Morfologiya va sintaksis. Ularning o`zaro munosabati. Grammatika ikki qismga: morfologiya va sintaksisga bo`linadi. Morfologiya ham, sintaksis ham o`z tekshirish ob`ektiga ega bo`lib, ular bir-biri bilan uzviy ravishda bog`langan.
Morfologiya (grekcha morfe - shakl, logos - ta'limot) so`zlarning grammatik xususiyatlari haqidagi ta'limotdir. Morfologiyada so`zlarning o`zgarishi va shu o`zgarish bilan bog`liq bo`lgan ma'nolar, so`zning tuzilishi va tarkibi o`rganiladi. So`zlarning o`zgarishi umumiy struktura belgilariga ega bo`lgan so`z guruhlari bilan bog`langan, shuning uchun morfologiya ma'lum belgilar asosida bir-biridan farq qilgan so`z guruhlari - so`z turkumlarini ham tekshiradi.
Sintaksis (grekcha sintaxis - tuzish) gapning grammatik xususiyatlarini, gap qurilish va turlarini tekshiradi. Gap qurilish uchun ohang, so`zlarning birikishi, predikativlik va so`z tartibi kabi sintaktik vositalar muhimdir.
Morfologiya bilan sintaksisning bir-biridan farqi shundaki, morfologiyaning tekshirish ob`ekti so`z. Unda so`zning u yoki bu shakllari, xususiyatlari tahlil qilinadi. Sintaksisning tekshirish ob`ekti gap bo`lib, unda gap tuzilishi, so`z birikmalari va so`zlarning bog`lanish yo`llari tahlil etiladi. Morfologiya so`zni til sistemasida olib qaraydi, alohida so`z shakllari va ularning qanday bog`langanligini aniqlaydi. Morfologiya turlanish va tuslanishning muhim xususiyatlarini tekshiradi, so`zning morfologik tarkibi, uning shakllari va grammatik ma'nolari, so`z turkumlari va ularga xos so`z yasash yo`llarini o`rgatadi.
Morfologiya - so`z haqidagi grammatik ta'limot. Grammatika tilning so`z o`zgartirish va so`z qo`shish - biriktirish qoidalari yig`indisi bo`lib, u so`z shakllarini, so`z kategoriyalarini, so`z birikmasi va gap hosil qilishdagi xususiyatlarini tekshiradi. Grammatikaning asosini so`z turkumlari va gap haqidagi
ta'limot tashkil qiladi.
Morfologiyaning ob`ekti so`zning grammatik tomonidir: u so`zni tilning grammatik sistemasi nuqtai nazaridan tekshiradi. Leksikologiya esa so`zni tilning leksik sistemasi nuqtai nazaridan o`rganadi.
So`zning morfologik strukturasi - morfemalari, morfologik kategoriyalar, so`zning shakllar sistemasi, so`z shakllarining hosil bo`lish yo`llari, vositalari, so`zlarning leksik-grammatik kategoriyalari.
Grammatika va milliylik, milliy mafkura. Til va tafakkur, milliy til va milliy ruh ajralmas. Har bir tilning gammatik qurilishi ma`lum me`yorga, qonun-qoidaga ega bo`lib, bu shu tilda so`zlashuvchi kishilarning ijtimoiy ruhiyati bilan belgilanadi. Shu boisdan nazariy tilshunoslik fanining asoschisi V.fon Humboldt bundan qariyb ikki asr ilgari har qaysi tilning o`z sistemasi bo`lib, tilni tadqiq qilishni shundan boshlash kerak, degan edi. Grammatikada aks etuvchi milliylikni uning har ikki tarkibiy qismi- morfologiyada ham, sintaksisdfa ham kuzatish mumkin.
Milliy fanda milliy mafkura aks etadi. O`zbek tilshunosligi milliy fan bo`lib, u ham o`zida milliy mafkura va milliy g`oyani aks ettirish bilan birgalikda, uni targ`ib qiluvchi vositalar sirasidan ham o`rin oladi.
Til ijtimoiy-ruhiy hodisa bo`lganligi sababli uning me'yorlarini belgilash davlatning til siyosati bilan ham bog`liq. O`zbek tilshunosligi tom ma'nodagi mustaqil fan sifatida o`zbek tilining o`zbekona tabiatini ochiq-oydin o`rganib, uni milliy g`oya va milliy mafkurani targ`ib qilishning tarkibiy qismiga aylantirdi.
Kishi ongidagi so`z borliqdagi narsa, harakat, belgi va hodisalar haqidagi tushunchani bildiradi. Tushuncha esa borliqning kishi ongida aks etishi natijasida hosil bo`ladi. So`zning tushuncha anglatishi so`z leksik m'nosining asosini tashkil etadi, leksik ma'no har bir so`zda individual bo`ladi. Lug`aviy ma'no anglatuvchi so`zlar birgina leksik ma'noni anglatmasdan, balki o`zaro bog`langan bir qancha qo`shimcha ma'nolarni ham ifodalashga xizmat qiladi. Masalan, kitoblar, keldilar, o`qiyotirlar kabi so`zlar leksik ma'nodan tashqari boshqa ma'nolarni ham anglatadilar. Bunday ma'no faqat bir so`z uchungina xos bo`lmay, balki o`zlari mansub bo`lgan so`zlar guruhi uchun ham umumiy bo`ladi. Masalan, kitoblar so`zi o`quv qurolini, keldilar, o`qiyotirlar so`zlari esa harakat, bandlik ma'nosini bildiradi. Bular ushbu so`zlarning leksik ma'nolaridir. Bu so`zlarda grammatik jihatdan ko`plik ham o`z aksini topgan. So`zlar guruhi uchun xos bo`lgan bunday umumiy ma'nolar grammatik ma'no deyiladi. Tabiiyki, har bir mustaqil so`zda ikki xil ma'no - leksik va grammatik ma'no o`zaro bog`langan holda birgalikda ifodalanadi. Jumladan, qo`shiqchi, o`yinchi, dutorchi kabi so`zlarning har birida moddiy leksik ma'no qo`shiq aytish, o`ynash va dutor chertish bilan shug`ullanuvchi shaxs ma'nosi hamda grammatik ma'no hisoblanmish birlik son, bosh kelishik ma'nolari birgalikda ifodalanadi.
Grammatik ma'no, odatda, mavhum tushunchadan iborat bo`lib, shu xildagi boshqa tushunchalar bilan birga so`zning leksik ma'nosiga qo`shimcha tarzda ifodalanadi, gap qurilishi sistemasida so`zning vazifasi va o`rnini belgilaydi. Masalan, kelishik shakllari otning boshqa so`zlar bilan sintaktik aloqasini ko`rsatadi, uning gapda ega, to`ldiruvchi, aniqlovchi, hol vazifalarida kelishini ta'minlaydi.
Grammatik ma'nolar o`z xususiyatiga qarab ikkiga bo`linadi: 1. Kategorial grammatik ma'no. 2. Xususiy grammatik ma'no.
1. So`zning kategorial grammatik ma'nosi ma'lum so`z turkumlari uchun xos umumiy grammatik ma'nolardan iborat. Masalan, otning "predmetlik" ma'nosini bildirishi, sifatning "belgi" ma'nosini, fe'lning "harakat" ma'nosini anglatishi shu so`zlarga xos kategorial grammatik ma'nolar sirasiga kiradi.
2. So`zning xususiy grammatik ma'nosi aniq bir so`z turkumi uchun xos bo`lib, maxsus vositalar orqali ifodalanadi. Masalan, otlarga xos egalik, grammatik son, kelishik ma'nolari, fe'llarga xos shaxs-son, zamon, mayl, nisbat-daraja ma'nolarining har qaysisi xususiy grammatik ma'nolar toifasiga kiradi.
O`zbek tilida grammatik ma'no quyidagi usullar bilan ifodalanadi.
1. Asosga grammatik ma'no bildiruvchi affiksni qo`shish bilan: yozdim, yozding, yozgansan kabi.
2. Yordamchi so`zlarni keltirish bilan: mashina bilan keldim, dadam uchun oldim.
3. Ohang orqali: gapni turlicha ohang bilan aytish orqali ham grammatik ma'no ifodalanadi: Dadam keldi! Dadam keldi. Dadam keldi?
4. So`zlarni takrorlash ham grammatik ma'no ifodalashning muhim vositalaridan biri bo`lib xizmat qiladi: U bitta-bitta qadam bosib, ko`zdan g`oyib bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |