3-bob. Urug’chilik sohasidagi faoliyatni tashkil etish.
18-modda. Urug’liklarning genetik (nav) sifatini aniqlash
Urug’liklarning genetik (nav) sifati urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarning aprobatsiyasi, urug’lik ekinlarning navlarini tuproqqa ekib baholash, urug’liklarning laboratoriyada o’tkaziladigan nav sinovlari natijalari bo’yicha aniqlanadi.
(18-moddaning matni O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 12 noyabrdagi O’RQ-583-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2019 y., 03/19/583/4016-son)
19-modda. Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarning aprobatsiyasi. Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarning aprobatsiyasi O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi, O’zbekiston fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda ta’minot tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning qo’shma qarori bilan tuziladigan tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan o’tkaziladi.
Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarning aprobatsiyasi o’simliklarning genetik (nav) jihatdan sofligining, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligining, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligining va urug’liklar umumiy holatining dalada o’tkaziladigan tekshiruvi orqali amalga oshiriladi.
Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarning aprobatsiyasini o’tkazish natijalariga ko’ra tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan manfaatdor tashkilotlarga va jismoniy shaxslarga aprobatsiya dalolatnomasi beriladi.
Urug’lik yetishtiruvchilar shaxsiy foydalanishdagi urug’lik ekinlarning aprobatsiyasini aprobatsiya dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda o’tkazishga haqli.
(19-modda O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 12 noyabrdagi O’RQ-583-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2019 y., 03/19/583/4016-son). 20-modda. Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarni tuproqqa ekib baholash
Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarni tuproqqa ekib baholash urug’liklarni maxsus uchastkalarda ekish va kelgusida ularning genetik (nav) sifatini tekshirish orqali urug’liklarning muayyan turga, navga mansubligini hamda nav jihatdan sofligini belgilaydi.
Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarni tuproqqa ekib baholash O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan o’tkaziladi.
Urug’lik yetishtirish uchun foydalaniladigan urug’lik ekinlarni tuproqqa ekib baholashni o’tkazish natijalariga ko’ra manfaatdor tashkilotlarga va jismoniy shaxslarga urug’liklarning genetik (nav) sifati to’g’risida xulosa beriladi.
(20-modda O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 12 noyabrdagi O’RQ-583-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2019 y., 03/19/583/4016-son). 21-modda. Urug’liklarning laboratoriyada o’tkaziladigan nav sinovi
Urug’liklarning laboratoriyada o’tkaziladigan nav sinovi laboratoriya tahlili o’tkazish orqali ularning muayyan navga mansubligini belgilaydi va genetik (nav) sifatini aniqlaydi.
Urug’liklarning laboratoriyada o’tkaziladigan nav sinovi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(21-moddaning ikkinchi qismi O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 12 noyabrdagi O’RQ-583-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2019 y., 03/19/583/4016-son)
Urug’liklarning laboratoriyada o’tkazilgan nav sinovi natijalariga ko’ra manfaatdor tashkilotlar va jismoniy shaxslarga urug’liklarning genetik (nav) sifati to’g’risida xulosa beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |