www.ziyouz.com kutubxonasi
211
____________
* M a h d — beshik ma’nosini ham anglatadi. Onlar ko‘zda tutiladi. Anbar — shiyponning bir turi.
* X a y l — oila, xonadon.
* Tarjimasi: bilimli, dono odam tovono, ya’ni qudratli ham bo‘ladi.
* * *
Hamida begim yana arosatda qoldi. Saroyda orzu-havasli katta to‘y qilay desa,
mutaassib shayxlar-u sadrlarning ko‘zi oldida brahman chaqirib, hindcha nikoh o‘qitib
bo‘lmaydi. Ammo begim Salim otaga qo‘l berib, bhaqtiga e’tiqod qo‘ygani uchun qizni o‘z
diniga sodiq qolishga haqli deb hisoblaydi.
Umarqutdan kelgan Rupa enaga hozir bunday nozik ishlar bo‘yicha Hamida Begimning
yaqin maslahatchisiga aylangan edi. Akbar, Mohim enaga — hammalari kengashib, kelin
istaydigan hindcha nikohni Jaypurda qila qolishni ma’qul ko‘rdilar. Bu hodisaga oliy
tabaqaning e’tiborini tortmaslik va gap-so‘zni ko‘paytirmaslik uchun: «Podsho
Sanganirga to‘yga emas, balki ovga borgay» deb e’lon qildilar.
Keyingi paytlarda Akbar qo‘lga o‘rgatilgan qoplonsimon jonivor — chita bilan ov qilishni
yaxshi ko‘rardi. Chitaboqar ovchilar chitabonlar deb atalardi. Temir qafasda boqiladigan,
bo‘yniga maxsus tasma bog‘langan chitalarni tuya qo‘shilgan katta aravalarga ortib,
Dehlidan yuz milcha janubi g‘arbdagi Sanganirga tomon yo‘l olganlarida hut oyi kirib,
kunlar ancha isigan, daladagi bug‘doylar boshoq tortib qolgan edi.
Besh yuz askar qo‘riqlab borayotgan mavkabda yasan-tusan fillar ustidagi
maxdianbarlarda Hamida begim, Mohim enaga va Rupa enagalar ham kelmoqda edilar.
Oliy mehmonlar kelayotganidan xabar topgan roja Bhari Mal o‘g‘li Bhagvan Das va
boshqa yaqinlari bilan Akbarga viloyat chegarasida peshvoz chiqdi. Akbar va peshvoz
chiqqan mezbonlar Diosa degan qishloqqa yaqinlashganlarida, uning aholisi yov
bosishdan qo‘rqib, tog‘ tomonga qocha boshladi. Favjdor degan filini minib kelayotgan
Akbar Bhari Maldan:
— Nechun bunday bo‘ldi? — deb so‘radi. — Biz yaxshi niyat bilan kelayotganimizni
aytmagan edingizmi?
— Hazratim, aytgan edim! Biroq bu joylar Sambxal viloyatiga qarashli. Viloyat hokimi
mirzo sharafiddin janoblari aholiga nisbatan juda shafqatsiz. Odamlar undan yurak
oldirib qo‘yganlari uchun endi sizdan ham qochmoqdalar.
Akbar o‘ng tomonida borayotgan Qilichxon Andijoniyga buyurdi:
— Sharafiddin mirzoga odam yuboring, zudlik bilan yetib kelsin.
Kechki payt mirzo Sharafiddin unga peshvoz chiqib, otidan sakrab tushdi-da, Akbar
mingan filning oyog‘i tagiga cho‘kkalab yukundi.
— Janob Sharafiddin mirzo, siz mahalliy aholini bizdan bezdirib qo‘yibsiz...
— Hazratim, mendan gunoh o‘tgan bo‘lsa kechiring!
Akbar chap yonida otliq turgan Bhari Malga yuzlandi:
— Qaysi qarindoshingizni bu bek garovga olib, hibsda saqlamoqda?
— Akamning o‘g‘li Jay Mal bilan Raj Sinx degan nevaram hibs qilingan.
— Begunoh odamlarni garovda saqlashga kim buyruq berdi, taqsir?
Sharafiddin mirzo ota tomonidan mashhur Xo‘ja Ahror avlodlariga borib taqalar, ona
tomonidan esa temuriylarga qarindosh edi. Akbar davlatida temuriylar mo‘tabarroq
bo‘lgani uchun Sharafiddin «xo‘ja» unvonidan voz kechib, «mirzo» unvonini afzal
ko‘rgan edi. Lekin Akbar hozir «taqsir» deb kinoya qilish bilan undan go‘yo mirzo
unvonini tortib oladigandek ko‘rindi. Bundan qo‘rqib qaltiray boshlagan Sharafiddinxo‘ja:
— Hazratim, mendan o‘tgan bo‘lsa afvu etgaysiz!— dedi. — Yaxshi ko‘rgan farzandlarini
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |