www.ziyouz.com kutubxonasi
135
Ular o‘yga tolgancha birpas turib qolishdi. Birdan Palmer juvonni qo‘lidan tutib turganini payqadi. U
barmoqlarini yoymoqchi bo‘lgan edi, biroq harakati haddan tashqari aniqligidan qo‘rqib ketdi.
— Mayli, — uning qulog‘iga kirdi, — qo‘limni qo‘yib yuboravering.
— Nima?
Yigitni quyuqlashib kelayotgan qorong‘ilikda yaxshiroq ko‘rish uchun Virjiniya o‘girilib oldi.
— Hechqisi yo‘q, — dedi u deraza tomonga odim tashlab va shu bilan birga qo‘lini bo‘shatib. —
Hechqisi yo‘q.
Palmer oqshom osmoni uzra juvon qiyofasining xira shaklini kuzatardi. Zaif nurdan jimir-jimir qilib
turgan oqshom ko‘lkasi Virjiniyani uning yonida turganidagidan ko‘ra balandroq qilib ko‘rsatardi. Yigit
uning yoniga bordi.
— Siz bir narsani bilib qo‘yganingiz yaxshi, — dedi Palmer juvonga emas, balki derazaga qarab, —
chikagoliklarga dunyoviy sayqallik yetishmaydi.
— Mening nazarimda, ularda ko‘p narsa yetishmaydi.
— Masalan?...
Palmer uning bosiq xo‘rsinganini eshitdi.
— Yurak, — oxiri dedi juvon.
— Bizlarga qancha buyurgan bo‘lsa, shuncha berilgan.
— Undan ortiq emas. Lekin sizlarning ba’zingiz, aftidan, shuni ham his etmaysiz.
— Mening Berns bilan sovuq muomala qilganim uchun shunday dedingizmi?
— Zinhor yo‘q. — Juvon oldinga egildi, uning do‘ng peshonasi deraza oynasiga tiraldi. — Ba’zida
o‘ylab qolaman, Nyu-Yorkda muvaffaqiyat qozonish uchun sizlar shunday bo‘lishingiz kerakdir ham.
— Endi men mutlaqo hech narsa tushunmayapman.
— Daryoga bir qarang, — dedi juvon. — Bir zaylda yaltirab turadi. Qop-qora, tez, yashirin oqimlar,
g‘ayur suvosti toshlari va ular oralig‘idagi noma’lum ilonizi yo‘llar. Har zamon-har zamonda menga
shunday tuyuladiki, faqat muzdek zirhli yurakka ega bo‘libgina bu shaharda omadli bo‘la olasizlar.
— Mening o‘z rentgen suvratlarini ko‘rmaganimga ancha bo‘ldi, biroq...
Ikkovi anchagacha jim qoldi.
— Ammo men ko‘rib turibman, — oxiri dedi juvon. — Ichingizda turli odamlarning qandaydir
qorishmasi bor. Qo‘shaloq ko‘rgazma buyumiga o‘xshash bir nima kelib chiqadi. U yerda qaynoq
odam va muzdek odam bor.
— Har kimda shunaqa.
— Rostdanmi?
— Menimcha, ha. — Palmer xiyol u tomonga burildi va juvonning uni zimdan kuzatayotganini ko‘rib
ajablandi.
— Qaynoq odam seni musibatga giriftor qiladi. Sovuq odam undan chiqib olishga yordam beradi.
— Musibatga?
Yigit noaniq qo‘l silkitib qo‘ydi:
— Asoratlar. Ziddiyatlar. Qiyinchiliklar.
— Bu musibat emas, — yumshoq ohangda e’tiroz bildirdi javon, — bu shunchaki hayot.
— Bordi-yu, siz ham bo‘lsangiz, unda hayot — ming karra iflos narsa.
— Shundoq ham.
— Tartibsiz hayot, — qo‘shib qo‘ydi Palmer.
— Juda.
— G’oyatda mungli.
— Har doim.
— Ishongim kelmaydi, — dedi yigit. — Bu... bu... — U yana noaniqlik bilan qo‘l silkib qo‘ydi va
qorong‘ida juvonning qo‘liga tegib ketganini sezdi. So‘ng juvonning barmoqlari uning qo‘lidan
tutganini his etdi.
— Sarosimaga solib qo‘yuvchi hayot, — dedi yigit.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |