kapitalga ajrata bilmadi. Oxir-oqibatda S.Sismondi kapitalning milliy daromaddan farqini izohlay olmadi va buning ustiga A.Smitning shu ikkisi o`rtasidagi tafovutni nazariy jihatdan isbotlash yo`lidagi intilishlarini pisand qilmay, orqaga qadam tashladi.
S.Sismondi kapitalistik aholi nufuzi jarayonini tahlil etishga harakat qildi. U iqtisod fanida birinchilardan bo`lib foydani ko`paytirish manfaatlari yo`lida mashinalarni joriy etish ishsizlar vujudga kelishiga olib boradi, ishsizlarning mavjudligi esa ishlab turganlarning ahvolini yomonlashtiradi degan, faktni tan oldi. Ammo, S.Sismondi ortiqcha aholini kapitalistik fabrika mexanizmining zarur tarkibiy qismi deb bilmadi. S.Sismondi kapitalistik fabrika chor-nochor ishchini kelajakka boqqanda "kelgusi shanbadan narini" ko`rmaslikka o`rgatganligini, undagi axloqiy tuyg`ularni siyqalashtirib yuborganligini ishsizlar paydo bo`lishining sabablaridan biri deb hisobladi. U din ishchilarning "nojo`ya nikoh"larini qoralamayotganligini aytib, dinga hujum qildi.
"Uchinchi shaxslar" nazariyasi S.Sismondi nazariy qarashlarida asosiy o`rinni egallaydi. U ishlab chiqarish va ijtimoiy daromad hajmlarining birligini ijtimoiy mahsulotni to`la-to`kis realizatsiya qilishning asosiy sharti deb hisoblaydi. Bunday tenglikka avtomatik tarzda o`z-o`zidan erishilmaydi deb hisoblaydi, u aksincha yirik sanoatning rivojlanishi ishlab chiqarishning muqarrar ravishda iste'moldan o`zib ketishiga olib boradi. Kapitalizm o`zi uchun hal etilmaydigan muammoni qiymat va "ustama qiymat"ni realizatsiya qilish muammosini keltirib chiqaradi, yalpi ortiqcha ishlab chiqarish krizisi kapitalizmga xos xususiyatdir. S.Sismondining o`ylashicha, ichki kapitalistik bozor qisqarib boradi, chunki ishchilarning daromadlari kamayadi. Kapitalistlar o`z daromadining bir qismini iste'mol qilmaydi, balki jamg`aradi, mayda ishlab chiqaruvchilar xonavayron bo`ladi va ularning iste'moli kamayadi. Vaziyatni tashqi bozorlar yengillashtirishi mumkin. Ammo bunday bozorlarni qidirish tobora qiyinlashadi. Kapitalizm maqbul emas va mumkin ham emas.
S.Sismondi "uchinchi shaxslar", ya'ni mayda ishlab chiqaruvchilarga madad berishga umid bog`laydi. U burjua mamlakatlarining hukumatlarining hukumatlariga murojaat etib, ular kapitalistik rivojlanishni to`xtatsinlar deb so`raydi. Jamiyat mayda ishlab chiqarishga qaytgan taqdirdagina go`yo mo`l-ko`lchilik boshlanar emish. S.Sismondining tutgan o`rni - takror ishlab chiqarish asosiy qonunlarini tushunmaslik natijasidir. Ishlab chiqarish bilan iste'mol o`rtasidagi ziddiyatni, shaxsiy iste'molning takror ishlab chiqarish ziddiyatini, shaxsiy iste'molning takror ishlab chiqarish jarayonlari uchun muhimligini tan olganligi S.Sismondi o`rtaga tashlagan konsepsiyaning ijobiy jihatidir.
S.Sismondi iqtisodiy krizisni daromadlar o`rtasidagi nomuvofiqlik deb tushunadi, ayrim olimlar chinakam ilmiy nazariya kapitalizm sharoitida ishlab chiqarish bilan iste'mol o`rtasidagi nomuvofiqlikni tan oladi, biroq unga tobe' o`rin beradi deb ta'kidlagan edi. Yetarli iste'mol qilmaslik nazariyasi krizislar arafasidagi davrda ishchilarning iste'mol quvvatining oshib borishi, yetarsiz iste'mol qilish esa kapitalizmdan avval ham mavjudligi, ammo krizislar faqat kapitalizmning belgisi ekanligi va surunkali bo`lmasligi vaziyatini izohlay olmaydi. Iqtisodiy krizislarning haqiqiy sababi ishlab chiqarishning ijtimoiy xarakteri bilan iste'molning xususiy xarakteri o`rtasidagi ziddiyatdir.
S.Sismondi kapitalistik yo`ldan voz kechishni taklif qildi, kapitalizmni tartibga solishga, ishchilar bilan kapitalist o`rtasida patriarxalchilik munosabatlarini o`rnatishga, ishchilarni foydani taqsimlashda qatnashtirishga, ishsizlar va nogironlar haqida g`amxo`rlik qilishga va buning uchun maxsus fondlarni vujudga keltirishga, mayda ishlab chiqarishni saqlab qolish va qo`llab-quvvatlashga, manufakturaga bo`lgan yirik mulkchilikni ko`p sonli kapitalistlar o`rtasida taqsimlashga chaqirdi. U yollanma ishchilarni ham mulkdorlar sinfi safiga qo`shishni orzu qildi. S.Sismondi davlatning yordamiga umid qildi.
Uning ijtimoiy tadbirlar dasturi mayda burjuacha va reaksion xayolparastlik xarakteriga egadir. S.Sismondi obyektiv tarixiy jarayonga to`sqinlik qilishga urindi. Shu sababli, u reaksioner bo`lib qoladi, o`z mulohazalarini Fransiyada hali ham kuchli bo`lgan feodal tuzum himoyachilariga qo`l kelishini sezmaydi.
XIX asr oxirlarida rus narodniklari S.Sismondining xulosalarini ko`klarga ko`tarib maqtaganliklari sababli Lenin S.Sismondining iqtisodiy qarashlarini batafsil va mufassal tahlil etish zarur deb bildi. Chunki S.Sismondining xulosalarini bunday maqtash marksizmning iqtisodiy ta'limotini yoyishga halaqit berar edi. U o`zining "Iqtisodiy romantizm" ta'rifiga doir" asarida S.Sismondining mayda burjua siyosiy iqtisodchisi ekanligini isbotladi, uning qarashlari ichki ziddiyatli va noizchilligini, klassik maktabdan o`zib ketish yo`lidagi urinishlari zaifligini ko`rsatdi. S.Sismondining iqtisodiy nazariya ba'zi masalalarini o`rtaga qo`yishdagi xizmatini V. Lenin tarixiy pozitsiyalarda turib tan oladi, biroq ayni vaqtda uning qarashlarining mayda burjuacha xarakterini, uning metodologiyasi ilmiy emasligini, amaliy dasturining reaksion xarakterini ochib tashlaydi. V.Leninning iqtisodiy romantizmni obyektiv va ilmiy asoslab, tanqidiy tahlil qilganligi, iqtisodiy ta'limotlar tarixida S.Sismondi va liberal narodniklarning o`rnini aniq belgilash imkonini berdi, sinfiy kurashni rivojlantirishga katta ta'sir ko`rsatdi.