Jamoatchilik muhokamasi. Jamoatchilik muhokamasi ijtimoiy ahamiyatga molik bo’lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning loyihalari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qaror, buyruq va farmoyishlari, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik bo’lgan boshqa hujjat va materiallarni tahlil qilishga bag’ishlanadi. Amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bo’yicha jamoatchilik muhokamasi ularga o’zgarishlar kiritish, yoki ularni yangi tahrirda qabul qilish zarur bo’lgan hollarda jamoatchilik fikri hisobga olinishini ta’minlash maqsadida o’tkaziladi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda qabul qilinadigan qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o’tkazish odat tusiga kirdi. Milliy ong va milliy ma’naviyatning tiklanishi va rivojlanishi natijasida qonunlardan tashqari, ijtimoiy ahamiyatga molik bo’lgan boshqa hodisalarni muhokama qilish ham ijtimoiy amaliyotda mustahkam o’rin egallay boshladi.
Oliy Majlis fuqarolarning vakillik organi sifatida mamlakat hayotida muhim rol o’ynaydi. Shunday bo’lsa ham, Qonunchilik Palatasi hamda Senat a’zolari qonunlarning sifatli bo’lishi hamdaijtimoiy hayotda o’z o’rnini egallashini ta’minlash uchun, ularning loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o’tkazishga ehtiyoj sezadilar. Bundan tashqari, qonunlar legitimlikka ega bo’lishi uchun, keng xalq ommasini ularning muhokamasiga jalb qilish zarur bo’ladi.
Qonunlarning loyihalari bo’yicha loyiha mavzusi bo’yicha mutaxassis bo’lgan ekspertlar jalb qilinadi. Ayni paytda, qonunlarni qabul qilishda ekspertlardan tashqari, turli maqsadli guruhlarga murojaat qilish ham zarur bo’ladi. Bunday maqsadli guruhlarga mazkur qonunning qabul qilinishidan manfaatdor bo’lgan tomonlarni kiritish mumkin. Masalan, chorvachilikni rivojlantirishga oid qonun qabul qilinmoqchi bo’lsa, uning loyihasi muhokamasiga, birinchi navbatda, chorvadorlarning vakillari jalb qilinishi kerak. Bundan tashqari, chorva hayvonlariga em-xashak etkazib beruvchi dehqonlar, omuxta em etkazib beruvchi sanoat vaklillarini ham jalb qilish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, chorvachilik mahsulotlarini iste’mol qiluvchi keng xalq ommasi vakillari ham ishtirok etishi shart bo’ladi. Mana shu bir qonun loyihasini muhokama qilishga jalb qilinganlar orasida bir necha maqsadli guruh vakillarini ko’rish mumkin. Sanab o’tilgan guruhlardan tashqari, qonun loyihasini muhokama qilishga mamlakatimizdagi ijroiya va qonun chiqarish organlarining, shuningdek, mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarining vakillarini ham jalb etish maqsadga muvofiq. Bulardan tashqari, qonun loyihasini muhokama qilishda fuqarolik jamiyatlari institutlari (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, yoshlar tashkilotlarining vakillari ham) ishtirok etishi zarur bo’ladi. Sanab o’tilganlardan tashqari, mamlakatdagi har bir fuqaro qonun muhokamasida ishtirok etishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi o’z mohiyatiga ko’ra, ijtimoiy-siyosiy jarayon bo’lib, davlat boshqaruvida siyosiy qadriyatlarni, ya’ni fuqarolarning siyosatni ishlab chiqishdagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bo’ladi. Davlat boshqaruvi uchun siyosiy qadriyatlardan tashqari, huquqiy qadriyatlar ham xos bo’lib, ular siyosiy qarorlar qabul qilish chegaralarini belgilab beradi, alohida fuqarolarning va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlarini himoya qiladi. Qarorlar qabul qilishda siyosiy va huquqiy qadriyatlardan tashqari, boshqaruv qadriyatlari ham mavjud bo’lib, ular qonunlarni amalga tadbiq qilish jarayonida namoyon bo’ladi. Huquqiy qadriyatlar jumlasiga huquqning ustuvorligi, tenglik kabilar kirsa, boshqaruv qadriyatlariga boshqaruv organlari faoliyatining samaradorligi, optimalligi kabilarni kiritish mumkin.
Jamoatchilik muhokamasini o’tkazishda ishtirokchilar oldindan ro’yxatdan o’tishlari, xulq-atvor qoidalariga hamda jamoatchilik muhokamasini o’tkazish reglamentiga amal qilishlari shart.
Muhokama qilinayotgan loyihani ko’rib chiqayotgan davlat hokimiyati organi yoki mahalliy o’zini-o’zi boshqarish organi jamoatchilik muhokamasi tashkilotchisini mazkur tavsiyalarni ko’rib chiqish muddati va tartibi to’g’risida oldindan xabardor qilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |