§ 3. Davlat test markazi vakillarining ishini tashkil etish
7. Test sinovlarini o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan DTM vakillari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadilar.
8. DTM vakillari oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari, ilmiy muassasalar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlaridan vazirliklar va hokimliklar tavsiyasi asosida tanlanadi va o‘quv yurtlariga qur’a tashlash yo‘li bilan taqsimlanadi.
9. DTMning har bir vakiliga 10-12 ta auditoriya biriktiriladi. DTM vakillaridan bittasi o‘quv yurti bo‘yicha rahbar etib tayinlanadi.
10. DTM vakillari faoliyatiga umumiy rahbarlik DTMning doimiy vakili tomonidan amalga oshiriladi.
11. DTM vakili o‘quv yurtining qabul komissiyasi va tegishli hokimlikning mas’ul xodimi bilan birgalikda, test sinovlariga qadar, quyidagilarni tekshiradi:
Qabul to‘g‘risidagi Nizomga asosan abituriyentlarning ariza va hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd daftarlarida to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini;
abituriyentlar ro‘yxatining DTM tavsiya etgan algoritm asosida tuzilganligini;
binolarda seyflarga ega maxsus xonalarning tayyorligini;
auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilarining qaysi auditoriyaga tushishini qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlash uchun ajratilgan joyning har bir binoda tayyorligini;
test sinovlari o‘tkaziladigan xonalarda abituriyentlarning o‘tirish o‘rinlarini belgilangan tartibda raqamlanganligi, ularda yetarli miqdorda stol (parta), stullar hamda test materiallarini topshirish uchun ajratilgan alohida stolning mavjudligini;
tibbiy, texnik va axborot xizmatining tashkil etilishini, jamoat tartibini saqlanish chora-tadbirlari belgilanganligini;
Ruxsatnoma va Titul varaqasining qayd daftari asosida to‘g‘ri to‘ldirilganligini.
DTM vakili aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Zarur bo‘lganda, DTM rahbariyatiga ma’lumot berib, o‘quv yurtining testga to‘liq tayyor bo‘lishiga erishadi.
12. DTM vakili test jarayonida abituriyentga qo‘yiladigan talablarni hamda “Abituriyentga eslatma”ni to‘liq o‘rganadi.
13. DTM vakili test o‘tkaziladigan kuni quyidagi ishlarni bajaradi:
o‘quv yurti bosh shtabiga soat 6.00 da yetib keladi;
DTMning o‘quv yurti bo‘yicha rahbar vakili soat 6.00 dan 6.20 gacha DTM vakillarini binolar va auditoriyalar bo‘yicha taqsimlaydi;
soat 6.20 dan 6.40 gacha qabul komissiyasi raisi, mas’ul kotibi bilan birgalikda maxsus aloqa xodimlaridan test materiallarini qabul qilib oladi, test materiallarini binolar bo‘yicha tarqatadi va 1-shakl (11-ilova)ni rasmiylashtiradi;
mas’ul kotibdan abituriyentlar ro‘yxatini (ijodiy imtihon o‘tkazilgan guruhlar uchun 2 nusxada) oladi;
DTMning doimiy vakilidan binolar bo‘yicha auditoriya rahbari va kuzatuvchilar ro‘yxatini oladi;
soat 6.40 dan 7.00 gacha maxsus aloqa xodimi bilan test materiallarini o‘zi biriktirilgan binoga olib keladi;
soat 7.00 dan 7.30 gacha o‘quv yurti qabul komissiyasi xodimi bilan birgalikda auditoriya rahbari va kuzatuvchining qaysi auditoriyada bo‘lishini qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlaydi va ularga DTMning maxsus guvohnomasini beradi hamda bu haqda 2 nusxada bayonnoma (12-ilova) tuzadi;
abituriyentlar ro‘yxatini (ijodiy imtihon o‘tkazilgan guruhlar uchun 2 nusxada) kuzatuvchilarga tarqatadi;
soat 7.30 dan 8.00 gacha abituriyentlarning Ruxsatnomasi, Titul varaqasi va pasportini tekshirib, binoga kiritilishini nazorat qiladi;
soat 8.00 dan 8.30 gacha test materiallari solingan qutilarni auditoriya rahbarlariga tarqatadi va 2-shakl (13-ilova)ni rasmiylashtiradi;
soat 8.30 dan 9.00 gacha auditoriya rahbari va kuzatuvchisi tomonidan test materiallarini abituriyentlarga tarqatilishini, Savollar kitobi bilan ishlash va Javob varaqasi (14-ilova)**ni to‘ldirish qoidalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berilishini nazorat qiladi;
soat 9.00 dan 10.00 gacha o‘ziga biriktirilgan auditoriyalarda testga kelmagan abituriyentlar ro‘yxatini oladi, auditoriya rahbari va kuzatuvchisining familiyasi, ismi, sharifi, pasporti haqidagi ma’lumotlarni olib, ularni ro‘yxat bilan solishtiradi;
soat 9.00-12.20 (9.00-11.20*) da test jarayonining xolisona va adolatli o‘tishini nazorat qiladi va ta’minlaydi (* ikkita blok bo‘yicha test topshiruvchilar uchun);
auditoriyalarda test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan abituriyentlarning testdan chetlashtirilishini va bu haqda dalolatnomalar tuzilishini nazorat qiladi;
auditoriya rahbari va kuzatuvchisi varaqasi (15-ilova)ning to‘g‘ri to‘ldirilishini nazorat qiladi;
test jarayonida kutilmagan voqea ro‘y berganda, zudlik bilan telefon orqali DTM direktori bilan bog‘lanib, muammoni hal qilish choralarini ko‘radi;
soat 12.00-12.20 (11.00-11.20*) da test sinovini tugash jarayonini qat’iy nazorat qiladi;
abituriyentlarning auditoriyadan pasporti va Ruxsatnoma bilan chiqishini, Ruxsatnomada Javoblar varaqasi nomeri va varianti yozilib, uning auditoriya rahbari va kuzatuvchisi tomonidan tasdiqlanganligini nazorat qiladi;
soat 12.20-12.40 (11.20-11.40*) da Javoblar varaqasi paketi, Savollar kitobi qutisi, Titul varaqalari paketi auditoriyalarda yelimlanib, emblemalar bilan muhrlanishini ta’minlaydi;
soat 12.20-13.20 (11.20-12.20*) da test sinovlari tugashi bilan, muhrlangan Javoblar varag‘i paketi, Savollar kitobi qutisi va Titul varaqasi paketlarini DTMning rahbar vakiliga zudlik bilan topshirilishini boshqaradi;
soat 13.20-13.40 (12.20-12.40*) da test materiallarini maxsus aloqa vositalari bilan o‘quv yurti bosh shtabiga olib keladi;
qabul komissiyasi raisi, mas’ul kotibi bilan birgalikda maxsus aloqa xodimlariga test materiallarini topshirib, 1-shaklni rasmiylashtiradi;
qabul komissiyasi seyfiga Titul varaqalari paketini solib, seyfni qabul komissiyasi raisi, mas’ul kotib bilan birgalikda muhrlaydi;
maxsus aloqa xodimlariga topshirilayotgan qutilar joylashgan qoplarga Davlat test markazining manzilini yozadi.
14. Test sinovlari o‘tgandan so‘ng, har bir DTM vakili bajarilgan ishlar bo‘yicha ikki nusxada hisobot tayyorlaydi. Hisobotning bir nusxasi DTMga, ikkinchi nusxasi DTMning doimiy vakiliga topshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |