28-modda. Urug’liklarni olib kirish va olib chiqish Urug’liklarni O’zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yo’l qo’yiladi, agar:
paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug’liklari O’zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo’jaligi ekinlarining davlat reestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan bo’lsa;
urug’liklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud bo’lsa;
urug’liklar selektsiya va tadqiqot ishlari, ko’rgazmaga qo’yish uchun mo’ljallangan bo’lsa.
Urug’liklarni (bundan paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug’liklari mustasno) olib kirish chog’ida akkreditatsiya bo’yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy laboratoriyalar o’tkazgan sinovlarning natijalari sinov chog’ida qo’llanilgan talablar O’zbekiston Respublikasida amal qilayotgan shunga o’xshash talablardan past bo’lmagan hollarda tan olinadi.
Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urug’liklar uchun bojxona boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.
Paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug’liklarini olib chiqish O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Boshqa qishloq xo’jaligi ekinlarining urug’liklarini olib chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.
(28-moddaning to’rtinchi qismi O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 12 noyabrdagi O’RQ-583-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2019 y., 03/19/583/4016-son) O’zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi lozim bo’lgan urug’liklarga Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining o’simliklar karantini bo’yicha davlat inspektsiyalari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.
29-modda. Urug’liklarga qo’shimcha ishlov berish, ularni utilizatsiya qilish va yo’q qilish Ekinboplik sifatlarini aniqlash natijalariga ko’ra belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan urug’liklarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qoidalariga muvofiq qo’shimcha ishlov berilishi, ular utilizatsiya qilinishi va (yoki) yo’q qilinishi lozim.
Urug’liklar ularning ekinboplik sifatlarini aniqlashni amalga oshirish va ulardan keyinchalik foydalanish mumkinligi yoki ularni yo’q qilish zarurligi to’g’risida qaror qabul qilish uchun zarur bo’lgan davrda xavfsizlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarga rioya etilgan holda alohida xonalarda saqlanishi lozim.
Belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqsiz bo’lgan urug’liklarni utilizatsiya qilish va (yoki) yo’q qilish bilan bog’liq xarajatlarning o’rni urug’lik yetishtiruvchilar va realizatsiya qiluvchilar tomonidan qoplanadi.