www.ziyouz.com kutubxonasi
328
Shahzoda rashk va alamga to‘lib Agradan Rajastxonga jo‘nab ketish tayyorligini
ko‘rayotgan kuni kechasi uning xonayi xosiga Alibek bilan Farid Buxoriy sekin kirib
kelishdi. Alibek Pereyroning qo‘ltig‘ida ko‘k belboqqa o‘ralgan og‘irgina qo‘lyozma bor.
Uchovi xonayi xosda xoli qolganlarida shayx Farid qo‘lyozmani Alibekdan olib, belbog‘
ichidan chiqardi:
— Amirzodam, bu narsani hozircha sizdan boshqa hech kim o‘qimasligi kerak.
— O‘zingiz yozganmisiz?
— Yo‘q, Abduqodir Badavniy degan muarrix yashiriqcha bitgan ekan. Buni sodiq bekingiz
Alibek bilar ekan. Siz taxtga chiqqaningizda buni Badavniy sizga taqdim etmoqchi ekan.
Ammo bechora murodiga yetolmabdir. Kunduzlari kutubxonada o‘ltirib, «Ramayana»
bilan «Mahabxorat»ni tarjma qilar edi. Kechalari mana shu maxfiy kitobni yozib, tun-u
kun tinim bilmay ishlayvergandan so‘ng sho‘rlikning miyasiga qon quyilib olamdan o‘tdi.
Alibek uning yozuvlarini darhol ilkiga olibdilar.
— Nechun buni maxfiy yozgan?
— Chunki Badavniyning bu asari Abulfazlning «Iqbolnoma»siga qarshi bitilgan, — dedi
Alibek. ma’lumingizkim, Abulfazl hazrat otangizni nuqul ulug‘laydir, maqtaydir,
xatolarini aytmaydir...
— Badavniy otangizning tutgan siyosatiga qarshi edi! — deb Alibekning so‘zini shayx
Farid davom ettirdi: — Badavniy xususan, Abulfazlni, Birbalni, shoir Fayziyni yomon
ko‘rar edi. Birbal o‘lganda otangiz qancha ko‘z yoshi qilganlarini ko‘rgansiz. Qarang,
Badavniy qo‘rqmasdan yozibdir: «Birbal jahannamning itlar turadigan joyiga ketdi...»
Shoir Fayziy yuragi portlaganday bo‘lib, to‘satdan vafot etgan edi, issiq kunda to dafn
qilgunlaricha jasadi biroz qorayib qolgandi.
Badavniy buni ham o‘zicha talqin qilib: «Fayziy islomdan qaytdi, shuning uchun uni
payg‘ambarimizning arvohlari urib, qoraytirib yuborgan», deb yozib qoldirgan edi.
Farid Buxoriy Badavniy qo‘lyozmasining shunga o‘xshash joylarini topib, Salimga bir-bir
o‘qib bergani sari shahzodaning dil yaralariga malham qo‘yilganday yoqa boshladi.
Abulfazlning «Akbarnoma»sidan topib bo‘lmaydigan imon-u e’tiqod kurashining
tafsilotlari Badavniyning «Muntahabi tavorix»ida erinmay yozib ketilgan edi. Salim uchun
eng muhimi, Badavniy ham Farid Buxoriy va Alibek kabi shahzodaga tarafdor ekan.
«Muntahabi tavorix»da Akbarning dindan qaytganini ko‘rsatadigan talay isbot-u dalillar
keltirilganini o‘qigan Salim: «Musulmon davlatida podsho dindan qaytsa uni taxtdan
tushurish savobdir», degan azaliy urf-odatni esladi. Bu odat uni otasiga qarshi
kurashishga haqli qilib ko‘rsatdi.
— Dilim sezib turibdir, amirzodam, — dedi shayx Farid ovozini sirdoshlarcha pasaytirib.
— Yaqin yillarda davlat tizginlari sizning ilkingizga o‘tgay. Otangizning suyangan tog‘i
Abulfazlning zo‘r dushmani bor. Roja Bir Sinx degan. Mol-mulkini Abulfazl musodara
qilgan. Abulfazldan qasd olishni ko‘ngliga tukkan Bir Sinxni Albert Pereyro Salimning
huzuriga boshlab keldi.
— Shahzoda, siz otangizga o‘xshamaysiz, — dedi Bir Sinx. — Tomiringizda bizning rajput
qonimiz ham bor. Abulfazl sizga ham ko‘p alam o‘tkazganini janob Alibek aytib berdilar.
Agar kelgusida mening ota mulkim bo‘lgan Bundxelani o‘zimga qaytarib bersangiz, men
Abulfazlni daf qilishim mumkin.
Salim xiyol o‘ylanib turdi-da:
— Qanday daf qilmoqchisiz? — deb so‘radi.
—Abulfazl Dakandan Agraga qaytayotgan emish,— dedi Alibek gapga aralashib. —
Yo‘lda, o‘rmon ichida bir Sinx uni saranjom qilishi mumkin. Shahzoda, bir vaqtlari siz
Abulfazlga qasos qaytishi muqarrarligini aytgan edingiz. Endi shu bashoratingiz ro‘yobga
chiqsin!..
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |