Yangi metodologiya. Sinergetika. Hozirgi zamon fanida Sinergetika metodi keng qo‘llanilmoqda. Sinergetika so‘zi yunoncha ("sinergena") bo‘lib, kelishuv, hamkorlik, o‘zaro ta’sir kabi ma’nolarni anglatadi. German Xakenning fikricha, Sinergetika ko‘p qismlardan iborat bo‘lgan, o‘zaro murakkab aloqadorlikdagi komponentlar tizimini o‘rganadi. Bu so‘zni Xaken hamkorliqdagi harakat bilib, butunning tizim sifatida aks etuvchi qismlarining kelishilgan faoliyati ma’nosida talqin qiladi.
Barcha ta’limotlar paydo bo‘ladi, rivojlanadi va, nihoyat, eskiradi. Xaken Sinergetikasi ham vorisiylikka asoslangan. Uning davomi bo‘lgan I.Sherringtonning Sinergetik uslubi, C.Ulamning sinergiyasi, I.Zabusskiyning sinergetik yo‘nalishlari ana shular jumlasidandir.
I.Sherrington Sinergetik yoki integrativ tafakkurni muskullar harakatining boshqaruvida (orqa miya) asab sistemasidagi kelishilgan ta’sirni izohlash usulidir, deb tushunadi. S.Ulam esa, EHMning birinchi avlodi vakillaridan biri bo‘lib, u sinergiyaning, ya’ni mashina va uning operatori orasidagi uzluksiz hamkorlikning foydaliligi, ahamiyatining hozirgi zamondagi ta’siriga e’tiborni qaratadi.
Sinergetika nazariyasida energiya kristall sifatida qotib qoladi va kinetiklikdan potensiallikka aylana boshlaydi, deb talqin qilinadi. Bunga ko‘ra, narsa qotib qolgan energiyadir. Energiya faoliyatning ishlab chiqarish qobiliyatini xarakterlovchi tushuncha, lekin hozirda energiya nafaqat mexanik faoliyat, balki yangi strukturalarni yaratuvchisi sifatida ham o‘rganilmoqda. Sinergetika tabiatdagi evolyutsiya nimaning hisobiga sodir bo‘lishi mumkinligini asoslaydi. Barcha yangi strukturalar yaratilayotgan joyda energiyaning kuchli to‘lqini va muhit bilan almashinuv zarur (evolyutsiya hayot kabi), metabolizmni talab qiladi. Agar osmon jismlari evolyutsiyasida biz ishlab chiqarishning natijasini kuzatsak, Sinergetika tabiatni yaratish jarayonini o‘rganadi. Sinergetika nisbiylik nazariyasining xulosalarini tasdiqlaydi: energiya olamning yanada yuqoriroq darajalarini yaratadi.
Xullas, Sinergetika – olamning o‘z-o‘zini tashkil etishi, makon va zamonda narsa va voqealarning azaliy ketma-ketligi, o‘zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog‘lanishlar asosida mavjudligini e’tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuidir. Bu ta’limotni dialektika asosida shakllangan va uni to‘ldiradigan ilmiy qarashlar majmuasi deydiganlar ham bor. Ularga qarshi o‘laroq, dialektika endi kerak emas, uni sinergetika bilan almashtirish lozim, deb hisoblovchilar ham yo‘q emas.
Sinergetikada bifurkatsiya, fluktuatsiya, tartibsizlik, dissipatsiya, g‘alati attraktorlar, chiziqsizlik singari tushunchalar mashhur. Ulardan tizimlar barcha turlarining, jumladan old organizmik, organizmik, ijtimoiy, etnik, ma’naviy va boshqa tizimlarning xulq-atvorini tushuntirish uchun foydalaniladi.
Bifurkatsiya ikkilanish nuqtalarining mavjudligini hamda rivojlanish davomining har xilligini nazarda tutadi. Ularning faoliyati natijalarini oldindan bashorat qilish qiyin. I.Prigojinning fikriga ko‘ra, bifurkatsiya jarayonlari tizimning murakkablashuvidan dalolat beradi. N.Moiseyevning fikricha, «ijtimoiy tizimning har bir holati bifurkatsiya holatidir».
Fluktuatsiyalar umumiy holda ta’sirlantirishni anglatadi. Ularning ikki katta turkumi: tashqi muhit yaratadigan fluktuatsiyalar va tizimning o‘zida vujudga keladigan fluktuatsiyalar farqlanadi. Ba’zan fluktuatsiyalar juda kuchayib, tizimni to‘la egallab olishi va mohiyat e’tibori bilan uning mavjudlik tartibini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ular tizimni unga xos bo‘lgan «tartib turi»dan olib chiqadi, ammo xaosga olib chiqadimi yoki yo‘qmi – bu masalaning boshqa tomoni.
Do'stlaringiz bilan baham: |