www.ziyouz.com kutubxonasi
109
ko‘tarinkilik yo‘q, u Qazvindagi murakkab va mute hayotning ruhiy qiynoqlarini birpasga
unutgisi kelib goho afyun iste’mol qilardi. Hamida uning afyon kayfidan o‘zini qushday
yengil sezib, xandon urib kulgan paytlarini, ertasiga esa lanj bo‘lib, bo‘shashib
o‘ltirganlarini ko‘rar, «Shunday kunlarda bo‘lgan bolaning umri qanday kecharkin?» deb
battar bezovtalanardi. U Humoyundan iltimoslar qilib, afyunni ikkinchi iste’mol
qilmaslikka so‘z olardi. Lekin oradan o‘n besh-yigirma kun o‘tib Humoyunning boshiga
yana bironta chigal va murakkab mushkulot tushar, kechalari uxlay olmay qiynalar, axiri
hakimidan moshday qora afyun so‘rab olib, uni gulobga qo‘shib, ezib ichar va shu bilan
xiyol tinchir edi.
Dengizda noxush chayqalib borayotgan kema buning hammasini Hamidaning yodiga
tushirdi-yu, boshi battar aylanib, peshonasidan sovuq ter chiqdi. Humoyun uning rangi
oqarib ketganini ko‘rdi va kemani qirg‘oqqa qaytarishni buyurdi.
Qirg‘oqdan ancha naridagi qarorgohda ayollar uchun shamolpana joyga katta saroparda
o‘rnatilgan, uning ichiga chodirlar tikilgan edi. Dengiz sayridan behol bo‘lib qaytgan
Hamida bonuni kanizi to‘rdagi o‘tovga olib kirib anor sharbati ichirdi va issiq joy qilib
yotqizdi.
Humoyun atrof yaxshi ko‘rinadigan baland bir joyga sakkiz burchakli oq o‘tov tikdirib,
uni o‘ziga qabulxona — borgoh qilgan edi. U kema sayridan shu o‘tovga qaytganda
Bayramxon barra po‘stin va quloqchin kiygan qo‘ng‘ir soqolli bir kishini uning oldiga
boshlab keldi.
— Hazratim, — dedi Bayramxon, — Agrada sizga qarchig‘ay sovg‘a qilgan moskoviyalik
mehmon yodingizdami?
Humoyun bundan besh yil oldin ko‘rgan Matvey Kalitinni darrov tanidi va salomlashib,
borgohga taklif qildi. Matvey Semyonovichning yonida o‘n sakkiz yoshlardagi barvasta
yigit ham bor edi.
— O‘g‘lim Akim! — deb uni Humoyunga tanishtirdi. Ota-bola ikkovi ham mezbonning
hurmati uchun boshlaridan quloqchinlarini oldilar. Ularning gardish qilib kesilgan o‘siq
qo‘ng‘ir sochlari bir-birlarinikiga juda o‘xshar, faqat Matveyning sochlarida oqi ko‘payib
qolgan edi.
— Sizni bu joylarga qanday shamol uchirmish? — so‘radi Humoyun.
— Kaspiy shamoli! — deb Matvey dengiz tomonni ko‘rsatdi. U Hazar dengizini Kaspiy
deb o‘rgangan edi. — Bu dengizni shimol tomonida bizning vatanimiz Rossiya bor.
Agradan hazrat otangiz Moskvaga elchi qilib yuborgan Xo‘ja Husaynni bizning odamlar
haligacha Boburin deb atab, eslab yuradilar. U yashagan xutor kattagina qishloqqa
aylanib baburino nomini olgan. Bu yerda Xo‘ja Husayn ko‘rinmaydir. Boshi omonmi?
Humoyun og‘ir uh tortdi:
— Xo‘ja Husayn boshqa ko‘p jasur kishilarimiz qatori Sherxon bilan bo‘lgan janglarda
tangri rahmatiga bordi...
Matvey Semyonovichning ovozi musibatdan titrab:
— Sarstvo yemu nebesnoe!* — dedi-da, bir cho‘qinib qo‘ydi. Og‘ir xo‘rsinib, Xo‘ja
Husayndan ko‘rgan yaxshiliklarini eslab ketdi: — O‘shanda meni zindondan chiqarib
o‘yiga olib bordi, parvarishlab darmonga kirgizdi! «Sherxon bostirib kelmasdan tezroq
jo‘nang» deb, barcha kam-u ko‘stimni to‘g‘rilab, vatanimga kuzatib qo‘ygan edi.
Matvey Semyonovich Moskvaga qaytib borguncha yana ko‘p xavf-xatarlar va
mashaqqatlarni boshdan kechirdi. Lekin u Xo‘ja Husayn yordamida Hindistondan olib
ketgan parchalar, nodir matolar, marvaridlar, mushk-u anbarlarni Moskva zodagonlari
katta pullarga sotib olishdi. Matvey Semyonovich belini ancha baquvvat qilgach,
Novgoroddan butun bir kemani o‘ntacha odami bilan uch oyga yolladi-yu, unga
Kaspiyning janubiy qirg‘og‘ida yaxshi qadrlanadigan mo‘ynalar, asallar, zig‘irpoyadan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |