www.ziyouz.com kutubxonasi
103
ko‘rinmas edi. Chetlarini qalin butalar va temir daraxtlari pana qilib turgan tosh jarni
Humoyun yaqin borganda ko‘rdi. Pastda qorayib turgan o‘ngir uning vahmini keltirdi.
Yaqin orada ot sakratib o‘tadigan joy yo‘q, tosh jardan pastga qulagan odam chilparchin
bo‘lib ketishi hech gap emas. Ot ham buni sezib to‘xtadi. Humoyun jarni aylanib
o‘tadigan joy bormikan deb, jilovni o‘ngga burdi-yu, atrofga alang-jalang ko‘z yugurtirdi.
Shu payt allanarsa shamolday chiyillab boshining yonidan uchib o‘tdi-yu, yonidagi temir
daraxtining shohi qattiq silkinib ketdi. Shu zahoti nimadir ilonday shaloplab yerga tushdi.
Bu — sirtmoq edi. o‘ng qadamcha narida bo‘z ot minib turgan Yoqub Sherafkan
sirtmoqni Humoyunning bo‘yniga ilinadigan qilib tashlagan, ammo oradagi daraxt shoxi
xalaqit bergani uchun arqon mo‘ljalga ilinmay yerga tushgan edi. Ellik qadamcha narida
ot choptirib kelayotgan Bayramxon bilan Hasanalining yo‘lini bir talay qizilbosh otliqlar
to‘sib olishdi. Sherafkanning o‘zi va o‘ntacha qizilboshlar Humoyunni uch tomondan
o‘rab olishdi. Faqat jar tomon ochiq qoldi. Ular Humoyunning otiga orqadan qamchi urib,
uni uch tomondan qisib, tosh jarga surib bora boshladilar. Jonivor jiyron qashqa boshini
orqaga siltab, to‘rt oyog‘ini yerga har qancha tirasa ham, jar tomon nishab bo‘lgani
uchun ortdan surib kelayotganlarning zalvori zo‘rlik qildi. Humoyun o‘ng tomonida odam
siyrakroq ekanini, faqat bitta qizilbosh uni o‘ngga burilgani qo‘ymay qisib kelayotganini
ko‘rdi. Jilovni qo‘yib yubordi, oyog‘ini uzangidan bo‘shatdi-da, bir sakrab, o‘ngdagi
qizilboshning orqasiga mingashib oldi, o‘sha zahoti uni egardan ag‘darib tashladi. Darhol
bo‘sh egarga tarmashib, jilovni qo‘liga oldi. Otni o‘ngga burib to‘pdan chiqayotganda
yana talpinib, egarga mindi.
Shu asnoda Humoyunning badaxshoniy oti baland tosh jardan pastdagi o‘ngirga qulab
tushar ekan, hayot bilan vidolashgan kabi achchiq bir kishnadi. Egardan ag‘darilgan
qizilbosh esa otlar oyog‘i tagida qolib qichqirdi va jar labidagi butaga tarmashib,
safdoshlaridan yordam so‘ray boshladi. Bir qism qizilboshlar u bilan andarmon bo‘ldi,
ammo Sherafkanning o‘zi qilich yalang‘ochlab, Humoyunning ketidan ot choptirdi.
Bayramxon, Hasanali va boshqa qo‘riqchi yigitlar oradagi yo‘lni to‘sib turib olgan
qizilboshlarning otlariga qamchi urib, baqirib, Humoyunning oldiga o‘tishga intilmoqda
edilar. Axiri Hasanali ham qilich yalang‘ochladi-yu, qizilboshlar qurshovini yorib o‘tdi va
Humoyunga hamda qilib kelayotgan Sherafkanning qarshisidan chiqdi. Biroq Sherafkan
otini jilovidan tortib old oyoqlariga turg‘izdi va yuqoridan Hasanalining boshiga shunday
qilich urdiki, o‘tkir isfahoniy tig‘ bosh suyagini tarvuzday ikki pallaga bo‘lib tashladi.
Hasanalining yelkalari, otining yoli qonga belanib, o‘ligi egardan qulab tushar ekan,
Sherafkan Bayramxonga qichqirdi:
— Araya* tushsang sen ham o‘lyursan! Qo‘y, men xundor dushmanim ila olishay!
Humoyun ham qilichini sug‘urar ekan, qon to‘kishga tayyor turgan boshqa qizilboshlarga
qarata:
— Senlar ham oraga tushmanglar! — deb qichqirdi.
Ikki ot bir-biri bilan ayqashib, ikki qilich bir-biriga balo-qazoday urilar ekan, hozirgina
begunoh halok bo‘lgan Hasanalining qasosi ham Humoyunga kuch berganday bo‘ldi.
Hozir u faqat o‘zini emas, begunoh qatl etilgan Qarshi aholisining xotirasini, ularga yon
bosgan otasining ruhini, Qazvinda iztirob chekib o‘ltirgan Hamida bonuni, Qandahorda
yetim boladay qolib ketgan o‘g‘ilchasining kelajagini ham himoya qilayotganini butun
borlig‘i bilan his qilardi. Hozir bularning hammasi unga madad berayotganday vujudiga
cheksiz bir kuch, jur’at, chapdastlik quyulib kelardi. U yoshlikda ikki qo‘llab qilich
chopishga o‘rgangan edi. Qazvinda shohning qarorini kutib oylar davomida zerikib
yurgan paytlarida o‘ng qo‘lini orqasiga bog‘lab qo‘yib, chapaqayiga qilich chopishlarni
qayta-qayta mashq qilgan edi. Hozir ana o‘sha mashqlar unga juda asqotdi.
Sherafkan yuzma-yuz qilich solib, uni yengolmagandan so‘ng, temir daraxtini aylanib
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |