www.ziyouz.com kutubxonasi
179
Akbar Bayramxonning dastxatini tanirdi. she’rdagi rostgo‘ylik, haroratli qalbning dardi va
shoir qalamining ta’sir kuchi uni o‘ziga rom qildi. Bayramxon yoshligida Gulrang begimga
oshiq bo‘lib, yetisholmaganini Akbar ham bilardi. Salima onasiga juda o‘xshashini u ham
eshitgan edi. O‘sha eski dard yangilanib otalig‘ini ne chog‘lik mushkul ahvolga solib
qo‘yganini uning o‘zi she’riy satrlarda rostgo‘ylik bilan aytgani Akbarni lol qoldirdi.
Chindan ham, xonboboning yoshgina Salimadan visol talab qilishi juda mushkul, arzihol
qilishi bundan ham mushkul, uning hajrida kuyishi esa hammasidan mushkulroq. Ko‘ngil
kishini ne ko‘ylarga solishini Akbar o‘sha kuni xonbobo yosh yigitlarday iymanib
gaplashganda ham ko‘rgan edi-ku.
— Endi ne qilurmiz? — deb Akbar onasiga qaradi.
Shu qiyin asnoda Hamida begim Humoyunning ruhiga suyandi:
— Hazrat otangiz va’da bergan ekanlar... o‘zingiz eshitdingiz, bolam.
Salima begim yig‘lab gapirdi:
— Hazrat tog‘am tirik bo‘lganlarida menga rahm qilmasmidilar? Axir men ham hazrati
Boburning nevarasi emasmenmi? Bobomiz o‘z qizlarini uch xotinli keksa beklarga berib,
xor qilgan emas edilar-ku? Menga ham o‘zimga munosib yigit topilmagaymi?
she’r mashq qilib yurib dilidagini ravon aytishga o‘rgangan Salimaning bu gaplari
Akbarni larzaga soldi. Unda ham birdan boburiylarga xos g‘urur, izzat-nafs uyg‘ondi.
— Biz hali shunchalik himoyasiz, notavon oila bo‘lib qoldikmi, onajon? Mening
podsholigim qayoqda qoldi? Xonbobo tepamizga chiqib ketmoqda-ku! Uning katta o‘g‘li
Mirzoxon hozir yigirma besh yoshda! o‘n to‘qqiz yoshli xotini Noziya bor! Yana
Salimaga... Soqolini bo‘yab... axir bu...
Akbar bilan otalig‘ining orasi birdan darz ketganday bo‘ldi. Hamida begim buning
oqibatidan qo‘rqdi.
— Bayramxon siz uchun ota o‘rnida-ya, Akbarjon! Zinhor unga qarshi gapirishga
o‘rganmang! Ig‘vogarlar ko‘p, darrov yetkazgay!
— Yetkazsa, yetkazsin! — dedi Akbar. — Qo‘rqib, xor bo‘lib yashagandan, mardona
olishib, o‘lgan yaxshi!
Hamida begim talpinib Akbarning oldiga bordi-yu, uning yelkasidan quchdi:
— Bolajonim, botirlar avlodidansiz, sizning sherdil yigit bo‘lishingizga ishonchim komil!
Faqat endi o‘n oltiga kirdingiz. Shoshilmang, bir-ikki yil kuch yig‘ing. Hech bo‘lmasa o‘n
sakkizga kiring, davlatni o‘zingiz boshqaradigan bo‘ling. Biz buni sabr-bardosh bilan
kutgaymiz!
Akbar Salimaga savol nazari bilan qaradi. Qiz ham kuta olarmikan? Lekin Salima ixtiyori
o‘zida emasligini bilardi. Akbardan himoya so‘rash esa xatarli ekanini, yosh o‘spirin hozir
Bayramxon bilan olishsa halok bo‘lib ketishi muqarrarligini Salima sezib turardi. U o‘zini
yig‘idan zo‘rg‘a tutib:
— Amirzodam, onamiz haqlar, — dedi. — Men baxti qora qiz ekanmen, yetim o‘sdim.
Endi meni deb bunday balo-qazoni bo‘yningizga olmang. Men ham taqdirimda borini
ko‘rgaymen. Lekin to o‘lguncha sizga... Sizni qalbim to‘rida saqlagaymen! Xayr!
Salima yig‘laganicha xonadan chopib chiqib ketdi. Uning alamli so‘zlari va achchiq yig‘isi
Akbarning qalbidagi qudratli bir tuyg‘uni junbushga keltirganday bo‘ldi. Bu tuyg‘u
muhabbatmidi yoki faqat rahm-shafqatmi, hali uning o‘zi ham bilmaydi. Faqat tomog‘iga
bir narsa tiqilib, ovozi bo‘g‘ilib gapirdi:
— Salimaga bunchalik jabr qilinsa, biz qandoq qarab turgaymiz, onajon? Men hozir borib
otalig‘im bilan so‘zlashgaymen!
Bayramxon o‘tgan kuni Dehlidan Agraga jo‘nab ketgan edi. Buni biladigan Hamida
begim:
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |