Kurs ishining ob’yekti sifatida O’zbekiston Respublikasining fuqarolik huquqiy qonun hujjatlari tanlangan. Xususan, «O’zbеkistоn Rеspublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik Kodeksi, qonunlar, qarorlardan foydalanildi.
Kurs ishining predmeti sifatida O’zbekistonda fuqarolik huquqining me’yoriy hujjatlarini o’rganish hisoblanadi.
Kurs ishining tuzilishi. Kurs ishi kirish, 2 ta bоb, 4 ta paragraf, хulоsa va fоydalanilgan adabiyotlar ro’yхatidan ibоrat bo’lib, 30 bеtni tashkil etadi.
1 bob. Fuqarolik huquqiga oid me’yoriy hujjatlar va ularning mazmuni
1. Fuqarolik huquqi manbalari va unga оid imperativ, dispozitiv normalar
Ma`lumki, har bir soha muayyan asoslarga, qoidalarga va negizlarga tayanadi. Har bir munosabatni tartibga solishda shu munosabatlar uchun umumiy asosga aylangan birlashtiruvchi tushuncha va holatlar belgilovchi rol o’ynaydi. Tegishli ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda eng muhim bo’lgan va shu sohadagi deyarli, barcha munosabatlarga taalluqli bo’lgan qoidalar fanda manbalar deb yuritiladi.
Shu ma`noda, huquq manbalari deganda, umumiy ma`noda huquqning ifoda etilish shakli tushuniladi2. Bunda huquq turli vositalar va davlat tomonidan ishlab chiqilgan yoki qabul qilingan maxsus usullar orqali amalga oshiriladi. Ifoda etilish tushunchasini tahlil etganda huquqni jamiyat hayotidagi turli ijtimoiy munosabatlarga qo’llash nazarda tutiladi. Masalan, tovar ayirboshlash, o’zganing mol-mulkidan vaqtincha foydalanish, turli xildagi xizmat ko’rsatish va shunga o’xshash munosabatlarga nisbatan huquqning ifoda etilishi davlat tomonidan qabul qilingan maxsus hujjatlar, ya`ni, vositalar orqali namoyon bo’ladi.
Ijtimoiy turmush va jamiyat hayotining ko’plab sohalari maxsus manblarga ega bo’lganidek, huquq ham o’z manbalariga egadir. Huquq manbalari esa, o’z navbatida, muayyan sohalarning manbalariga bo’linadi va ularning majmuidan tashkil topadi. Ushbu majmuaning bir bo’g’ini sifatida fuqarolik huquqi sohasi ham o’z manbalariga egadir.
Professor I.B.Zokirovning fikricha, fuqarolik huquqining manbalari deganda, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan normativ hujjatlar tushuniladi3. Bunda fuqarolik-huquqiy munosabatni tartibga soluvchi normativ hujjat faqat birgina huquq sohasi – fuqarolik huquqining manbasi bo’lishi mumkin degan tasavvur vujudga kelmasligi kerak. Ayni bir vaqtning o’zida fuqarolik huquqining manbasi hisoblangan normativ hujjat, xo’jalik huquqining, qishloq xo’jaligi huquqining, moliya huquqining, ma`muriy huquqning va boshqa huquq sohalarining manbasi bo’lishi mumkin. Umuman olganda, huquq nazariyasida huquq manbalariga nisbatan bir qancha shartlar qo’yiladiki, bu shartlar va talablar manbaning aynan huquqqa tegishliligini va uning boshqa soha manbalaridan ajratib turilishiga yordam beradi. Bunday shartlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Huquq manbasi normativ harakterga ega bo’lishi kerak;
Huquq manbasi o’zining nomlanishi va ta`sir kuchi doirasida tegishli vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilingan yoki chiqarilgan bo’lishi lozim;
Huquq manbalari har doim tegishli tartib va qoida asosida qabul qilinishi lozim;
- Huquq manbasi tegishli ravishda ro’yxatga olinishi va muayyan shartlar asosida e`lon qilinishi lozim.
Huquq manbaini tashkil etgan xalqning erki davlat erki bo’lib, ma`lum shaklda qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda ifodalanadi4.
Huquq manbalari to’g’risida so’z yuritilganda, birinchi navbatda, qonun ustida to’xtalish lozim. O’zbekiston Respublikasida qonunlar Oliy Majlis – hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi tomonidan amalga oshiriladi, qabul qilinadigan bu qonunlar barcha uchun majburiy bo’lgan normativ hujjatlardir.
Fuqarolik huquqining manbalari huquqning boshqa sohalari manbalaridan bir qator xususiyatlari bilan farq qiladi. Bu xususiyatlar fuqarolik huquqi manbalari tartibga soladigan huquqiy munosabatlarning mohiyatidan kelib chiqadi. Ma`lumki, fuqarolik-huquqiy munosabatlar odatdagi, kundalik, normal ijtimoiy munosabatlardir.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning “odatdagi” munosabatligi shu bilan belgilanadiki, bu munosabatlar har doim sodir bo’ladi va kishilarda bu munosabatlarning amalga oshirilishi odatdagi jarayon kabi tasavvur hosil qiladi. Masalan, har kuni do’kondan non sotib olinganda, deyarli, barcha fuqaro – xaridor nonni muayyan summa to’lagan holda sotuvchi bilan kelishib sotib olishi mumkinligini biladi. Bu hol bir necha asrlardan beri odat tusiga aylangan. Mantiqan olib qaraganda, bunday munosabatlar juda ko’plab topiladi va ularda odat an`analariga aylangan holatlar kuzatiladi. Aynan ana shu holatlar fuqarolik qonun hujjatlari tomonidan tartibga solinadi. SHu bilan birga, odatda, kishilar uchun yangilik bo’lmagan va sodir bo’lishi g’ayri tabiiy tuyulmagan voqelikdir. Bu munosabatlarning shu zaylda amalga oshirilishi kishilarda ajablanish hissini vujudga keltirmasligi lozim. Odatdagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari har doim mavjud an`analardan kelib chiqib belgilanishi kerak.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning kundalik munosabatlar sifatida talqin etilishining asosiy sababi, ularning har kuni amalga oshirilish bo’lib hisoblanadi. Agar fuqarolik-huquqiy munosabatlarning «odatdaligi» bevosita munosabatlarni amalga oshirilishi tartibi va jarayoni bilan bog’liq bo’lsa, “kundalikligi” xususiyati bu munosabatlarning hayotiy zaruriyat va ehtiyojlar bilan bog’liq ravishda har kuni sodir etilishi bilan bog’liq bo’ladi. Bunday munosabatlar jumlasiga: chakana oldi-sotdi shartnomalari va haq evaziga xizmat ko’rsatish shartnomalarini ko’rsatish mumkin.
Huquqiy munosabatlar orasida faqatgina fuqarolik-huquqiy munosabatlar “normal” munosabatlardir. Ya`ni fuqarolik-huquqiy munosabatlar bir-birga bo’ysunish tamoyiliga asoslanmagan, erk-iroda va xohishga tayangan, majburlash va tayziqdan holi bo’lgan holda vujudga keladigan munosabatlardir. Fuqarolik huquqining manbalari ham aynan o’zi tartibga soladigan munosabatlarning shu xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Umumiy qoidaga ko’ra, fuqarolik huquqiy munosabat deb shaxslar o’rtasida bo’ladigan va fuqarolik huquqiy normalar bilan tartibga solinadigan munosabatlarga aytiladi. Fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar ham bu munosabatlarni tartibga solishda vujudga kelayotgan munosabatning mazmuniga tayanadi.
Fuqarolik huquqi manbalarining yana bir xususiyati, ularda imperativ mehyorlarga qaraganda dispozitiv mehyorlarning kengroq qo’llanilishidir. Adabiyotlarda tahkidlanishicha, huquqiy tartibga solish usuliga qarab, huquq normalarini imperativ va dispozitiv normalar guruhlariga bo’lish mumkin. Imperativ normalar qat`iy amr harakteriga ega hatti-harakat sub`ektiga belgilangan harakat modelidan chetga chiqishni man etadi, masalan, ko’pgina ma`muriy-huquqiy normalar shunday mazmundadir. Imperativ normalar deb ma`lum bir huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning erklari bilan o’zgartirilishi mumkin bo’lmagan, qat`iy harakterda bo’lgan, qat`iy buyruq beradigan normalarga aytiladi. Imperativ normalarga misol qilib “Fuqarolarning huquq layoqatidan yoki muomala layoqatidan to’la yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar o’z-o’zidan haqiqiy emasdir” (FKning 23-moddasi, 3-bandi) – deb aytilgan normani ko’rsatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |