TATU Qarshi filiali kompyuter injiniring fakulteti “Gumanitar va
ijtimoiy fanlar” kafedrasi assistenti
To‘laev Yorqin
Qurbonovichning
MAVZU: “
Amir Temur davlatining xalqaro munosabatlar
tarixidagi o‘rni”
REFERAT
Qarshi 2015
KIRISH
Buyuk sarkarda va hukmdor Amir Temur davrida xalqaro munosabatlar
va uning tarixda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritishdan oldin bir fikrni ta'kidlab
o‘tish joiz. 2700 yildan ortiq davlatchilik tarixiga ega o‘zbek xalqining o‘tgan
ming yilliklardagi xalqaro aloqalari juda kam o‘rganilgan, chunonchi, tashqi
siyosiy munosabatlar diplomatiyasi masalalari deyarli tadqiq qilinmagan. Shu
ma'noda mazkur yo‘nalishda qo‘yilgan har bir qadam katta qiziqish uyg‘otishi
tabiiy. Shunga qaramay biz temuriylar, ayniqsa, Amir Temur davri tashqi
siyosiy aloqalari va diplomatiyasini hech bir mubolag‘asiz xalqaro munosabatlar
tariximizning eng yorqin sahifalaridan deya olamiz.
Ko‘rilayotgan davr xalqaro munosabatlariga baho berayotganda bir
qoidani yodda tutmoq darkor, ya'ni markazda voqelik turishi kerak, nainki bir
shaxs yoki shaxslar. Tarixiy voqelikni har taraflama va chuqur tahlil qilmasdan
turib, avvaldan qandaydir bir ijtimoiy yo hissiy buyurtma bilan bir mavzu, yo
shaxsni ulug‘lash, oqlash yo qoralash, xaspo‘shlash maqsad qilib qo‘yilsa boshi
berk ko‘chaga kirib qolish, qolganlarni ham o‘sha yoqqa boshlab ketish hech
gap emas. Tarixiy voqelik to‘g‘ri anglab olingandagina tarixiy shaxslar roli va
xizmatlari yaqqol bilinadi. Bundan tashqari tadqiq qilinayotgan mavzu va
makon haqida ham to‘g‘ri va aniq tasavvurga ega bo‘lish nihoyatda muhim. Shu
ma'noda Amir Temur davri xalqaro munosabatlari va diplomatiyasi mag‘zini
chaqishda eng avvalo, o‘sha zamondagi jahon siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy
manzarasini bilib olishga to‘g‘ri keladi. Zero, Amir Temur dunyo miqyosida o‘z
davrining moxir siyosatchisi va diplomatdir. Demak, biz, avvalo, ana shu «o‘yin
maydoni»dagi ahvolni, past balandliklarni, qonun-qoidalarni bilib olishimiz
kerak. Shundagina Amir Temurning har bir muayyan vaziyat yo masalada
tutgan siyosati va yondashuvining sabablarini ko‘ra olamiz. Ushbu referat
ishining dolzarbligi ham ana shundadir. Bu o‘z o‘rnida Amir Temur davri
davlatimiz tashqi siyosati va diplomatiyasining mohiyatini anglash uchun yo‘l
ochib beradi.
Ushbu mavzu o‘ta dolzarb bo‘lib, milliy iftixor, milliy g‘urur va milliy
qadriyatlarimizni tiklash borasida qilinayotgan ishlarning bir debochasi desak
adashmagan bo‘lamiz. Zero, Prezidentimiz ta'birlaricha “Siyosatda maslahat,
mulohazakorlik, o‘ylab ish qilish qurol kuchidan ko‘ra o‘n baravar
foydaliroqdir” – degan dono so‘zlar Amir Temurga mansubdir. Bu so‘zlar
hozirgi tilda nizoli masalalarni siyosiy muloqot, ogohlantiruvchi diplomatiya
yo‘li bilan hal qilishni bildiradi”– degan edilar.
Shuni ham aloxida ta'kidlab o‘tish joizki Amir Temur o‘z harbiy
harakatlarini uzoq va yaqin mamlakatlar ila faol diplomatik munosabatlar bilan
birga olib borardi. Umuman u tinch yo‘l bilan qilingan barcha diplomatik
harakatlar hech bir natija bermagan hollardagina tashqi diplomatik maqsadga
erishishning bir vositasi sifatida urushdan foydalanar edi.