Kundalik dam olish. Kundalik dam olish–bu bir ish kuni (smena) tugashi bilan keyingi kungi (smenadagi) ish boshlanishi o’rtasidagi vaqtdir. Kundalik dam olishning eng kam muddati qonun bilan belgilab qo’yilgan. Mehnat Kodeksining 128-moddasiga binoan, u o’n ikki soatdan kam bo’lishi mumkin emas.
Har haftalik dam olish. Har haftalik dam olish deganda xodimlarga har hafta uchun kafolatlangan ishdan xoli dam olish kunlari tushuniladi. Xodimlarga har bir ish haftasida dam olish kunlari kafolatlangan bo’lib, ularning soni (bir yoki ikki dam olish kuni) korxonada joriy etilgan ish haftasi turiga bog’liqdir. Chunonchi, Mehnat Kodeksining 129-moddasiga binoan, besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti ish kunlik haftasida esa bir dam olish kuni berilishi kerak. Uzluksiz ishlab chiqarishga asoslangan korxonalar xodimlarining dam olish kulari kalendardagi dam olish kunlariga to’g’ri kelmasligi mumkin va ular belgilangan tartibda korxonada tasdiqlangan ish smenasi jadvallariga binoan, xodimlarning har bir guruhiga haftaning turli kunlarida navbati bilan berib borilishi mumkin. Shu sababli, agar bunday korxonalarda jadval bo’yicha ish smenasi yakshanba kuniga to’g’ri kelib qolsa, bunday paytda yakshanba kuni oddiy ish kuni sanaladi.
Vaxta usulida ishlashning o’ziga xos xususiyati qat’iyan taqozo qiladiki, bunday usulda ishlagan davrda ish jadvaliga har haftalik dam olish kunlarini kiritish maqsadga nomuvofiqdir. Birinchidan, bu narsa xodimning manfaatlariga mos emas, chunki uning o’z olasi davrasida dam olishni ta’minlay olmaydi. Buning ustiga vaxta usulida ish bajaradigan joylarda ko’pincha dam olish, uchun tuzukroq sharoit bo’lmaydi. Bundan tashqari, vaxta usulida ishlaganda ishlab chiqarish–texnikaviy sharoitlarga ko’ra, odatda, ishlarni to’xtatib turish mumkin bo’lmaydi. Ana shularni inobatga olib, vaxta usulida ishlash davriga to’g’ri keladigan har haftalik dam olish kunlarini olti haftasida bir va bsh kunlik ish haftasida ikki dam olish kuni hisobidan kelib chiqib, jamlab boriladi va vaxtalararo dam olish vaqtida beriladi.
Bayram kunlari. Bayram kuni-bu mamlakat hayoti uchun, uning tarixi uchun yoki xalqi uchun muhim ahamiyatga molik voqyea-hodisaga bag’ishlab, belgilagan tartibda e’lo qilingan kalendar sanadir. Mehnat Kodeksining 131-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasida quyidagi kunlar bayram (ishlanmaydigan) kunlardir:
1-yanvar-Yangi yil;
8 mart-Xotin qizlar kuni;
21 mart-Navro’z bayrami;
9 may –Xotira va qadrlash kuni;
1 sentyabr-Mustaqillik kuni;
1 oktyabr-O’qituvchi va murabbiylar kuni;
8 dekabr-Kostitutsiya kuni;
Ro’za hayit (Iyd al-Fitr)–diniy bayramning birinchi kuni;
Qurbon hayit (Iyd al-Adha)-diniy bayramning birinchi kuni.
Qonun bilan belgilab qo’yilgan bayram (ishlanmaydigan) kunlarini ish beruvchi ish kuni deb e’lon qilishga yoki ularni boshqa bir kunga ko’chirishga haqli emas.
Qonun ayrim ishlarni bayram (ishlanmaydigan) kunlari bajarish imkoniyatiga yo’l qo’yadi, hamda ularning aniq ro’yxatini belgilab beradi. Chunonchi, Mehnat Kodeksi 132-moddasining uchinchi qismiga binoan, ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob’yektlarni qo’riqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash kabilarga) ko’ra, ishni to’xtatib turish mumkin bo’lmagan joylarda, aholiga xizmat ko’rsatish zarurati bo’lgan ishlarda, shuningdek, kechiktirib bo’lmaydigan ta’mirlash ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo’l qo’yiladi. Har qanday holda ham, bayram (ishlanmaydigan) kunlaridagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to’lanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |