Erkin tashqi savdoning zarurligi va foydaliligi to‘g‘risida dastlabki nazariyalardan biri A.Smitning mutlaq ustunlik nazariyasidir. Bu nazariyaga ko‘ra har bir mamlakat undagi mavjud sharoitlar va resurslar o‘ziga xosligiga tayangan holda ma’lum bir tovarni eng kam xarajatlar hisobiga (yoki vaqt birligida bu tovarni eng ko‘p) ishlab chiqirish imkoniyatiga ega. Shunday ekan mamlakat mutlaq ustunlikka ega bo‘lgan tovar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi va ushbu tovarning o‘z iste’molidan ortiqcha qismini sotadi hamda boshqa tovarlarni sotib oladi.