Poezdlarni tuzish
209. Poezdlar ushbu Qoidalar, harakatlanish grafigi va poezdlarni tuzish rejasiga to’liq muvofiq ravishda tuzilishi lozim. Yo’nalishlar va har bir uchastka bo’yicha yuk poezdlarining og’irligi va uzunligi me’yorlari poezdlarning harakatlanish grafigi va tuzish rejasida belgilanib, lokomotiv turiga, poezdlar harakatlanadigan uchastkalardagi yo’l profiliga hamda ushbu uchastkalarda joylashgan stansiyalarning qabul qilish-jo’natish yo’llarini foydali uzunligiga, elektrlashtirilgan liniyalarda esa - elektr ta’minoti sharoitiga mos bo’lishi kerak.
Uzun tarkibli, og’ir yukli, birlashtirilgan, shuningdek, og’irligi va uzunligi oshirilgan yuk poezdlarini tuzish va o’tkazish tartibi DATK raisi yo’riqnomasiga muvofiq belgilanadi.
Uzoqqa qatnovchi va mahalliy yo’lovchi poezdlarining og’irligi va uzunligi me’yorlari hamda ularda vagonlarni joylashtirish tartibi poezdlar harakati jadvali kitoblarida ko’rsatiladi.
Yo’lovchi poezdlariga me’yoridan ortiq miqdorda vagonlar ulash hamda uzun tarkibli yo’lovchi poezdlarning O’zbekiston Respublikasi hududidagi harakatlanish tartibi DATK raisi buyrug’i bilan, boshqa davlatlar temir yo’llari bilan kesishganda esa, bu davlatlar temir yo’l ma’muriyatlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Poezdga harakat tarkibi ulangan hollarda uning og’irligi va uzunligi jadvallar bo’yicha aniqlanadi. Ushbu jadvallar poezdlar harakati jadvali kitoblarida beriladi.
210. Quyidagilarni poezdlarga ulash taqiqlanadi:
nosoz vagonlar;
harakat xavfsizligiga xavf tug’diruvchi va holati tashilayotgan yuklarning butligini ta’minlamaydigan vagonlar;
me’yoridan ortiq yuk ortilgan vagonlar;
ochiq harakat tarkibida yuklarni ortish va maxkamlashning texnikaviy talablarini buzib yuklangan platforma va yarim vagonlar;
kuzovning qiyshayishiga yoki vagonning rama va kuzovini harakat qismlariga urilishiga olib keluvchi o’tirib qolgan ressorli, shuningdek, tom qismlarining uzilib ketishi xavfi bo’lgan nosoz tomli vagonlar;
relslardan tushgan yoki halokatga uchragan poezdda bo’lgan vagonlar toki ko’rikdan o’tkazilib, harakatga yaroqli deb tan olinguncha;
belgilangan ta’mir turlari bajarilganliga to’g’risida yozuvi bo’lmagan vagonlar, ammo maxsus hujjatlar bo’yicha o’ziyurar yuk sifatida harakatlanayotgan vagonlar bundan mustasno;
yurishi uchun maxsus ko’rsatmalar berilmagan holda nogabarit yukli platformalar, transportyorlar va yarim vagonlar;
bortlari yopilmagan platformalar (DATK ning maxsus yo’riqnomalarida ko’rsatilgan holatlar bundan mustasno), bunkerlari mahkamlanmagan vagonlar, yuqori va pastki yuklash-tushirish kopqoqlari ochiq sisternalar, xopperlar, don tashiydigan, sement tashiydigan va shu kabi harakat tarkiblari;
eshiklari va lyuklari ochiq yoki lyuklari yopish mexanizmining bir qulfiga o’tkazilgan yarim vagonlar;
eshiklari ochiq va eshik qulfi bilan berkilmagan yuksiz yopiq vagonlar, neftebitum tashishga mo’ljallangan va g’ildirak juftlari aylanish doirasi bo’ylab bitumdan tozalanmagan yuksiz yopiq vagonlar.
211. Uzoqqa katnovchi va mahalliy yo’nalishdagi yo’lovchi poezdlariga texnikaviy xizmatga mo’ljallangan metalldan yaxlit ishlanmagan vagonlarni ulash ruxsat etiladi.
Barcha yo’lovchi poezdlarda birinchi va so’nggi vagonlarda eng chetdagi eshiklar yopiq bo’lishi shart, o’tish maydonchalari esa ko’tarilgan holda mahkamlangan bo’lishi lozim.
212. Yo’lovchi va pochta bagaj-vagonlariga quyidagilarni ulash taqiqlanadi:
portlovchi va xavfli yuk ortilgan vagonlar;
davriy ta’mir yoki yagona texnik taftish muddatlari o’tgan vagonlar;
Ayrim istisno hollarda yo’lovchi (tezkor va tezyurar poezdlardan tashqari) poezdlariga bir temir yo’l hududa – DATK raisi ruxsati bilan, poezdlarning ikki va undan ortiq temir yo’llarda harakatlanganda – MDH temir yo’llari ma’muriyatlari bilan kelishilgan holda, quyidagi yuk vagonlarini qo’yish mumkin:
to’rt o’qli yopiq yuk vagonlari;
sut tashishga mo’ljallangan sisternalar;
avtonom refrijerator;
tirik baliq tashiydigan vagonlar.
Bunda uzoqqa qatnaydigan yo’lovchi poezdlarga ko’pi bilan bitta yuk vagoni yoki tirik baliq tashiydigan juft seksiya, mahalliy yoki shahar atrofida qatnovchi poezdga ko’pi bilan uch vagon ulanishiga yo’l qo’yiladi.
Pochta-bagaj poezdiga DATK ruxsati bilan ushbu bandda ko’rsatilgan yo’lovchi vagonlarga ulash ruxsat etilgan vagonlarni, shuningdek, maxsus vagonlar: termoslar, besh vagonli refrijerator seksiyalari va alohida vagon refrijerator seksiyalari, engil vaznli yuklar uchun yopiq to’rt o’qli va yaxlit metall vagonlarni ko’pi bilan oltitasini ulashga ruxsat etiladi. Pochta-bagaj poezdiga DATK raisi belgilagan tartibga muvofiq va ruxsati bilan zarur hollarda boshqa yuk vagonlarini ulanishiga yo’l qo’yiladi. Ulanayotgan vagonlarning texnik holati va konstruksiyasi hamda ulardagi yuklarning mahkamlanishi yo’lovchi, yuk-bagaj poezdining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashi kerak.
Boshqa konstruksiya va turdagi harakat tarkibi ulangan yo’lovchi va pochta-bagaj poezdlari tezligi, ushbu harakat tarkibi uchun belgilangan tezlikdan oshmasligi kerak.
213. Pochta-bagaj poezdlarga vagonlar yo’lovchi poezdlar uchun belgilangan tartibda, yo’lovchi yuk poezdlariga esa vagonlar-yuk poezdlari uchun belgilangan tartibda joylashtiriladi.
214. Yo’lovchi yuk poezdlariga portlovchi va xavfli yuk ortilgan vagonlarni hamda suyultirilgan gaz tashilgan bo’sh sisternalarni ulash taqiqlanadi. Faqat istisno hollardagina, yo’lovchi-yuk poezdlardan o’zga turdagi poezdlar harakatlanmaydigan, faoliyati kam uchastkalarda ushbu poezdlarga xavfli (portlaydigan yukdan tashqari) yuk ortilgan vagonlarni DATK raisi tomonidan belgilangan tartibga hamda ruxsatiga muvofiq ulash mumkin.
215. Yuk poezdlari, vagonlarni o’qlari miqdori va og’irligi bo’yicha tanlanmasdan, tuziladi.
Og’ir yukli va uzun tarkibli poezdlarni tuzishda, bo’sh vagonlar poezd uzunligining so’ngti uchdan bir qismiga ulanadi.
Yig’ma poezdlarda vagonlar manzil stansiyalari bo’yicha guruhlarga bo’lib tuziladi, yig’ish-tarqatish vagonlari esa bir guruh qilib joylashtiriladi.
Motorvagonli harakat tarkibi ta’mirga yoki ta’mirdan keyin harakatlanganda yuk poezdining oxiriga bir guruh bo’lib ulanadi.
216. Odamlari bo’lgan yo’lovchi va yuk vagonlar (xizmat va yuklarni kuzatib boruvchi yo’l kuzatuvchilar (guruhlar) bo’lgan vagonlar bundan mustasno) yuk poezdlariga bir guruh qilib ulanishi hamda lokomotivdan, keskin turtki va to’xtashlarda surilishi mumkin bo’lgan relslar, balkalar, yog’ochlar va shu kabi yuklar ortilgan ochiq harakat tarkibidan, shuningdek, poezdning ortidan kamida bir vagon bilan to’silgan bo’lishi lozim.
Yuk poezdlarida odamlarni tashish tartibi DATK tomonidan belgilanadi (O’zbekiston Respublikasi hududida).
217. Odamlar ketayotgan poezdlarga portlovchi yuk ortilgan vagonlarni va kislotalar, suyultirilgan gaz va tez o’t oluvchi (3-klass) suyuqliklar ortilgan sisternalarni, shuningdek, suyultirilgan gazdan bo’shatilgan sisternalarni ulash taqiqlanadi.
Razryadli yuk ortilgan vagonlarni O’zbekiston Respublikasi hududida odamlar ketayotgan xarbiy poezdlarga ulash tartibi DATK ning maxsus nizomlalari bilan belgilanadi.
218. Yuk poezdlariga odamlar ketayotgan vagonlar, shuningdek, o’ta ehtiyotkorlikni talab etadigan alohida toifadagi yuk ortilgan vagonlar ulanganda tegishli to’siq bo’lishi lozim. To’siq sifatida xavfsiz yuk ortilgan yoki bo’sh vagonlar qo’yiladi.
Yuk poezdlarida odamlar ketayotgan, shuningdek, o’ta ehtiyotkorlik talab etuvchi alohida toifadagi yuklar ortilgan vagonlarni joylashtirish tartibi hamda bunday yuklarning ro’yxati yuklarni tashish Qoidalarida belgilanadi.
219. O’zbekiston Respublikasi hududida poezdlarga nogabarit yuk ortilgan vagonlarni va maxsus harakat tarkibini joylashtirish va eltish tartibi DATK ning tegishli yo’riqnomalari bilan belgilanadi.
220. Peregonda ish bajarish bilan harakatlanayotgan xo’jalik poezdlarida konduktorlar va ishga rahbarlik qilayotganlarning ketishlari uchun DATK mintaqaviy temir yo’l uzeli boshlig’i tomonidan belgilangan tartibga muvofiq o’tish maydonchali vagonlar qo’yilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |