www.ziyouz.com kutubxonasi
74
oilasi ham bank xizmatidan bahramand bo‘lardi.
— Ammo buning jamg‘arma banklariga nima daxli bor?
— Hech qanaqa daxli yo‘q. Jamg‘arma banklari umrini yashab bo‘ldi. Endi ular hech kimga
kerakmas.
— Voy, muncha ayanchli, — dedi kinoya bilan miss Kleri. — Nahotki shunaqa bo‘lsa?
— Ha, juda jiddiy. Chunki ular mijozlarga hech narsa berolmaydilar.
— Axir, bu juda qayg‘uli-ku! Avliyo otalar va marhamatli zotlar endi nima qiladilar?
— Agar bunaqaga yo‘yaverishingizni bilganimda,buni sizga gapirib o‘tirmasdim.
— Yo‘q, yo‘q, men boshqa unaqa qilmayman, — dedi Virjiniya. — Ayting-chi, bu haqda jamg‘arma
banklari vakillari bilan hech kim gaplashib ko‘rdimi? Axir, ular haliyam foydali ish qilayapmiz deb
o‘ylashayapti-ku.
Palmer iljaydi.
— Hamma balo shunda-da.
— Demak, ular bilan hech kim jiddiy gaplashmagan, shundaymi?
— Endi nima bo‘lganiga quloq soling, — dedi Palmer. — O’sha avliyo otalar yerga urug‘ qadadilar.
Urug‘dan katta daraxt o‘sib chiqdi. Hozir u hech kimga kerak bo‘lmasa-da, o‘sishda davom etmoqda.
Jamg‘arma banklari o‘n minglab xizmatchilarini ish bilan ta’minlamoqda. Qudratli byurokratik apparat
jamg‘arma banklari mavjud bo‘lishi va gurkirab rivojlanishidan manfaatdor.
— Ularni tinch qo‘ysa bo‘lmaydimi? Axir ko‘pchilik kishilar o‘z pullarini jamg‘arma banklarida
saqlashni ma’qul ko‘rishayapti-ku, — ta’kidladi miss Kleri.
— Nimaga shundayligini men sizga tushuntiraman, — dedi Palmer. — O’sha daraxt o‘sayapti va
baquvvat bo‘lib borayapti, chuqur ildiz otayapti. Bu ildiz har tomon yoyilmoqda va tuproqning to‘yimli
sharbatini simirmoqda. Biz esa ana shu tuproq ustida ko‘karmog‘imiz lozim. Endi tushunarlimi?
— Ha. Hammasi oydin bo‘ldi-qo‘ydi, — javob berdi miss Kleri. U o‘z sigaretasini o‘chirdi-da
oromkursi orqasiga suyandi. Keyin uzun kipriklari orasidan suhbatdoshiga horg‘in qarab, so‘radi: —
Xo‘sh, siz endi o‘sha daraxtni nima qilish niyatidasiz?
Palmer stolga qaragancha javob berdi:
— Ildizi bilan qo‘porib tashlamoqchiman...
Virjiniya Kleri chap qo‘lining yengini biroz qayirdi-da, soatiga qaradi. Keyin juda xotirjam, nazokatli
ohangda gapirdi:
— Hozir Mak Bernsga telefon qilmaysizmi?
Palmer hayron bo‘lib peshanasini tirishtirdi:
— Menmi... Shunaqa kech bo‘ldimi? — soatiga qaradi, o‘n bo‘layapti: — Ha, siz haqsiz.
Ular bir-biriga qarab yana biroz o‘tirdilar. Qaysi gapimdan bunchalik sovudiykin, o‘yladi Palmer.
Vaqt o‘tayapti, u hali Bernsni ko‘rishi kerak. Innankeyin, oxir-oqibat Virjiniya Kleri izohlarini qanday
qabul qilishi bilan uning nima ishi bor?
O’n beshinchi bob
Edis Palmer chap qo‘lining uzun va keng yengini qayirib soatiga qaradi. Uning harakatida nimadir
Vuds Palmerning diqqatini tortdi. Qahvali finjonni qo‘yib, u ertalabki oftob nuri jilvasini tomosha
qilardi. Nur jilvasi Edisning qo‘lidagi mayda tolalarni tillarang qilib ko‘rsatardi. Lekin birdan xotinining
bu harakati nega uning diqqatini tortganini tushunib, Palmer yo‘talib, so‘radi:
— Sakkiz yarim bo‘ldimi?
— Ha, deyarli. Menga qara, Vuds, iltimos, men uchun besh-o‘n daqiqa ajrat.
— Mashina kutayaptimi?
— Kutayapti, albatta. Besh yoki o‘n daqiqa kechiksang hech narsa qilmaydi. — U eriga ijirg‘anish
bilan qaradi. — Yoki, hech bo‘lmasa shofyorga aytarsan «tezroq hayda» deb.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |