CHINGIZ AYTMATOV
CHINGIZXONNING OQ BULUTI
Qissa
Suyun Qoraev tarjimasi
Asar haqida
«Chingizxonning oq buluti» — Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun»
romaniga ilova qilingan qissa. Yozuvchi kitobxonlarni romanda taqdiri noma’lum
bo‘lib qolgan Abutalip Quttiboev bilan qaytadan uchrashtiradi.
«Chingizxonning oq buluti» qissasida ikki yo‘nalish – bir tomondan pok qalbli
Abutalip bilan beshafqat Tansiqboev o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuv, ikkinchi
tarafdan esa, dunyoni larzaga keltirgan Chingizxonning fojiasi bir-biri bilan
botiniy bog‘lanib ketgan.
Chekist Tansiqboev begunoh Abutalipni Yugoslaviyada partizanlar harakatida
ishtirok etganlikda, eski xalq adabiy meroslarini yig‘ib yurganlikda ayblaydi.
Biroq Abutalip hayoti har qancha xavf ostida bo‘lsa ham bosh egmaydi. Chin
inson or-nomusini Tansiqboev kabi hayvontabiat manqurtlarning oyoq-osti
qilishiga imkon berish — insoniyat oldida gunohi kabira ekanligini yaxshi
tushunib yetadi.
Chingizxon – tarixiy shaxs, o‘z davrining farzandi.
Chingiz Aytmatov o‘z qahramonining tabiati, xarakteri bolaligidanoq shakllana
boshlaganiga urg‘u beradi. Chingizxon hali Temuchin deb atalgan bolalik
chog‘idayoq, boshqalardan o‘ch olishni, hammani og‘ziga qaratishni xush
ko‘rardi. U suvdan tutilgan baliqni talashib, o‘zining ukasi Bekterni o‘q-yoy bilan
otib o‘ldirib qo‘yadi. Yozuvchi qonxo‘r jahongir tabiatining ildizlarini ochib
berishni maqsad qilib qo‘ygan. Bolaligidanoq toshbag‘ir bo‘lib o‘sgan, hech
kimga yaxshilik ravo ko‘rmaydigan kishidan ezgulik kutib bo‘larmidi?
Chingizxon ulkan jahongirlik janglariga ikki yil tayyorgarlik ko‘rdi. Oilaviy
qo‘shinlarga «jangu jadallar nihoyasiga yetmaguncha ayollar tug‘masin» degan
qahrli farmon berildi.
Yangi qissaning badiiy ahamiyatini ko‘targan voqealardan e’tiborlisi —
lashkarboshilardan biri, yuzboshi Erdene bilan qo‘shin tug‘lariga gul tikadigan
kashtado‘z Do‘g‘ulangning ayanchli fojiasidir. Hokimiyatning kuch-qudrati,
zabtidan ikki yosh oshkora oila qurishga muyassar bo‘la olmaydi. Lekin baribir
Chingizxonning farmoni, buyrug‘i ikki qaynoq qalbning muhabbati qarshisida
ojiz edi.
Chingizxon ikki olov orasida qoldi — bir ayol tug‘ib qo‘yibdi, deb yurishni
to‘xtatish kerakmi yoki farmoni oliyni oyoqosti qilganlarga o‘zining qahrini
ko‘rsatib, beandishalarni qattiq jazolash lozimmi, degan savol qiynar edi uni!
Osmonda esa oq bulut hamon falak kezmoqda. Uni hech kim payqamaydi,
payqasa ham e’tibor bermaydi unga, bu — Chingizxonning shaxsiy buluti
ekanligini kim biladi deysiz. Bu — xudoning qudrati, sevgan bandasiga ravo
ko‘radi buni.
Erdene bilan Do‘g‘ulangning qochish to‘g‘risidagi rejasi barbod bo‘ladi.
Do‘g‘ulang chaqalog‘i bilan qo‘lga tushadi. Endi Erdene nima qilishi kerak?
Do‘g‘ulang chaqaloqni oxirgi marta emizishga ulgurdi. U har qanday yo‘l bilan,
hatto o‘zini ajal tig‘iga urib bo‘lsa ham, Erdenening jonini saqlab qolsa bas.
Keyinchalik ota-bola bir iloj qilib topishib ketar!
Lekin Do‘g‘ulangning aytgani bo‘lmadi. Hammaning ko‘z o‘ngida, otasiz
haromzoda tug‘ib olganiga iqror bo‘lib butun jinoyatni o‘z gardaniga olgan
sevgilisining jon azobida qiynalayotganini ko‘rgan mard zobit: «Mana men!
Chaqaloq mening o‘g‘lim! Hg‘limning oti G’unon! Onasining ismi Do‘g‘ulang!
Men lashkar yuzboshisi Erdene bo‘laman!» deb o‘rtaga chiqadi. Erdene bilan
Do‘g‘ulangning qo‘llarini orqasiga mahkam bog‘lab, cho‘kib yotgan tuyaning ikki
yoniga olib borishdi-da, o‘rkach orqali osilgan arqonning ikki uchidagi ilmoqni
ikkalasining bo‘yniga solib, tuyani urib-zo‘rlab turg‘azishdi. Shunday qilib, ikki
yosh inson tirik dorning ustida xurjun kabi osilib jon taslim qildi.
Yeru ko‘kni larzaga solgan qo‘shinlar hech narsani bilmaganday, cho‘lu
biyobonlarni ortda qoldirib, olg‘a tomon yurib, bosqin yo‘lini davom ettirdilar.
Falokat ro‘y bergan joyda Do‘g‘ulangning dugonasi Oltun norastani
quchoqlaganicha qolaverdi. Qorni ochiqqan go‘dak dala-dashtni buzib dod solib
yig‘layveradi. O’shanda mo‘‘jiza ro‘y beradi — ularning tepasiga oq bulut kelib
soya soladi, umrida bola emizmagan, turmushga chiqmagan qari qizning
ko‘kragidan sut kela boshlaydi. Bu — xudoning o‘z sevgan bandalariga
mehribonligi emasmi?
Abutalipning taqdiri ham fojiali tugadi — qiynoq, azob-uqubat, tahqir-xo‘rliklarga
bardosh bera olmay o‘zini poezd tagiga tashladi. Abutalip o‘z joniga qasd qilib,
ko‘plab begunoh kishilarning hayotini saqlab qoldi.
Chingiz Aytmatov, butun borlig‘i boshdan-oyoq fojialardan iborat bo‘lib qolgan
onlarda odam o‘zini qanday tutishi kerak — degan murakkab masalaga yana bir
bor murojaat qildi.
«Chingizxonning oq buluti» qissasi «Asrga tatigulik kun» romaniga o‘rish-arqoq
bo‘lib qo‘shilib ketdi. Abutalipning keyingi taqdiri ne kechdi ekan degan savolga
javob bo‘lib tushdi. Ayni vaqtda, uni mazmun-mundarijasi, tuzilishi, yaxlitligi,
qahramonlarining tabiatiga ko‘ra mustaqil badiiy asar deyish ham mumkin.
“O’tar qush nolasi” hikoyasi tirik mavjudotlardan eng vahshiysi bo‘lmish inson
zotiga noinsoniy qilmishlari uchun tilga kirgan turnaning (lisonut-tayr) mudhish
aybnomasi, muallifning yurakdan chiqqan faryodidir – unda qirg‘izlarning
bosqinchi jung‘orlarga qarshi olib borgan hayot-mamot janglaridan biri haqida
so‘z boradi.
Turnalar galasi har yili uzoq safarga otlanganda qo‘nib, dam oladigan joyini
tanimay qoladi: “... qayoqqa qaramang odamlarning jasadlari-yu otlarning
o‘liklari tog‘-tog‘ uyulib yotar, suv keng yoyilib oqqan joylarda son-sanoqsiz
murdalar daryo suvini to‘sib qo‘ygan edi. Qip-qizil qon aralash suv hamma
yoqqa yoyilib, otlarning tuyoqlari ostida qon halqoblarini hosil qilgan edi...
Jang tugagandan keyin u yerda quzg‘unlar bazmi boshlandi, o‘limtikxo‘r qushlar
odam go‘shtiga to‘yishdi, uchish u yoqda tursin qanotlarini ham qoqolmay
qolishdi. Jangdan keyin shaqollar ziyofati boshlandi – chiyabo‘rilar odam
go‘shtiga shu qadar to‘ygan ediki gavdalarini sudrab zo‘rg‘a ketishdi...”
Turna sheriklariga murojaat qiladi: “Kechiringlar, o‘tar qushlar! Bo‘lib o‘tgan
vahshiyliklar uchun kechiringlar, bo‘lajak vahshiyliklar uchun kechiringlar. Bani
odam hayoti nima uchun shunday ekanini, nega zaminda shuncha ko‘p
o‘ldirilganlar va o‘ldirilayotganlar bo‘lishini men tushuntirib bera olmayman,
sizlar tushuna olmaysizlar...
Qushlar keting bu yerdan, bu mudhish joydan uzoq-uzoqlarga uchib keting”.
Nega olamda odamlar bir-birlarini shu qadar ko‘p o‘ldirganlar va o‘ldirmoqdalar
degan qadimiy savol hamon javobsiz qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |