Pedagogik faoliyat bu mazmunini oʻquvchilarni oʻqitish, tarbiyalash, rivojlantirish tashkil qilgan faoliyatdir.
Shuni yodda tutish kerakki, pedagogik faoliyat bu bir tomonlama emas, balki ikki tomonlama (hamkorlikdagi) faoliyatdir. Unda ikkita faol tomon ishtirok etadi: oʻqituvchi – oʻquvchi (oʻquvchi). Maqsad – oʻquvchi, oʻquvchi shaxsi, uning rivojlanishidir.
Mohir pedagog deb ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkillay oladigan, buning uchun oʻquvchi psixologiyasini yaxshi bilgan, oʻzida pedagog uchun zarur boʻlgan kasbiy fazilatlarni mujassam etgan, ta’lim jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar qonuniyatlari asosida samarali tashkillay oladigan va olib boradigan pedagogga ayta olamiz (shu sababli pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat fanlari bir oʻquv faniga birlashtirilgandir).
Mahorat faoliyatda namoyon boʻladi. Pedagogika fanida “pedagogik mahorat” tushunchasining turli ta’riflari mavjud:
“Pedagogik mahorat pedagogik faoliyatning yuqori darajasi boʻlib, u pedagogning belgilangan vaqt ichida optimal natijalarga erisha olishida namoyon boʻladi” (N.V.Kuzmina, N.V.Kuxaryov);
“Oʻqituvchining ilmiy bilimlari, koʻnikmalari, metodik san’ati va shaxsiy fazilatlari sintezi” (A.I.Sherbakov);
“Pedagogik faoliyatni egallanganlikning yuqori darajasi, ixtisoslikka doir bilim, koʻnikma va malakalar hamda kasbiy ahamiyatli sifatlar majmui” (Pedagogik lugʻat);
“Kasbiy faoliyatning yuqori darajada tashkillanishini ta’minlovchi shaxs xususiyatlari kompleksi (oʻqituvchi faoliyatining gumanistik yoʻnaltirilgani, kasbiy bilimlari, kasbiy qobiliyatlari va pedagogik texnikasi” (I.A.Zyazyun);
“Pedagogik mahorat deganda, oʻqituvchining pedagogik-psixologik bilimlarni, kasbiy malaka va koʻnikmalarni mukammal egallashi, oʻz kasbiga qiziqishi, rivojlangan pedagogik fikrlashi va intuitsiyasi, hayotga axloqiy-estetik munosabatda boʻlishi, oʻz fikr-mulohazasiga ishonchi va qat’iy irodasi tushuniladi” (I.P. Rachenko).
“Pedagogik mahorat – pedagogik jarayonni bilish, uni tashkil eta olish, harakatga keltira olish, pedagogik jarayonning yuqori samaradorligini belgilovchi shaxsning ish sifati va xususiyatlari sintezi” (N.N.Azizxoʻjaeva);
“Pedagogik mahorat – oʻqituvchilarning shaxsiy (bolajonligi, xayrixohligi, insonparvarligi, mehribonligi va h.k.) va kasbiy (bilimdonligi, zukkoligi, fidoyiligi, ijodkorligi, qobiliyati va hokazo.) fazilatlarini belgilovchi xususiyat boʻlib, oʻqituvchilarning ta’lim-tarbiyaviy faoliyatida yuqori darajaga erishishini, kasbiy mahoratini doimiy takomillashtirib borish imkoniyatini ta’minlovchi faoliyatdir” (A.Holiqov);
Pedagogik mahorat – bu oʻquv jarayonining barcha shakllarini eng qulay va samarali holatda tashkil etish, ularni shaxs kamoloti maqsadlari tomon yoʻnaltirish, talabalarda (oʻquvchilarda) dunyoqarash, qobiliyatni shakllantirish, ularda jamiyat uchun zarur boʻlgan faoliyatga moyillik uygʻotishdir.
“Pedagogik ensiklopediya”da pedagogik mahoratga ta’rif quyidagicha izohlangan: “O‘z kasbining mohir ustasi bo’lgan, yuksak darajada madaniyatli, o‘z fanini chuqur biladigan, yondash fanlar sohalarini yaxshi tahlil eta oladigan, tarbiyalash va o‘qitish uslubiyatini mukammal egallagan mutaxassis”. Ushbu ta’rifning mohiyatidan kelib chiqib o‘qituvchining pedagogik mahorati tushunchasi mazmunini shunday izohlash mumkin:
1. Madaniyatning yuqori darajasi, bilimdonlik va aql-zakovatning yuksak ko‘rsatkichi.
2. O‘z faniga doir bilimlarning mukammal sohibi.
3. Pedagogika va psixologiya kabi fanlar sohasidagi bilimlarni puxta egallaganligi, ulardan kasbiy faoliyatida foydalana olishi.
4. O‘quv-tarbiyaviy ishlar metodikasini mukammal bilishi.
Pedagogik mahorat deganda pedagogik faoliyat yuritishda murabbiyning qobiliyatlarini oliy darajada namoyon etishi, butun borligʻini ta’lim-tarbiyaga yoʻnaltirish tushiniladi. Pedagogik mahorat uzoq vaqt davomida oʻqish-oʻrganish, mashq qilish, tajribalar asosida hosil qilinadi. Pedagogik mahoratning boshqa kasb mahoratlaridan farqi shundaki, u bir qancha qirralarga boʻlinadi.
Har bir o’qituvchi shaxsining pedagogik yoʻnalishi turlicha, koʻp qirrali. Uning qadriy yoʻnalishini:
1) oʻz-oʻzida bilimdon, talabchan, haqiqiy oʻqituvchini koʻrishga;
2) pedagogik ta’sir etish vositalariga (oʻquv materiali va hakozo) egaligi;
3) oʻquvchiga, bolalar jamoasiga;
4) pedagogik faoliyat maqsadiga – faoliyat obyekti, vositalarini - oʻzgartirishga qaratilgan boʻlishi mumkin, ya’ni gumanistik strategiya.
Har qanday faoliyat kabi pedagogik faoliyat ham oʻz ichiga oʻziga xos xususiyatlar bilan farq qiluvchi quyidagi komponentlar (tarkibiy qismlar) ni oladi: maqsad, vosita, obyekt, subyekt.
Eng avvalo pedagogik faoliyatning maqsadi o’ziga xos xususiyatga ega.
1. Oʻqituvchi ishining maqsadi jamiyat tomonidan belgilanadi, ya’ni oʻqituvchi erkin holda oʻz mehnatining natijasini tanlamaydi, uning harakatlari oʻquvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirishga qaratilmogʻi lozim.
2. Oʻqituvchining faoliyati har doim boshqalarni boshqarish faoliyatidir.
3. Boshqa kishi faoliyati (ta’lim-tarbiya)ni boshqarish shuning uchun ham murakkabki, pedagogning maqsadi tarbiyalanuvchining kelajagini ifodalaydi. Xususan, Xopkins Xarvis Singletom Wattsning fikriga ko‘ra yuksak darajadagi o‘qituvchining repertuaridan o‘qitish va o‘rgatishning turli modellari strategiyalari va to‘g‘ri yo‘nalish berish usullari joy olgan bo‘ladi. Asosiy maqsad ta’lim berishga qaratilgan bo‘ladi. O‘qituvchi o‘quvchilar o‘rtasida to‘g‘ri munosabat o‘rnatadi yangi yo‘nalishlar yaratadi va darsga qiziqtiradi.
Pedagogik mehnatning obyekti – inson, shakllanayotgan shaxs ma’naviy dunyosining nozik tomonlari – aql, hissiyot, iroda, e’tiqod, oʻz-oʻzini anglash kabilar.
Subyekt – tarbiyalanuvchiga ta’sir etuvchilardir, ya’ni pedagog, ota-onalar, jamoa tarbiyalanuvchiga ta’sir koʻrsatuvchi asosiy qurol – oʻqituvchi shaxsi, uning bilim va koʻnikmalaridir.
Tarbiyaning asosiy vositalari – bu tarbiyalanuvchilar ishtirok etadigan har xil faoliyat turlaridir: mehnat, muloqot, oʻyin, oʻqish, badiiy-estetik va boshqa faoliyatlar.
Yuqorida aytib oʻtilganidek pedagogik faoliyatning asosiy komponentlari bu maqsad, subyekt, vositalardir. Pedagogning vazifasi bu elementlarni boshqarishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |