Mehnat qonunlari bajarilishi ustidan nazorat olib boruvchi organlar va ularning vakolatlari. Maxsus vakolat berilgan davlat organlari va inspeksiyalari ish beruvchi yoki uning yuqori turuvchi organlardan mustaqil ravishda turli shakldagi mulkchilikka asoslanuvchi korxona, muassasa tashkilotlarda mehnat qonunchiligiga amal qilinishi ahvolini nazorat qiladi. Bu organlar turli davlat idoralari qaramog`ida bo`lib, vakolatlari va vazifalari ham turlichadir.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi u haqda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1993-yil 29-iyuldagi 378-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat yuritadi.
Davlat mehnat huquq inspeksiyasi O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi. Nizomning 2-bandida ko`rsatilishicha, inspeksiya barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar faoliyatini ular tomonidan mehnat qonunlari, jamoa shartnomalariga amal qilishini nazorat qilishi, ana shu maqsadda korxonalarga to`sqinsiz kirishi, zarur hujjatlarni talab qilib olishlari, qonun buzilishi faktlari aniqlanganida ularni bartaraf etilishini talab qilishi mumkinligi ko`rsatib qo`yilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi ko`rsatmasi belgilangan muddatda bajarilishi, undan norozi bo`lingan taqdirda 10 kunlik muddat ichida sudga murojaat qilishlari mumkinligi belgilangan. Davlat mehnat huquqiy inspeksiyasining qonunlar ijrosini ta`minlash, qonunbuzarliklarni tahlil qilish, ta`sir choralari qo`llash yuzasidan boshqa vakolatlari yuqoridagi nizomda belgilab qo`yilgan.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat texnikaviy mehnat inspeksiyasi O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1995-yil 12-aprelda №134 raqam bilan ro`yxatga olingan nizomga ko`ra ish olib boradi.
Nizomning 1-bandida uning vazifalari belgilab qo`yilgan.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat texnikaviy mehnat inspeksiyasi va uning joylardagi bo`linmalari:
Qoraqalpog`iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat texnikaviy mehnat inspeksiyasi, mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoyalash viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmalari O`zbekiston Respublikasida mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunlarga vazirliklarda, korporasiyalar, uyushmalar, konsernlar, ishlab chiqarish birlashmalarida, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, aksiyadorlik jamiyatlarida, davlat hay`atlarida, fermer xo`jaliklari, kichik va qo`shma korxonalarda (bundan buyon korxonalar deb ataladi) ishlab chiqarish usuli, mulkchilik va xo`jalik yuritish shaklidan qat’iyy nazar rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuv yagona tizimini tashkil etadi.
Davlat texnikaviy mehnat inspektorlari quyidagi huquqlarga egadir:
Guvohnomani taqdim etib, istalgan vaqtda hech bir to`siqsiz korxonalarga boradilar va tekshiradilar;
Ish beruvchilarga, korxonalarning rahbarlari va mansabdor shaxslarga mehnat muhofazasiga doir O`zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa me`yoriy hujjatlarning buzilishini bartaraf etish to`g`risidagi majburiy ijro etilishi lozim bo`lgan ko`rsatmalar beradi;
Mehnat muhofazasiga doir qonunlar, me`yorlar, andoza (standart)larni buzishda aybdor bo`lgan korxonalarning rahbarlari, mansabdor shaxslari va boshqa mas`ul xodimlariga belgilangan tartibda jarima soladi;
Kuzatish va nazorat qilish vazifalarini amalga oshirishda zarur bo`lgan tushuntirishlar va boshqa axborotlarni ijro etuvchi hokimiyat idoralaridan, korxonalardan oladilar;
Mehnat muhofazasiga doir qonunlar va boshqa me`yoriy hujjatlar buzilishi aniqlangani chog`da ishlab chiqarish, sexlar, jihozlarning ishini to`xtatib qo`yadi;
Belgilangan tartibda mehnat muhofazasi o`quv kurslarini tugatmagan va qoidalar, me`yorlar, yo`l-yo`riqlar xususidagi bilimlarini tekshiruvdan o`tkazmagan shaxslarni ishdan chetlashtiradi;
Mehnat muhofazasiga doir qonunlarni, qoidalar, me`yorlar, andoza (standart)larni muntazam ravishda buzib, to`xtatib qo`yilgan ishlab chiqarish, sexlar, jihozlar ishini o`zboshimchalik bilan tiklagan shaxslarning egallab turgan lavozimidan ozod etilishi to`g`risidagi taqdimnomalarni korxona rahbarlariga va ular bo`ysunuvchi idoralarga beradi;
Mehnat muhofazasiga doir qonunlarning buzilishi, (bosh) davlat texnikaviy mehnat nozir (inspektor)ining ko`rsatmalari bajarilmagani xususidagi da`vo talablari va boshqa materiallarni tegishli huquqni muhofaza qilish idoralariga yuboradi;
Sertifikatlarga ega bo`lmagan yoki davlat andoza (standart)lari talablariga va texnikaviy shartlarga muvofiq bo`lmagan ishlab chiqarishni hamda yakka tartibda va jamoa bo`lib himoya qilish vositalaridan foydalanishni ta`qiqlaydi;
Zarur bo`lgan hollarda binolar, inshootlar, ishlab chiqarish va boshqa mashina jihozlaridan bundan buyon ham foydalanish mumkinligini aniqlash uchun korxona rahbarlaridan ularning holatini texnikaviy ekspertizadan o`tkazishni talab qiladi.
Davlat texnikaviy mehnat inspeksiyasining ko`rsatmalari majburiy kuchga ega bo`lib, undan norozi bo`lgan shaxslar sudga shikoyat berishlari mumkin.
Sanoatda ishlarni xavfsiz olib borish va nazorat bo`yicha Agentlik. Bu organ O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 7-fevraldagi 2535-UP sonli «O`zbekiston Respublikasi sanoatda ishlarni xavfsiz olib borishi va tog`-kon nazorati Davlat qo`mitasini sanoatda ishlarni xavfsiz yuritish va tog`-kon nazorati bo`yicha Agentlikka aylantirish to`g`risida»gi Farmoni asosida tashkil etil-gan. Uning to`g`risidagi Nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan.
Uning asosiy vazifasi sanoatda va tog`-kon sanoatida ishlarni xavfsiz olib borilishi, texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi, mehnat sharoitlarini tegishli standartlarga muvofiq bo`lishini nazorat qilishdan iborat. Ularga ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun zarur vakolatlar berilgan. Jumladan, ushbu agentlik va uning joylardagi organlari korxonalar ishini tekshirishga, tegishli qarorlar qabul qilishga, ularni majburiy ijro etilishini ta`minlovchi choralar ko`rishga haqli sanaladilar.
Davlat sanitariya nazorati O`zbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyuldagi «Davlat sanitariya nazorati to`g`risida»gi Qonun asosida vakolatli organlar va mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan tartibda faoliyat ko`rsatadi.
Ushbu qonunning 21-moddasida qayd etilishicha:
O`zbekiston Respublikasining Davlat sanitariya epidemiologiya xizmati qaysi idoraga bo`ysunishidan va mulkchilikning shakllaridan qat’iyy nazar, O`zbekiston Respublikasi hududida joylashgan davlat idoralari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etishlari ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya vrachining, viloyatlar, Toshket shahar bosh Davlat sanitariya vrachining, Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlari, shu jumladan ishlab chiqarish sanitariyasi va gigiyenasi xavfsizligini ta`minlashga oid vakolatlari ushbu qonunda mustahkamlab qo`yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |