Xordasi va muskullari. Lansetnik xordasi tanasining orqa tomoni bo'ylab o'tgan pishiq o'qdan iborat. Xorda tig'iz joylashgan maxsus hujayralardan iborat bo'lib, ichki organlar uchun ta-yanch vazifasini o'taydi; tanani egiluvchan qilib turadi. Lansetnik va unga o'xshash tuban tuzilgan xordalilarning xordasi butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Bosh miyasi va bosh skeleti bo'lmaydi. Shuning uchun lansetniklar bosh skeletsiz xordalilar kenja tipiga kiradi.
Lansetnikning muskullari ikki yon tomonida tana bo'ylab uzun tasma shaklida joylashgan. Lansetnik juda oddiy harakatlanadi: ta-nasini u yoki bu yoniga egib suzib yuradi yoki qumni yorib ki-rib oladi.
Hazm qilish sistemasi.Og'iz teshigi maxsus chuqurcha — og'iz oldi voronkasida joylashgan bo'lib, paypaslagichlar bilan o'ralgan. Paypaslagichlarning harakati tufayli suv og'iz teshigiga haydaladi. Juda mayda plankton organizmlar suv oqimi bilan og'iz orqali halqumga o'tadi va uning devoriga ilashib qoladi. Oziq luqmalari halqumdan ichakka tushib hazm bo'ladi. Suv esa halqum devoridagi jabra teshiklari orqali chiqib ketadi. Hazm bo'lmagan oziq qoldiqlari dum suzgich ostida joylashgan orqa chiqarish teshigi orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.
Nafas olish organlari.Lansetnik halqumi ikki yoni bo'ylab juda ko'p tirqishsimon jabra teshiklari joylashgan. Jabra teshiklari-ni tashqi tomondan qoplab turadigan teri burmalari jabraoldi bo'shlig'ini hosil qiladi. Jabra teshiklari devori juda ko'p mayda qon tomirlari — kapillyarlar bilan qoplangan. Kapillyarlar de-vorida qon bilan suv o'rtasida gaz almashinuvi sodir bo'ladi. Teri burmalari jabralarga qum kirishiga yo'l qo'ymaydi.
Qon aylanish sistemasihamma xordalilarniki singari yopiq bo'ladi. Lekin qon yagona qon aylanish sistemasi bo'ylab harakatlanadi. Asosiy qon tomirlari qorin va orqa aortalardan iborat. Kar-bonat angidrid bilan to'yingan qon qorin qon aortasi orqali ol-dinga, jabra kapillyarlariga oqadi. Jabralarda qon karbonat angidridni suvga berib, kislorod bilan to'yinadi va orqa aortaga chiqadi. Bu tomirdan qon kichikroq tomirlar orqali tanaga tarqaladi. To'qi-malarda karbonat angidrid bilan to'yingan qon qorin aortasiga oqib keladi. Lansetnikning yuragi bo'lmaydi. Yirik tomirlar devorining qisqarishi tufayli tomirlarda qon oqib turadi.
Ayirish organlari. Lansetnikning ayirish organlari halqali chuvalchanglarnikiga o'xshash tuzilgan naychalardan iborat. Naychalar halqum bo'ylab joylashgan jabraoldi bo'shlig'iga ochiladi.
Nerv sistemasi xorda ustida joylashgan, tana bo'ylab ketgan nerv nayidan iborat. Nerv nayidan ichki organlar va tana sirtiga juda ko'p nervlar tarqaladi. Sezgi organlari kuchsiz rivojlangan. Teri ostida nerv nayi bo'ylab bir tekis joylashgan yorug'lik se-zuvchi hujayralar ko'rish vazifasini bajaradi. Bu hujayralar faqat yorug'likni sezadi. Bezovta bo'lib qumdan chiqqan lanset-nik yorug'dan qochib, tezroq qumga ko'milib oladi. Teri sirtida joylashgan nerv hujayralari kimyoviy va mexanik ta'sirlarni sezadi.
Lansetnikning umurtqasiz hayvonlarga o'xshashligi. Lansetnik-ni rus olimi akademik A.O. Kovalevskiy kashf qilgan. Lansetnik tuzilishining ko'p belgilari xordasining bo'lishi, nerv sistema-sining naysimon bo'lib, tanasi orqa tomonida joylashganligi bilan xordali hayvonlarga o'xshaydi. Shuning bilan birga ayirish sistemasi va muskullarining tuzilishi, yuragi va bosh miyasining bo'lmasligi bilan haqiqiy xordalilardan farq qiladi. Lansetnikning tuzilishini o'rganish orqali hamma xordali hayvonlarning kelib chiqishini tushunib olish mumkin.
Xordalilarning umumiy tavsifi. Xordalilarning tana bo'ylab o'tadigan o'q skeleti — xordasi bo'ladi. Xordalilarga 43 000 ga yaqin tur kiradi. Ular bosh skeletsizlar va bosh skeletlilar, ya'ni umurtqalilar kenja tiplariga ajratiladi. Bosh skeletsizlarning bosh miyasi va bosh skeleti rivojlanmagan, skeleti xordadan iborat. Xorda hayoti davomida saqlanib qoladi. Bu kenja tipga lansetniklar sinfi kiradi.
Bosh skeletlilarning markaziy nerv sistemasi bosh miya va orqa miyadan, skeleti tog'ay yoki suyakdan iborat; xorda faqat embrional rivojlanish davrida bo'ladi. Ularga tog'ayli va suyakli baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchilar kiradi.