So‘z-mantiq xotirasi
mazmunini fikr va mulohazalar, aniq hukm hamda xulosa
chiqarishlar tashkil etadi. Insonda fikr va mulohaza turli xil shakllar yordamida ifodalanganligi
tufayli ularni ifodalash faqat o‘zlashtirilayotgan materiallarning asosiy ma’nosini izohlash, talqin
qilib berish yoki ularni so‘zma-so‘z ifodalanishini aynan aytib berishga qaratilgan bo‘lishi
mumkin. Agar ma’lumot, axborot, xabar, material ma’no jihatidan qayta ishlanmasa, u holda
materialni so‘zma-so‘z o‘zlashtirish, mantiqiy o‘rganish bo‘lmasdan, balki aksincha mexanik
esda olib qolishga aylanib qoladi.
So‘z-mantiq xotirasining vujudga kelishida birinchi signal bilan bir qatorda ikkinchi
signallar tizimi asosiy hisoblanadi. Chunki so‘z mantiq xotirasi faqat insongagina xos bo‘lgan
xotiraning maxsus turi hisoblanib, bu xotira turi o‘zining sodda shakllari bilan hayvonlarga ham
taalluqli bo‘lgan harakat, his-tuyg‘u va obrazli xotiralardan sifat, ham miqdor jihatdan keskin
farq qiladi. Ana shu boisdan so‘z-mantiq xotirasi bir tomondan xotiraning boshqa turlari
taraqqiyotiga asoslanadi, ikkinchidan ularga nisbatan yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, boshqa
turlarning rivojlanishi so‘z mantiq xotirasining takomillashuviga uzviy bog‘liqdir. So‘z-mantiq
xotirasining o‘sishi qolgan xotira turlarining barqarorlashuvini belgilaydi.
Xotira turlariga nisbatan boshqacha tarzda yondashish hollari ham uchraydi. Shu bois
xotira faoliyatini amalga oshirayotgan faollik xususiyatlari bilan uzviy bog‘liq ravishda turlarga
ajratiladi. Masalan, faoliyat maqsadiga ko‘ra xotira ixtiyorsiz va ixtiyoriy turlarga bo‘linadi.
Ixtiyoriy xotira
deganda ma’lum maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun muayyan davrlarda
aqliy harakatlarga suyangan holda amalga oshirilishidan iborat xotira jarayoni tushuniladi. Bu
faoliyatni odam ongi bevosita boshqaradi. Ko‘pincha psixologiya fanida ixtiyoriy xotiraga
ixtiyorsiz esda olib qolish qarshi qo‘yiladi. Bu jarayon ma’lum kerakli topshiriq yoki vazifa
qo‘yilsa, esda olib qolishga yetaklovchi faoliyat biron-bir maqsadni ro‘yobga chiqarishga
yo‘naltirilgan taqdirda yuzaga keladi. Biz matematik topshiriqlarini yechayotganimizda
masaladagi sonlarni esda olib qolishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaymiz. Mazkur so‘z
mantiq xotirada asosiy maqsad faqat masala yechishga qaratiladi. Buning natijasida sonlarni esda
saqlashga, hech qanday o‘rin ham qolmaydi. Shunga qaramay, biz ularni qisqa muddat bo‘lsa-da,
esda saqlashga intilamiz. Bu holat faoliyat yakunlangunga qadar davom etadi.
Esda olib qolishni maqsad qilib qo‘yish esda olib qolishning asosiy sharti hisoblanadi.
Serb psixologi Radosavlevich o‘z tadqiqotida quyidagi hodisani bayon etadi. Tajribada
tekshiriluvchidan biri sinovda qo‘llanilayotgan tilni tushunmaganligi tufayli uning oldiga
qo‘yilgan vazifalarni bajarmagan. Buning oqibatida uncha katta bo‘lmagan tadqiqot materiali 46
marta o‘qib berilganiga qaramay, esda olib qolinmagan. Tajribaning keyingi bosqichida vazifa
tekshiriluvchiga tushuntirib berilgandan so‘ng u material bilan olti marta o‘qib, tanishib, uni
takrorlab, qismga ajratib esga qayta tushirishga erishgan.
Xotiraning ixtiyoriy va ixtiyorsiz turlari xotira taraqqiyotining ikkita ketma-ket
bosqichlarini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |