Ish haqi bo’yicha oshkorlik, hisobga olish va nazorat tizimi. Korxonadagi normal ishlab chiqarish sharoiti uchun xodimlarni korxona rahbariyati qabul qiladigan qarorlar bilan tanishtirib borish katta ahamiyatga egadir, bu qarorlar xodimlarning mehnat hayoti va birinchi navbatda, ularni moddiy rag’batlantirishdagi adolatlilikka taalluqli bo’ladi.
Korxonalarda ish haqi tuzilmasini ishlab chiqishning butun jarayoni juda murakkab bo’lib, barcha qabul qilinadigan qarorlarni ikir-chikirigacha tushuntirib berishning iloji yo’q. Lekin ishchilar o’z malakalari, tajribalari va kasbiy tayyorgarliklari, o’zlari bajaradigan ishni u yoki bu razryadga kiritishda qanday hisobga olinishini bilish huquqiga egadirlar. SHuningdek, ular o’zlari bajaradigan ishning miqdori va sifatiga qarab ish haqi oshirilishini belgilaydigan omillarni ham bilishlari shart. Mehnatga haq to’lash masalalarida alohida toifadagi xodimlarni moddiy rag’batlantirishning yagona tamoyillariga asoslanadigan xolislik muhim o’rin tutadi.
Kompaniyaning ish haqi sohasidagi siyosatini xodimlarga tushuntirish vazifalari (bo’linma) rahbarlari zimmasidadir. Lekin, ular qo’l ostidagilar bilan bunday ish olib borish uchun korxona rahbariyatidan barcha zarur ma’lumotlarni olishlari kerak.
Korxona (firma) rahbariyatining ish haqiga ajratiladigan mabla g’larning sarflanishini nazorat qilishi.Ish haqining samarali boshqarilishiga korxona (firma)ning yuqori darajadagi rahbarlari unga ajratiladigan mablag’larning sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o’rnatishlari ham kiradi. Nazorat qilishning ikki usuli mavjud: byudjetli va statistik nazorat.
Byudjetli nazorat mehnatga haq to’lashga va ajratiladigan mablag’larni rejalashtirish va sarflash bilan uzviy bog’liqdir. Ish haqi byudjetini ishlab chiqish mablag’larning bir qismidan bevosita ishlab chiqarish bo’linmalarida rahbarlar tomonidan umuman xodimlarni samarali moddiy rag’batlantirishda foydalanish imkonini beradi. Korxonalarda mehnatga haq to’lashning ikki xil byudjet turi ishlab chiqilmoqda: to’lov vedomostlari bo’yicha moddiy rag’batlantirishga sarflanadigan mablag’larning umumiy summasi va mehnat unumdorligi hamda ish samaradorligini oshirishni rag’batlantirish uchun mo’ljallangan mablag’lar.
Mehnat unumdorligini oshirish uchun to’planadigan moddiy rag’batlantirish byudjetlarida bo’linma rahbarlariga xodimlarni yuqori mehnat natijalari tufayli taqdirlash uchun imkon tug’dirish maqsadlarida har bir bo’linma uchun muayyan summalar ko’zda tutiladi.
Xodimlarni taqdirlash uchun sarflanadigan summalarni aniqlashda korxona rahbariyati quyidagi omillarni hisobga oladi: moliyaviy imkoniyatlarni; mehnat bozorida raqobatbardoshlikni; korxonaning xodimlarni mehnat natijalariga qarab mukofotlash borasidagi siyosatini; mazkur korxonaning mukofotlash byudjetini boshqa korxonalar byudjeti bilan taqqoslashni; korxonaning turli bo’linmalarida mehnat unumdorligini (samaradorligini) oshirish imkoniyatlarini; oxirgi ish haqi oshirilgan vaqtdan boshlab narx-navoning oshganligini (turmush qiymati indeksini) hisobga olib borishni.
Statistik nazorat byudjetli nazoratga qo’shimcha sifatida xizmat qiladi. Agar byudjetli nazorat sanash (hisoblash) darajasini ko’rsatsa, statistik nazorat umuman korxona bo’yicha va alohida bo’linmalar bo’yicha ham bajarilish darajasini nazarda tutadi.
Statistik nazorat boshqa axborotni ham beradi: ishlarni tahliliy baholashga qarab qayta baholanadigan ish o’rinlari soni; bo’linmalar bo’yicha ishlar malakasi va ish natijalariga qarab mukofotlash darajasi korxona bo’linmalari tomonidan mablag’larning sarflanishi (bunga ish natijalari bo’yicha to’langan summalar kirmaydi); xodimlarning ish haqining pastligi borasidagi shikoyatlarini qondirishga sarflangan summalar. Bo’linma rahbarlari tomonidan moddiy rag’batlantirish mablag’lari ustidan nazorat qilinishi korxonaning (firmaning) ish natijalari bo’yicha xodimlarni mukofotlash samaradorligini oshirish borasidagi siyosatining tarkibiy qismidir. Bo’linma rahbarlarining bu sohadagi ish samaradorligi ularning tayyorgarligiga bog’liqdir, xorijiy kompaniyalar bunday tayyorgarlikka ko’proq e’tibor beradilar. Tayyorgarlikdan maqsad — bo’linma rahbarlarining yo’l qo’ygan xatolarini to’g’rilash uchun emas, balki to’g’ri qarorga kelishlariga ko’maklashishdir.
Rahbarlar ish sifatini oshirish borasida kompaniya siyosatini muvaffaqiyat bilan amalga oshirishlari uchun kompaniya rahbariyati bo’linma rahbarlariga kompaniya qabul qilgan ish haqi siyosati haqida zarur axborotni etkazib beradi, ularni ishlarga baho berishga o’rgatadi, xodimlarni mukofotlash mezonlari bilan tanishtiradi. Ish haqi siyosatini amalga oshirishda asosiy yo’l-yo’riqlar beradi, bo’linma rahbarlarini o’z bo’linmalarida ish haqi bo’yicha qarorlar qabul qilishga har tomonlama hozirlik ko’rishiga vaqt ajratadi, ulardan qabul qilingan qarorlar haqida hisobot topshirishni talab qiladi. Ish katta ahamiyat kasb etadi.