MEN ANGLAGAN HAQIQAT
Men oddiygina ishchi oilasida tug‘ilganman. Juda yosh kezlarimdanoq o‘z xayolot olamimda kuchli xohish-istaklar, shu mavjud hayotga bo‘lgan beadad zavqu shavq hamda qo‘l yetmas orzular osmonini kashf qildim, ha, bu yorqin niyatlarim mening bola boshim uchun nechog‘lik mahol bo‘lishiga ham rozi bo‘lgan holda ularga butun qalbimni fido qildim. Holbuki atrofimdagi muhit g‘oyatda achinarli, qo‘pol va quruq edi. Shunday bo‘lsa-da orzumand ko‘zlarimni faqat yuksakka tikardim, o‘sha tegramdagi moddiy turmush lavhalarini nazarim hech ilg‘amasdi. Tan olishim kerakki jamiyatdagi mening o‘rnim ancha quyida edi. Bu yerdagi hayot ruh uchun ham, tana uchun ham qabihlik hamda baxtsizlikdan o‘zga narsani ravo ko‘rmasdi sira, vaholanki qashshoqlik iskanjasida ruhu tana-da barobar holda ochlikdan sillasi qurib, beayov azoblanmoqda edi.
Shu g‘arib boshim uzra jamiyatning hashamatli turmush tarzi bo‘y ko‘rsatib, o‘zini tinmay ko‘z-ko‘zlab turardi, birdan ichimda xuddi o‘sha fusunkor saroy tomon ko‘tarilib chiqish istagi paydo bo‘lib qoldi. Men o‘sha saroyga qarab shu past joyimdan bor kuchimni sarflab bo‘lsa ham o‘rmalab chiqishga allaqachon azmu qaror qilgandim. Qasrdagi barcha erkaklar nafis kiyimda edilar, egnilarida qop-qora kostyum bilan ohorli ko‘ylak, xonimlari bo‘lsa jozibali liboslar og‘ushida xirom bilan yurishardi. Yana bu yerda eng sara taomlar hozirlanar, to‘yguningcha maza qilib yeyishing mumkin edi. Bu ovqatlarning bari bitta odamga juda ko‘plik qilardi. Hammasidan ham bu joyda ruhing orom topadigandek edi. Butun aqlu xayolimni o‘g‘irlagan o‘sha serhasham hayot muhitida, men aniq bilardimki, ruhning ozodligi, toza va olijanob fikrlash, risoladagiday umr kechirish kabi hayotning nodir tuhfalari mujassam edi. Bularning barini men o‘zim o‘qigan “Dengizbo‘yi kutubxonasi” turkumidagi romanlar orqali yaxshi bilardim, albatta, kitoblardagi yovuz qahramonlar va sarguzashtsevar darbadarlarni hisobga olmaganda mazkur oliy tabaqa vakillari hammavaqt g‘oyatda teran mulohaza etishar, ravon tilda so‘zlashishar, nazokatli harakatlar qilishardi. Muxtasar qilib aytganda, misoli quyosh chiqishini shodu xurramlik ila kutib olganim kabi tepamda yarqirab, jilolanib turgan gulgun hayot ichida ham osudalik, ham aslzodalarga monand salobat va marhamat mavjud ekanligiga zig‘ircha shaksiz ishondim, garchi bu kabi tushunchalar faqir qismatim uchun nomunosib bo‘lib ko‘rinsa-da biroq ular tiriklik mazmuniga xushlik hamda viqor bag‘ishlashiga iqror bo‘lgandim, eng muhimi, bu hayotda odamni yashagisi kelardi.
Ammo kambag‘al ishchi oilasining bolasi uchun yuqoridagi porloq tole’ tomon ko‘tarilib chiqish oson emasdi, albatta, chunonchi biz kabi odamlar odatda xomxayollar va sarob orzular og‘ushidan to o‘lgunimizcha mosuvo bo‘lmaymiz. Men Kaliforniyada, o‘z ranchoyimda istiqomat qilardim, bor jon-jahdim bilan oliy tabaqa doirasiga chiqib olish uchun mustahkam narvon qidirardim. Bolalik paytlarimdanoq pul dardida qiynalib yashardim, o‘sha aslzoda kishilarning dunyoga qanday qilib badavlat, beg‘am bo‘lib kelganlariga aqlim yetmay, hadeb bola ongimni azoblardim. Keyinchalik shuni anglab yetdimki inson qancha ko‘p ter to‘ksa, u shuncha boyib ketadi, ana o‘shandagina uning tirikchiligi ham binoyidagiday sharoitda bo‘ladi. Ushbu xulosamdan zudlik bilan hisob-kitob qilib oldim, basharti men to ellik yoshimgacha tinimsiz ter to‘kib, mehnat qilsam va tuzukkina mablag‘ jamg‘ara olsamgina mening jamiyatdagi o‘rnim ham yuqorilashib, dunyoning lazzat hamda baxt kabi mujdalaridan bahrador bo‘la olishimni tiniq idrok etdim. Shubhasiz, bu yo‘lda qashshoqlik tushovidagi og‘ir tosh singari uylanish dahmazasini ham qat’iy bir chetga surib qo‘ydim.
Shunga qaramay, bor jonimni jabborga berib, astoydil ter to‘kishimga to‘g‘ri kelardi. Binobarin, o‘n yoshimdanoq shahar ko‘chalarida gazeta tarqatib yuradigan bolakay qiyofasiga kirdim, sarsonlik va pul topish mashaqqati menga yanayam ko‘proq narsalarni o‘rgatdi o‘shanda. Baribir atrofimdagi borlig‘imni qurshab turgan ochlik, yupunlik va miskinlik balosidan hech qutulib ketolmasdim, tepamda esa hamon oromijon jannat bog‘i meni o‘ziga tinmay chorlab turardi, shunda xayolimda boshqa narvon topish fikri uyg‘ondi shahzoda qiyofasida uzoq safarga otlandim.
Do'stlaringiz bilan baham: |