AXBOROT TEXNOLOGIYaLARI TA’LIM JARAYoNIDA. Kompyuterlarning takomillashuvi.
Elektron hisoblash mashinalari, ya’ni kompyuterlar shunday tez sur’atlar bilan rivojlanmoqdaki, agar XX asrning timsoli bo‘lgan kosmonavtika va aviatsiya shunday sur’atlar bilan rivojlanganda edi, hozirgi paytga kelib Yerdan Marsga jamoat transportida yetib borish mumkin bo‘lar edi. Bunda bir kishini Marsga eltish uchun energiya sarfi gugurt cho‘pini yoqqanda ajraladigan energiyadan ham oz bo‘lur edi.
1965 yil Gordon Mur (Intel firmasi asoschilaridan biri) keyingi o‘n yil ichida bitta mikrosxemadagi tranzistorlar soni o‘rtacha bir-ikki yilda ikki martadan ortib boradi, deb bashorat qilgan edi. Mur bashorat qila turib biroz yanglishdi. Mana qirq besh yildan oshdiki, o‘rtacha har o‘n sakkiz oyda mikrosxemadagi tranzistorlar soni ikki martadan oshib bormoqda.
Bunday jadal suratlar bilan rivojlanish nafaqat mikrosxemalarga, balki kompyuterning boshqa butlovchi qismlari uchun ham o‘rinli. Mur qonuniga1 ko‘ra, so‘nggi bitta mikrosxemadagi tranzistorlar soni bir necha million marta oshdi.
Masalan, 1981 yilda yaratilgan IBM PC XT shaxsiy kompyuterining tezkor xotirasi bor-yo‘g‘i 64 kilobayt bo‘lgan edi, hozirgi paytda siz shaxsiy kompyuteringizga 4096 Megabaytgacha tezkor xotira o‘rnatishingiz mumkin. Birinchi marta shaxsiy kompyuterlarga o‘rnatilgan vinchester turidagi tashqi xotiralar bor-yo‘g‘i 5 Megabayt bo‘lgan bo‘lsa, hozir sotuvda 500 Gigabayt sig‘imli vinchesterlar mavjud. Bu vinchesterlar bilan ishlayotganingizda bir vaqtlar 5 Megabaytli vinchester o‘rnatgani uchun IBM firmasi rahbariyati juda qattiq tanqid qilinganini ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Ularni kam sig‘imli xotira o‘rnatganliklari uchun emas, balki juda ham katta: 3000 varaq hujjat saqlanadigan xotira o‘rnatib, kompyuter narxini ikki baravar qimmat qilib yuborishda ayblashgan.
Hozirgi paytda Toshkent kompyuter do‘konlaridan tezligi (chastotasi) 4000 Megagers bo‘lgan mikroprotsessorni sotib olish mumkin. Bu qanchalik katta sonligini tasavvur etishingiz uchun quyidagi solishtirishni keltiramiz, bu mikroprotsessor bitta eng sodda amalni bajargunicha yorug‘lik bor-yo‘g‘i 7,5 sm masofani bosib o‘tadi. Siz o‘zingiz sezmagan holda ko‘zingizni yumib ochguningizcha, yorug‘lik bir necha o‘n marta Toshkentdan Samarqandga borib kelishga ulguradi.
Tez orada Mur qonuniga ko‘ra, mikroprotsessorlarning tezligi 10 Gigagers (10000 Megagers)ga yetadi. Bu tezlikda bita sodda amalni bajarish vaqtida yorug‘lik nuri yoki u bilan barobar tezlikda harakatlanuvchi elektr signallari bor-yo‘g‘i 3 sm masofani bosib o‘tishga ulguradi, bu esa mikroprotsessorning o‘lchamiga teng. Boshqacha aytganda, mikroprotsessor tezligi 10 Gigagersdan oshganda, elektr signallari mikrosxemaning bir uchidan ikkinchi uchiga yetib bora olmaydi, ya’ni tezlikni boshqa oshirib bo‘lmaydi.
Mikroprotsessorning tezligini undan ham oshirish uchun ularni butunlay yangi texnologiya asosida yaratish kerak bo‘ladi. Kvant texnologiyalari deb nom olgan texnologiya asosida laboratoriya sharoitida 55 tagina oltin atomi bilan tranzistor yaratildi. Bu tranzistorni bir holatdan ikkinchi holatga o‘tkazish uchun bitta elektronning zaryadi yetarli. Bu tranzistorning o‘lchamlari naqadar
1 Kompyuter texnikasining geometrik progressiya ko‘rinishida rivojlanishi qonuni.
kichikligini ko‘z oldingizga keltirish uchun uni tangadek o‘lchamda kattalashtirilsa, hozirgi mikroprotsessorlardagi tranzistorlarning o‘lchami maktab o‘yingohining futbol maydoni kabi kattalikda bo‘ladi. Demak, Mur qonuni yana bir necha o‘n yillar davomida amal qiladi va bu taraqqiyot natijasida kompyuter texnologiyalari qay ko‘rinishga erishishini oldindan bashorat qilish juda qiyin.
Do'stlaringiz bilan baham: |