2.3. Menejerning rahbarlik uslubi va boshqaruvi
Boshqaruv uslubi - bu rahbar tomonidan foydalaniladigan masalalarni yechishni eng xarakterli va barqaror usullarining majmuasi, uning qo‘l ostidagilarga nisbatan xulqining odatlaridir.
Boshqaruv uslubi jamoa va umuman korxona (tashkilot) faoliyatining samaradorligiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Haqiqiy sharoitlardagi boshqaruvning aniq uslubi obyektiv va subyektiv xarakterdagi quyidagi omillarni belgilab beradi:
— jamoaning vazifalari va xizmatlari;
— jamoaning ish sharoitlari;
— jamoaning o‘lchamlari va tuzilishi;
— rahbarning shaxsiy sifatlari va tajribasi;
— menejerning kasbiy mahorati;
— mehnat jamoasi a’zolarining kasbiy tayyorgarlik darajasi va ongliligi;
— mehnat jamoasining pishib yetilganligi va birlashganligi darajasi va boshqalar.
Rahbarlik uslublarining kengligi to‘liq demokratiyadan to mutloq avtokratiyagacha yoyilib ketadi. Ruhshunoslar va sotsiologlar tomonidan o‘tkazilgan rahbarlarning har xil turlari va ular faoliyati samaradorligining tadqiqotlari rahbarlikning uchta eng ko‘p uchraydigan uslublar: avtoritar yoki avtokratik, demokratik va liberalni ajratishga imkon bergan, ammo amalda mutloq u yoki bu uslubga rioya qiluvchi rahbarlar kamroq uchraydi.
Avtoritar uslubdan foydalanishda avtokrat rahbar e’tirozlarga toqat qila olmaydi. U qo‘li ostidagilarga kamroq axborotlarni beradi. Hech kimga ishonmaydi va hech kimga o‘zining niyatlarini ma’lum qilmaydi. U o‘z harakatlari yo‘nalishini tez o‘zgartiradi.
Qo‘li ostidagilar bilan iltifotsiz, shoshilinch qarorlarga moyil.
Unda, fikrlarini payqab olishni biladiganlar eng yaxshi xodimlar hisoblanadi. Qo‘li ostidagilar barcha savollar bilan «boshliq» oldiga chopadilar. Avtokrat rahbarni oldindan bilib bo‘lmaydi.
Hech kim u yoki bu hodisaga u qanday javob qaytarishini ochiqoydin bilmaydi. Rahbarlarning bunday uslubida ko'pincha nizolar chiqadi. Avtokratning barcha masalalarda shaxsiy omilkorligiga da’volari tartibsizlikni keltirib chiqaradi va ishning samaradorligini pasaytiradi.
Liberal uslub tashabbussizlik, mehnat jarayoniga aralashmaslik bilan tariflanadi. Liberal rahbar orqali yuqori rahbariyat ko‘rsatmalari bo‘yicha harakat qiladi, javobgarlikdan qochishga intiladi. U har xil omillarning ta’siri ostida o‘zining qarorini o'zgartirishi mumkin. Tashkilotda ko‘pincha muhim masalalar uning ishtirokisiz hal qilinadi.
Qo'li ostidagilar bilan o‘zaro munosabatlarda liberal muloyimdir. U ularga deyarli to‘liq erkinlikni beradi, talabchan emas, ularning ishini nazorat qilishni yoqtirmaydi.
Obro‘olishga intilib u qo‘li ostidagilarga har xil imtiyozlarni berish, o‘rinsiz mukofotlarni to‘lashga qodir. U yana qo‘l ostidagi yalqov uchun ishni bajarishi mumkin, yomon xodimlarni ishdan bo'shatishni yoqtirmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |